Iqtisodiyot | 17:42 / 16.12.2019
8589
3 daqiqa o‘qiladi

YeTTB vakili: «YaIM tabiat ifloslanishi hisobiga o‘sishi kerak emas»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga davlat tashrifi arafasida 16 dekab kuni Tokioda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes forum o‘tkazildi.

Forumni bevosita kuzatgan Kun.uz muxbiri tadbir doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakili Kamola Mahmudova bilan suhbatda bo‘ldi.

«Bugun O‘zbekistonda faoliyat olib borishga qiziqish bildirayotgan yaponiyalik importyor va eksportyorlar uchun samarali seminar o‘tkazildi. Seminarda yaponiyalik tadbirkorlarga O‘zbekiston haqida to‘liqroq ma'lumot berilib, u yerda biznes boshlashsa, nimalarga e'tibor berish kerakligi aytildi.

Bugungi tadbirda qatnashgan «Asakabank», «O‘zsanoatqurilishbank» va Milliy bank kabilar juda yaxshi taassurot qoldirishdi. Rahbarlarning yosh, ko‘p tilda gaplashadigan, zamonaviy insonlardan iboratligini ko‘rish yoqimli. Ularda ishlash xohishi ko‘rinib turibdi. Bunday insonlar bilan har qanday tadbirkor ishlagisi keladi. Mamlakatda biznesni rivojlantirish uchun mana shunday ochiq muloqotlar kerak», – deydi Mahmudova.

YeTTB vakilining ta'kidicha, tashkilot «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirishda O‘zbekistonga ko‘mak berishga tayyor.

«YeTTB «yashil» iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikka tayyor. Ya'ni biz tabiatga zarar yetkazmaydigan texnikalarni olib kirishni moliyalashtirishimiz mumkin. Biz o‘zimiz imzolagan kelishuvni doimiy nazorat qilamiz. Bizning kapital evaziga sotib olingan har bir gaykani ham tekshiramiz va talablarimizga to‘g‘ri kelishini nazoratga olamiz. YeTTB, masalan, energiya va suvni tejovchi texnologiyalar olib kirish loyihasini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaydi.

Tabiatni avlodlarimizga bor holicha qoldirishimiz kerak. Iqtisod, xususan mamlakatlarning YaIM tabiatni ifloslantirish evaziga o‘sishi kerak emas. Menimcha, mahalliy banklar ham o‘zlari moliyalashtirayotgan loyihalar tabiatga qanchalik zarar yetkazish-yetkazmasligini tekshirib ko‘rsa, foydadan holi emas. Masalan, YeTTBda bu borada butun boshli dastur bor.

Forumda banklarni xususiylashtirish haqida ham so‘z bordi. Albatta, buning uchun avvaliga ular yirik transformatsiyadan o‘tishlari kerak. Bu borada YeTTB boy tajribaga ega. Avvaliga transformatsiya jarayonida, so‘ng esa xususiylashtirishda hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekistondagi ayrim banklar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Qaysi banklar ekanini ochiqlashga hali biroz erta, deb o‘ylayman», – deydi Kamola Mahmudova.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 17-20 dekabr kunlari Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan davlat tashrifi bilan kunchiqar yurtda bo‘ladi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 6,5 milliard dollarni tashkil etuvchi 48ta hujjat imzolanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid