O‘zbekiston | 19:19 / 16.04.2024
18014
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir guruh niqobli shaxslar kechasi ekskavator bilan daraxtni ildizi bilan qo‘porgani aniqlandi

Holat Yunusobod tumanining 8-mavzesida sodir bo‘lgan. Bir guruh niqob taqib olgan shaxslar davlat raqami bo‘lmagan ekskavator bilan hududdagi yashillikka zarar yetkazgan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi tag qismi bilan olib tashlangan safora daraxti o‘z o‘rniga qayta ekilganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Tarmoqlarda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylar qurilayotgan hududlardan biriga niqoblangan shaxslar kechasi davlat raqami bo‘lmagan ekskavator bilan kelib, daraxtlarni qo‘porayotgani aks etgan video tarqaldi.

Videoni suratga olgan mahalliy yashovchilardan biri oldin ham bunday voqea yuz berganiga ishora qilib, “ularning hammasi niqobda, xuddi oldingidek va [ekskavatorning ham] raqami yo‘q”, – deb aytgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, voqea 16 aprel sanasiga o‘tar kechasi Yunusobod tumanining 8-mavzesida sodir bo‘lgan. Holat boshqarmaning Yunusobod tumani bo‘limi mas’ullari tomonidan nazoratga olinib, hozirda manzilda o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda.

O‘rganilayotgan ishlari davomida Yunusobod tumani, "Mingchinor" MFY hududidagi 16-sonli aholi yashash xonadonlarining orqa qismida noma’lum fuqarolar tomonidan 1 tup safora daraxti davlat raqami bo‘lmagan ekskavator yordamida ildiz qismi bilan olib tashlangan.

Tag qismi bilan olib tashlangan safora daraxti tegishli soha mutaxassislari hamda tuman ekologiya bo‘limi mas’ullari tomonidan agrotexnik qoidalar va metodlarga asoslangan holda ishlov berilib, biologik o‘g‘itlar bilan to‘yintirilgan tuproq qoplamasi yotqizilgan holda o‘z o‘rniga qayta ekildi”, – deyiladi izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, qonunbuzilishi holatini keltirib chiqargan huquqbuzarlarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ta’sir choralarini qo‘llash borasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda. O‘rganish ishlarining yakuniy natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.

Mavzuga oid