Iqtisodiyot | 10:20 / 15.12.2019
7562
2 daqiqa o‘qiladi

«Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritildi

«Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali ma'lum qildi.

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish uchun beriladigan arizada qarzdor va kreditorlarga to‘lov qobiliyatini tiklash yoki tugatish tartibotlari qo‘llashni ko‘rsatgan holda murojaat etish huquqi berildi.

Kreditorlar yig‘ilishida kreditorlar tomonidan ovoz berishda guruhlarga bo‘lish va har bir kreditor guruhining ovozlari alohida inobatga olish amaliyoti joriy etildi. Shuningdek, endilikda kelishuv bitimi bankrotlik taomili deb hisoblanmaydi. Qarzdor va kreditorlar iqtisodiy sud tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida kelishuv bitimi tuzishga haqli.

Qonunga ko‘ra, bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish muddati 1 oy etib belgilandi (hozirga qadar bu muddat 2 oy edi).

Shu bilan birga, endilikda sud sanatsiyasi ko‘pi bilan 24 oy muddatga joriy etiladi (hozirga qadar 24 oy joriy etilib, iqtisodiy sud tomonidan ko‘pi bilan 6 oyga uzaytirilishi mumkin edi). Ushbu qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tibordan kuchga kiradi.

Mavzuga oid