Jamiyat | 13:24 / 09.12.2019
31007
9 daqiqa o‘qiladi

Urgut yo‘lsozlaridan «innovatsion g‘oya»: respublika ahamiyatidagi yo‘lni shag‘al bilan ham ta'mirlash mumkin

Urgut yo‘lsozlari yangi «innovatsion g‘oya»ni o‘zlashtirishibdi. O‘zi shundoq ham asfalti yo‘q bo‘lib ketib, shag‘ali chiqib qolgan respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘lni, yana qayta shag‘al bilan tekislab chiqishyapti.

Urgut tumani Ispanza qishlog‘i aholisi respublika ahamiyatidagi «Urgut – Bulung‘ur» yo‘lining shu qishloqning uchta mahallasi, shuningdek, Urgut shahri «Yuqori Torinjak» mahallasidan o‘tgan qismi juda ham xarob ahvoldaligidan, yo‘lning ta'mirlanishini so‘rab yozmagan va bormagan joylari qolmagan edi. Ammo hech kim shu yo‘lni ta'mirlab bermayotgani, 2017 yildan so‘ng Urgut yo‘lsozlari yo‘lning bir qismini ta'mirlagani, qolgan qismi respublika ahamiyatiga ega yo‘l maqomiga umuman mos kelmaydigan darajada xarob bo‘lib yotgani haqida murojat tushgan edi.

O‘shanda murojatni o‘rganish uchun borib yo‘lning ahvolini ko‘rganimizda haqiqatan yo‘l holati juda yomon ahvolda edi. Shundan so‘ng Urgut tuman yo‘l idorasiga borib, tegishli mutasaddilardan izoh olgan edik.

Urgut tuman yo‘l idorasi mas'uli, bosh muhandis Ermat Shodiyev «Respublika ahamiyatidagi yo‘llar Moliya vazirligi qoshidagi «Yo‘l jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan ta'mirlanishi, 2019 yilda ta'mirlanishi lozim bo‘lgan yo‘llarning smeta xarajatlarini viloyat yo‘l boshqarmasiga jo‘natilgani, endi Moliya vazirligi qoshidagi «Yo‘l jamg‘armasi» pul ajratsa ushbu yo‘l navbati bilan ta'mirlab berilishi, aks holda bu yo‘l 2019 yilda ham shu holatda qolaverishi va hattoki 2020 yil rejalariga o‘tib ketishi ham mumkinligini ma'lum qilgan edi.

Urgut tuman yo‘l idorasidan nima deyishimizni bilmay chiqib ketgan edik. To‘g‘ri-da, respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘l uchun mablag‘ni Toshkentdan ajratishsa, Urgut yo‘lsozlarining qo‘lidan nima ham kelardi?..

Oradan 6–7 oy vaqt o‘tdi. Yaqinda «Urgut – Bulung‘ur» yo‘li masalasida shu yo‘lning bir qismi o‘tgan «Jayratepa» mahallasi raisi H.Ahmedov yana bizga murojat qildi.

Uning aytishicha, Urgut yo‘lsozlari «mablag‘ yo‘q» deb bahona qilishyapti. Sababi, bahorda «Toshkentdan, Moliya vazirligi qoshidagi «Yo‘l jamg‘armasi» pul ajratsa yo‘llaringni ta'mirlaymiz, aks holda boshqa imkoniyatimiz yo‘q», degan Urgut yo‘lsozlari yozi bilan tumanning boshqa turli hududlaridagi yo‘llarni asfalt qilishgan. Lekin, negadir «Urgut – Bulung‘ur» yo‘lining «Yuqori Torinjak» mahallasi va «Ispanza» qishlog‘ining uchta mahallasi hududidan o‘tgan qismini ta'mirlab berishmagan.

Bu safar shu yo‘lning holatini oxirigacha ko‘rish uchun, ushbu yo‘lning Tojikistonga o‘tuvchi «Jartepa» bojxona maskani joylashgan «Samarqand –Ayniy» xalqaro yo‘ligacha bo‘lgan 22 kilometrli qismini avtomobilda borib ko‘rib keldik. Bekor qilibmiz.

Sababi — «Urgut – Bulung‘ur» yo‘lining nafaqat «Yuqori Torinjak» mahallasi va «Ispanza» qishloqlaridan o‘tgan 5–6 kilometrli uchastkasi, balki uzunligi 22 kilometrni tashkil etuvchi «Urgut – Jartepa» yo‘lining aksariyat qismi juda yomon ahvolga tushib bo‘libdi.

Yana bir qiziq tomoni — bu yo‘lni 2018 yili O‘zLiDePdan Oliy Majlisga deputat etib saylangan Mehriddin Muhammadiyev ham ta'mirlata olmagan ekan.

O‘shanda Ispanza qishlog‘iga aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish maqsadida tashrif buyurgan deputatga qishloq ahli u darrov yo‘lni ta'mirlatib beradiganday shu yo‘l muammosi masalasida ham murojat qilishgan. O‘shanda deputat qatnashgan majlisda hozir bo‘lgan Urgut tuman yo‘l bo‘limi mutasaddisi ushbu yo‘lni 2018 yil oxirigacha ta'mirlab berishni va'da bergan.

Ammo, ne ajabki, ushbu yo‘l hanuz ta'mirlanmadi. Demak, tumanlardagi yo‘l bo‘limlari Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatiga yolg‘on va'dalar berishdan zig‘ircha hayiqishmaydi. Aks holda, bu yo‘l o‘tgan yil kuzda ta'mirlangan bo‘lar edi.

Bu yo‘lning ahamiyati juda katta.

Sababi, bugun Tojikistondan mamlakatimizga kirib kelayotgan mehmonlar va sayyohlar Urgut tumaniga aynan shu yo‘l bilan kirib kelishadi. Shuning uchun ham ushbu yo‘l eng birinchi ta'mirlanishi lozim bo‘lgan yo‘llardan hisoblanadi. Ammo, bugun tumandagi aksar yo‘llar ta'mirlangan holda, ushbu yo‘l juda yomon ahvolda qolmoqda.

Yaqinda mahalla raisi iltimosi bilan shu yo‘lni yana borib ko‘rdik. Urgut yo‘lsozlari asfalti yo‘q bo‘lib ketib, shag‘ali chiqib qolgan o‘sha yo‘lga yana shag‘al to‘kib, uni tekislayotgan ekan.

Bu endi «mana, biz ham qarab turganimiz yo‘q, ishlayapmiz» qabilida qilinayotgan ish bo‘lsa kerak. Ammo, o‘zi shundoq ham shag‘ali chiqib qolgan yo‘lga yana qayta shag‘al to‘kishdan nima naf borligini, ochig‘i, tushunmadik. Agar, maqsad yo‘lni biroz tekislab qo‘yish, deyiladigan bo‘lsa shag‘al bilan tekislangan yo‘l bitta yog‘ingarchilikdan so‘ng yana dabdala bo‘ladi.

Aholi bilan ushbu yo‘l masalasida uzoq suhbatlashdik. Ularning aytishicha, ushbu yo‘l kapital ta'mirlanganiga 20 yildan oshgan. Undan keyin nima qilingan bo‘lsa aholi pul yig‘ib hashar yo‘li bilan yamab turgan, yamashning imkoni bo‘lmagan joylariga ozroq bo‘lsa-da asfalt yotqizishgan, shag‘al to‘kib tekislashgan.

«Ob-havo juda seryog‘in kelgan ba'zi yillarda yo‘l bo‘limiga borib ko‘chaning suv yuvib yuborgan qismlarini yo‘l tekislovchi texnika bilan tekislab berishni so‘raganimizda yo‘l bo‘limidagilar «yoqilg‘imiz yo‘q», deb javob bergan paytlar ham bo‘lgan. Shunda «yoqilg‘ini o‘zimiz quyamiz», deb texnikani olib kelib yoqilg‘isini quyib yo‘l tekislatganmiz. Yo‘lning ahvolini ko‘ryapsiz, kuz-qish-bahor mavsumlarida loy, yozda esa changida turib bo‘lmaydi. Yog‘ingarchilik mavsumida bu yo‘lda yurishning o‘zi azob», — deydi mahalla faollaridan biri.

Aholi vakillari bilan suhbat jarayonida bu yo‘ldan 150 mingga yaqin kishi foydalanishi aytildi.

Voqeani o‘rganish jarayonida bir masala ta'bimizni biroz tirriq qildi: yo‘lning ba'zi joylarida aholi yo‘lga chiqib ketib, turli qo‘shimcha binolar qurib kelavergani uchun yo‘l ancha torayib qolgan.

Buni natijasida aksariyat joylarda piyodalar uchun yo‘lakcha ham yo‘q. Aholi bilan uchrashganda shu masalani ham ko‘tardik. Ularning aytishicha, aholi tomonidan yo‘lni qisqartirib, trotuar egallab olinishiga shu paytgacha hamma tashkilotlar befarq qaragan. Aksariyat hollarda mahalla raislarining odamlarga gapi o‘tmagan. Tegishli tashkilotlar esa indashmagan. Buning oqibatida yo‘l yoqasida yashaydigan ayrim aholi vakillari o‘zboshimchalik bilan piyodalar yo‘lakchasini egallab olavergan.

«Tegishli tashkilotlar kelib piyodalar yo‘lakchasini ochib qo‘ymasa, bu ishga mahalla raislarining kuchi yetmaydi, hozir odamlar yomon bo‘lib ketdi», deyishdi ular.

Urgut tumanining bu qismida yo‘llarni tartibga keltirish uchun fursat yetmadimikan? Aholi esa mahalliy va respublikadagi mutasaddilar 150 ming aholiga xizmat qiladigan yo‘lni ta'mirlash uchun o‘zlarida kuch va mablag‘ topishidan umidvor.

G‘ayrat YO‘LDOSh.

Mavzuga oid