O‘zbekiston | 21:20 / 29.11.2019
15229
2 daqiqa o‘qiladi

Profilaktika inspektorlarining 55 foizida kishan yo‘qligi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekistondagi profilaktika inspektorlarining 45 foizida kishan bor. Bu haqda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev 29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi oldidan parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qildi.

Baxtiyor Berdialiyev

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev biriktirilgan hududida jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilganda, jamoatchilik tartibi buzilganda, profilaktika inspektorlari jinoyatchi, huquqbuzar va tartibbuzarlarni kishansiz qanday qo‘lga olishini so‘roq ostiga oldi.

«Kishani bo‘lmasa, jinoyatchilarni qanday qo‘lga oladi? Tartibbuzarni qanday qilib tinchitadi? Nima, kamari bilan bog‘lab qo‘yadimi?

Xizmat uylari o‘rniga profilaktika inspektorlariga yaxshi bir xizmat xonasi qilib berish kerak edi. Senatda ishlayotganimga besh yil bo‘lgan bo‘lsa, besh yildan beri shu haqda aytib kelaman. «Uchastkovoy»larning xonasida agressiv huquqbuzar va tartibbuzarlarni hech bo‘lmasa 5-6 soat ushlab turadigan panjarali joy bo‘lishi kerak. To tuman IIBdagilar yetib kelguncha.

Kishani bo‘lmasa, jinoyatchini ushlaganda ma'lum vaqt tutib turadigan joyi bo‘lmasa, ular qanday qilib zimmasidagi vazifasini bajaradi?», deya Farrux Dadaxo‘jayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita raisi yig‘ilishda profilaktika inspektorlarini tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yilmagani, IIV tasarrufidagi O‘zbekistonning 14ta hududida faoliyat yuritayotgan litseylarni bitirgan yoshlar profilaktika inspektorlariga yordamchi bo‘lib borishi rejalashtirilgani, biroq bu masala ham o‘lda-jo‘lda qolib ketgani, bu masalaga zudlik bilan yechim topish kerakligini ta'kidladi.

Mavzuga oid