O‘zbekiston | 18:40 / 13.11.2019
13923
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri o‘rinbosari: «Umuman uzilish bo‘lmaydi desam, eng katta yolg‘onchi bo‘laman»

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev To‘raqo‘rg‘on IES qurilishi munosabati bilan elektr ta'minoti o‘tgan yilgiga nisbatan yaxshilangani haqida ma'lum qildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Shu paytgacha ta'minot jihatdan eng muammoli hudud Farg‘ona vodiysi hisoblanardi. Sababi ma'lum, aholi juda zich, ishlab chiqarish yuqori, hududdagi quvvat kam. Ammo To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektrostansiyasi ishga tushirilishi bilan vaziyat o‘zgardi. Bu nimada namoyon bo‘ladi – mana bugun ertalab kechagi kun monitoringini kuzatdik. Butun respublika bo‘yicha 2018 yil 12 noyabrga nisbatan o‘sish 6,2 foizni tashkil etgan. Farg‘ona vodiysida esa bir kunlik ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu paytiga nisbatan 15 foizga oshgan.

Agar men hamma joyda «umuman uzilish bo‘lmaydi» desam, eng katta yolg‘onchi bo‘laman. Qaysidir hududga nisbatan alohida cheklov, tabaqalashtirish yo‘q, lekin texnik uzilishlar bo‘lish ehtimoli bor», deya uning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi energetika Vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi qaror ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida statistik ma'lumotlar keltirildi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 14ta hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va 209ta tuman va shahar elektr ta'minoti korxonalari tomonidan 35-110 kV kuchlanishli 1623ta nimstansiya orqali uzatiladigan elektr energiya keyinchalik 79122ta transformator punktlariga va 252,6 ming km uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari orqali O‘zbekiston Respublikasining maishiy va yuridik iste'molchilariga yetkazib beriladi.

2019 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyadan foydalanuvchilarning umumiy soni:

‑ yuridik iste'molchilar – 303,9 ming kishi,

‑ maishiy iste'molchilar (aholi) – 6,601 mln kishi.

Joriy yilda 7 157,4 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 2 590 ta transformator punktlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. «Obod qishloq» Dasturi doirasida 2019 yilda 481ta qishloqda 2339,2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 844 dona transformator punktlarini mukammal ta'mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, dastur doirasida elektr uzatish tarmoqlarida 2200,2 km va transformator punktlari bo‘yicha 709ta mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

«Obod mahalla» dasturi doirasida joriy yilda 115ta mahallada 151,6 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 236 dona transformator punktlarini mukammal ta'mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib hozirgacha elektr uzatish tarmoqlarida 223,6 km va transformator punktlari bo‘yicha 82ta mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Mavzuga oid