Jamiyat | 16:40 / 03.12.2019
104971
4 daqiqa o‘qiladi

Kirish imtihonida chet tilidan maksimal ball olish uchun qaysi darajaga ega bo‘lish kerak?

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, fanlar majmuasiga chet tili kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga B2 va undan yuqori daraja talab etiladi.

Agar abituriyent V2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lsa, unga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.

2019/2020 o‘quv yilida chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari uchun DTM tomonidan berilgan chet tilini bilish to‘g‘risidagi sertifikat (milliy sertifikat) yoki IELTS (5.5), TOEFL IBT (72 ball) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha V2 va undan yuqori til bilish darajasi talab qilingan.

Chet tili asosiy fan bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlari uchun esa mos ravishda IELTS imtihonidan 4.5, TOEFL IBT’dan 42 ball, SEFR imtihonidan V1 va undan yuqori daraja so‘ralgan.

Biroq 2020/2021 yilgi kirish imtihonlarida bu tartib biroz o‘zgardi.

Davlat rahbarining 2019 yil 13 maydagi «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilishi chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, test sinovlari majmuasiga chet tili kiritilgan barcha bakalavriat yo‘nalishlari uchun til darajasi bir xil etib belgilangan.

Bunda barcha bakalavriat yo‘nalishlariga ingliz tili uchun milliy sertifikat yoki IELTS (5.5), TOEFL IBT (72), Cambridge Assessment English FCE uchun V2 va undan yuqori daraja talab etiladi.

Lekin istisnoli holat shundaki, 2019 yilga qadar DTM tomonidan berilgan milliy sertifikatning amal qilish muddati ushbu sertifikatning amal qilish muddati davrida saqlab qolinishi ham qarorda ko‘zda tutilgan.

Bu degani V1 darajadagi 2019 yilga qadar DTM tomonidan berilgan milliy sertifikat (amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa) ham abituriyentga kirish imtihonida imtiyoz berishi mumkin.

DTM matbuot xizmati xodimi Jamshidbek Odilovning ta’kidlashicha, bu istisno xalqaro sertifikatlarga nisbatan qo‘llanmaydi. Chunki xalqaro sertifikatlar ilk marta 2019 yildan milliy OTMga kirish uchun imtiyoz sifatida tan olindi. Shuning uchun 2019 yildan oldin olingan B1 darajadagi xalqaro sertifikatlarning imtiyozi 2020/2021 o‘quv yili uchun imtihonda abituriyentga maksimal ball bermaydi.

Demak, bundan buyog‘iga birinchi yoki ikkinchi fan ekanidan qat’i nazar chet tilidan imtiyoz olish uchun harakat qilib IELTS imtihonini topshirmoqchi bo‘lganlar 5.5, TOEFL’dan esa 72 ball, SEFR’dan B2 daraja va undan yuqori olish uchun harakat qilishlari zarur.

«Agar bolada savollar varaqasidagi testni ishlashdan ko‘ra bilimim kuchliroq, o‘zimni sinab ko‘raman, degan xohishda bo‘lsa va chet tili bo‘yicha sertifikat uchun imtihon topshirib, oldindan imtiyozga ega bo‘lsa, unga chet tilidan maksimal ball beriladi.

Agar bu imtiyozdan foydalanmasa ham, bu – uning o‘z xohishi. Kirish imtihonida V1 darajadagi 30ta test topshirig‘ini bajaradi va bilimiga mos balga ega bo‘ladi», - deya ushbu tizimga izoh berdi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Sevara Zuparxodjayeva.

Ma’lumot uchun, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti 2019 yildan oldingi V1 sertifikatlarini (amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa ham), Toshkent davlat yuridik universiteti esa writing (yozish) ko‘nikmasi 5.5 balldan past IELTS sertifikatlarini qabul qilmaydi.

Mavzuga oid