O‘zbekiston | 10:27 / 25.08.2023
15072
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda «Malibu-2» urib yuborgan piyoda halok bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa tasvirlangan video tarqaldi. Unda maksimal tezlik soatiga 60 km bo‘lgan joyda «Malibu-2» juda katta tezlikda harakatlanib kelganini ko‘rish mumkin.

Foto: Urgut tumani hokimligi

Hodisa 2023 yil 20 avgust kuni tungi soat 00:36 lar atrofida Urgut shahri markazidan o‘tuvchi Navoiy shohko‘chasida sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

«Malibu-2» mashinasi Navoiy shohko‘chasining «Bog‘ishamol» MFY hududidan o‘tuvchi qismida harakatlanib kelayotgan vaqtida yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga harakatlanib o‘tayotgan piyodani urib yuborib, YTH sodir etgan.

Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olgan va haydovchi tomonidan zudlik bilan tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan. Biroq tibbiyot xodimlari ko‘rsatgan muolajalariga qaramasdan piyoda vafot etgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan bir necha kun avval Urgut tumani Algar mahallasida ham YTH sodir bo‘lgan va hodisa tuman hokimi ishtirokida muhokama qilingandi. Biroq mazkur YTH haqida mas’ul tashkilotlar tomonidan rasmiy ma’lumot berilmadi.

Mavzuga oid