O‘zbekiston | 14:10 / 04.12.2019
23677
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta terish mashinalari xorijnikidan ikki barobar arzon, terim sifati ham yaxshi – Nodir Otajonov

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta terish mashinalari xorijnikidan ikki barobar arzon, terim sifati ham ularnikidan kam emas. Qolaversa, O‘zbekistonning paxta terish mashinalari traktorning ustiga agregatlangani uchun traktor alohida ajratilib, paxta mavsumidan boshqa vaqtlarda ham xizmat qiladi. Bu haqda Bosh vazir maslahatchisi  - «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Nodir Otajonov Kun.uz’muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi axborot xizmati

«Xorijda ishlab chiqarilgan 4 qatorli zamonaviy paxta terish mashinalariga nisbatan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar qariyb ikki barobarga arzon va terim sifati ularnikidan kam emas. Mana, o‘tgan yili 4 qatorli bitta «John Deere» paxta terish mashinasining narxi 5 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ikki qatorli mashinalar 1 mlrd 300 mln so‘m, 4 qatorlisi 2 mlrd 600 mln so‘m. Qariyb ikki barobar arzon.

Yana bir muhim jihati, «John Deere» mashinasi 1-2 oy paxta tergandan keyin qolgan 10 oy davomida, ya'ni keyingi terimgacha ishlatilmaydi, uni shunchaki saqlab turish kerak bo‘ladi. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan paxta terish mashinalari esa traktorning ustiga agregatlangani uchun traktor alohida ajralib, paxta mavsumidan boshqa vaqtlarda ham xizmat qiladi», deydi Nodir Otajonov.

Uning aytishicha, «O‘zagrotexsanoatxolding» kompaniyasi klaster vakillarining fikrlarini inobatga olgan holda texnikaning sifatini yaxshilash, uni yangi agrotexnik talablarga, yangi ekish sxemalariga moslashtirish ustida izlanmoqda.

«Paxtachilikda 76 sm oraliqda ekilishi o‘zining samarasini ko‘rsatyapti. Endi bu yerda texnikaning kompleksi o‘zgaradi. Bunga tayyor bo‘lishimiz kerak. Mavsumga talab qilingan texnikalarni yetkazib berishimiz kerak. Shu bilan birga, texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar bilan ta'minlashni yo‘lga qo‘yib berishimiz kerak», degan Nodir Otajonov.

Rejaga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda mingdan ziyod terim mashinasi ishlab chiqarilishi kerak. 3 dekabr kuni Poytaxt biznes markazida bo‘lib o‘tgan «Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari va klasterlarining 2020 yilda amalga oshiriladigan ustuvor loyihalari» mavzusidagi amaliy seminarda ushbu terim mashinalarining namunalari namoyish etildi.

«Paxta terimini mexanizatsiyalash bo‘yicha davlat rahbari tomonidan aniq vazifalar oldimizga qo‘yilgan. Kelgusi yilda 1000tadan ortiq hajmda paxta terish mashinasini ishlab chiqaramiz. Bu mashinalar paxtani toza terishi, samaradorligi, fermerlarning talabiga to‘liq mos kelishi bilan bozorda o‘z o‘rnini topdi. Mashinalarimizning narxiyam, sifatiyam raqobatbardosh. Biz konstruktiv o‘zgartirishlar kiritgan holda ularning mahsuldorligini oshirib boramiz. Servis xizmati, mexanizatorlarni avvaldan o‘qitish, dalalarni ekinga tayyorlash oldimizda turgan muhim vazifalar bo‘lib, ularning ijrosiga hozirdan kirishganmiz», – deydi Nodir Otajonov.

Avvalroq Nodir Otajonov 2020 yildan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida paxtani mashinada terish hajmini 50 foizga, kelgusi yillarda esa 80 foizga ko‘tarish rejalashtirilganini ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid