O‘zbekiston | 01:06 / 19.12.2019
80893
4 daqiqa o‘qiladi

4 qurbon va yana bir kishi bedarak yo‘qolgan. Yunusoboddagi fojianing so‘nggi tafsilotlari

Bugun, 18 dekabr kuni soat taxminan 10:00da Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Yunusobod tumani hududida, «Mega Planet» savdo majmuasi yaqinida favqulodda holat sodir bo‘lgani haqida suratlar va xabarlar tarqalgach, Kun.uz muxbiri Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Tergov departamenti boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevdan hodisa yuzasidan izoh oldi.

Vazir o‘rinbosari tunnel qazilayotgan joyda suv to‘plangani, yog‘ingarchilik kuchayishi oqibatida yer bo‘shab, tunnelni bosib qolgani haqida ma'lumot berdi.

Avariya oqibatida 250 metr kub tuproq o‘pirilib tushgan.

Hodisa guvohlari, qurilish ishchilari, yaqin hududda joylashgan do‘konlar sotuvchilari va mahalliy aholi vakillari voqea ro‘y bergan vaqtda portlashni eslatuvchi gumburlagan ovozni eshitishganini aytishgan. 

Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish uchun barcha kuch va vositalar safarbar etildi. Tez vaqt ichida voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalari, o‘ndan oshiq tez tibbiy yordam mashinalari, Toshkent shahar hokimligi, Bosh prokuratura xodimlari, ichki ishlar vazirligi vakillari, Milliy gvardiya xodimlari va boshqa maxsus xizmatlar yetib borishdi. 

Ko‘p o‘tmasdan ayni vaqtda Yaponiyaga davlat tashrifini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, sodir bo‘lgan hodisaning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish maqsadida, hodisa sabablarini o‘rganish, oqibatlarini bartaraf etish hamda kelgysida shu kabi holatlar ro‘y berishining oldini olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil etildi.

Komissiyaga sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklandi.

Kun davomida OAVda hodisa talafotlari to‘g‘risida turli xabarlar tarqalib turdi, ayrim xabarlarda tuproq ostida 20 nafargacha ishchi qolib ketgani ham aytildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi kun oxiriga kelib rasmiy ma'lumotlarni e'lon qilishni boshladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, fojia qurbonlari soni 4 nafarga yetgan:

J.Ravshanov, 1989 yilda tug‘ilgan;
O.Abdullayev, 1989 yilda tug‘ilgan;
D.Abdullayev, 1999 yilda tug‘ilgan;
A.Diyorov – 1986 yilda tug‘ilgan.

Hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va bartaraf qilish ishlari davom etmoqda.

Qurilishda ishlagan ishchilardan birining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, uning ukasi ham hodisadan keyin bedarak yo‘qolgan, uning nomi tuproq ostidan chiqarib olinib, shaxsi aniqlanganlar orasida yo‘q. 

Ayni vaqtda yana necha kishi bedarak yo‘qolgani haqida aniq ma'lumot berilmadi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani hisobga olinsa, qurbonlar soni yanada o‘sishi mumkin.

Hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

Mavzuga oid