Sport | 12:31 / 17.12.2019
18050
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda O‘zilning nomi internet qidiruvlardan o‘chirildi, rasmiy OAVlarda u haqda yozish taqiqlandi

Foto: Javier García/BPI/REX/Shutterstock

Xitoyda «Arsenal» futbolchisi Mesut O‘zilga nisbatan norozilik kayfiyati kuchaymoqda. 

«The Telegraph»ning xabar berishicha, London klubi rahbariyati O‘zilning fikri uchun rasman kechirim so‘ramaguncha, Xitoyning rasmiy OAVlarida «Arsenal» haqida ma'lumot berish taqiqlangan. 

Bundan tashqari, O‘zilning Xitoydagi ijtimoiy tarmoqlarida sahifalari blok qilingan, 30 ming nafar muxlisdan iborat «M10» fan-klubi ham tarqatib yuborilgan. Xitoy hukumati mahalliy internet qidiruvlardan germaniyalik futbolchining ism-sharifini o‘chirib tashlashni buyurgan. 

Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» yarimhimoyachisi internet orqali Xitoy hukumatining mamlakat sharqidagi millionlab uyg‘urlarni qiynoqqa solayotganini qattiq qoralagandi. «Arsenal» klubi bu futbolchining shaxsiy fikri ekanligini aytib, unga qo‘shilmasligini bildirgandi. Shunga qaramay, Xitoyda Angliya Premer-ligasi doirasidagi «Arsenal» - «Manchester Siti» (0:3) o‘yini translatsiyasi mahalliy telekanal efiridan olib tashlangandi.

Mavzuga oid