Jamiyat | 17:10 / 28.11.2019
4300
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar 28 ming dona psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tarkibida psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz’ga Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma'lum qildi.

«Bugungi kunda tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori-darmon vositalarining respublikamiz hududiga yashirin yo‘llar bilan olib kirilishiga qarshi kurashishda bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tarkibida psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida fuqaro M.G. chegara hududidan yo‘lovchi taksi orqali berib yuborilgan 2 dona qutiga solingan dori vositalarini kutib turgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Qutilarda umumiy qiymati 300 million so‘mlik 28 ming dona kuchli ta'sir qiluvchi psixotrop dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid