O‘zbekiston | 08:34 / 21.11.2019
12651
4 daqiqa o‘qiladi

DSQ foyda solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan va undirilgan soliqlar sababini ma'lum qildi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasi so‘nggi kunlarda foyda solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan va undirilgan soliqlar yuzasidan soliq to‘lovchilar yo‘llagan e'tirozlarini o‘rganib chiqdi.

DSQ matbuot xizmatiga ko‘ra, ayrim hududiy davlat soliq inspeksiyalarining mansabdor shaxslari tomonidan tovar aylanmasini yoki foydani kamaytirib ko‘rsatishga hech qanday asosi bo‘lmagan soliq to‘lovchilarning III chorak foyda solig‘i hisobotiga nisbatan IV chorak uchun kam foyda solig‘i hisoblanganligi to‘g‘risidagi murojaatnomalar yuborilgan.

Unda soliq to‘lovchilarga aniqlangan tafovutlarni qayta ko‘rib chiqib, o‘ziga qulay va ma'qul bo‘lgan vaqtda o‘zaro muhokama qilish uchun davlat soliq inspeksiyasiga tashrif buyurgan holda tushuntirish berilishi ma'lum qilingan.

Davlat soliq inspeksiyasining murojaatiga tushuntirish bermagan, tafovutga aniqlik kiritmagan ayrim soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha soliq hisoblab, undirib olingan.

Soliq kodeksining 164-moddasiga asosan hisobot davri mobaynida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i joriy to‘lovlarni kiritish orqali to‘lanadi va joriy hisobot davri uchun taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan hamda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblanadi.

Taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan foyda solig‘i summasi hisobot davri uchun budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i summasiga nisbatan 10 foizdan ko‘proq kamaytirilgan taqdirda, haqiqiy summasidan kelib chiqib penya hisoblanishi nazarda tutilgan.

Bugungi kunda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lovchilari soni 44 mingtani tashkil etmoqda va ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 6 barobarga ko‘paydi (2018 yilda 7 mingta bo‘lgan). Ular tomonidan foyda solig‘i Soliq kodeksida belgilangan tartibda to‘lab kelinmoqda.

Biroq, ayrim soliq to‘lovchilar soliqlardan qochish (yoki kam to‘lash) maqsadida soliq solinadigan foydani sun'iy ravishda kamaytirib ko‘rsatishga urinayotgani aytiladi.

Misol uchun, “Saroy mulki” korxonasi (korxona nomi o‘zgartirilgan) 2019 yil 9 oyi davomida 43,3 mlrd. so‘m, shundan iyul-sentabr oylarida 9,6 mlrd. so‘m realizatsiyani amalga oshirgan. 2019 yil III chorak joriy to‘lov (avans) uchun taqdim etgan ma'lumotnomasiga asosan 90,0 mln. so‘m foyda solig‘i hisoblagan.

Korxona tomonidan joriy yil II choragi uchun 799,2 mln. so‘m foyda solig‘i hisoblangan, ya'ni III chorak uchun o‘rtacha 709,2 mln. so‘mga (799,2-90,0) kamaytirib ma'lumotnoma taqdim etilgan.

Agar joriy to‘lov bo‘yicha aniqlashtirilgan ma'lumotnoma taqdim qilinmay, III chorak yakuni bo‘yicha oktabr oyida berilgan hisobotda 709,2 mln. so‘mga qo‘shimcha soliq hisoblansa, ushbu summaning iyul, avgust va sentabr oylari uchun penya to‘lanishi kerak.

Davlat soliq xizmati organlari soliq to‘lovchilardan kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan javobgarlik choralarining oldini olish va penyalardan saqlanish maqsadida hisobotlarni to‘g‘ri to‘ldirish, xatoliklarni zudlik bilan bartaraf etish hamda soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab borishni so‘ragan.

Mavzuga oid