O‘zbekiston | 02:25 / 20.12.2019
16739
3 daqiqa o‘qiladi

19 nafar mahkuma ayol Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi bilan ozodlikka chiqarildi

19 dekabr kuni 19 nafar mahkuma ayol muddatidan oldin sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligida tuzilgan komissiya mahkumalarning Oliy sudga bergan shikoyatlarini sud tartibida ko‘rib chiqdi.

Ochiq sud majlisida Xotin qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova va Bosh prokuratura vakillari ham qatnashdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Mahkumalar o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlari, jumladan, odam savdosi, giyohvand modda oldi-sotdisi, o‘g‘rilik, odam o‘ldirish jinoyati uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Muddatidan oldin ozod qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganda ularning yoshi, sog‘lig‘i, oilaviy sharoiti, jazoni ijro etish muassasasidagi axloqi hisobga olindi.

Elmira Bositxonova adashib jinoyat ko‘chasiga kirgan ayollarni Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘z kafilligiga olishini aytdi. Shuningdek, ularning bandligini ta'minlash, ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘mak berish masalasini o‘z nazoratiga olishini ma'lum qildi.

«Oliy sud va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida ayollar manfaati, huquqini himoya qilish bo‘yicha memorandum imzolangan. Uning doirasida Oliy sud bilan bir necha yo‘nalishlarda chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Bu – sayyor qabullar, ozodlikdan mahrum etilganlarni sud tartibida qayta ko‘rib chiqish va ularda mahkumalarning jazo muddatini qisqartirish yuzasidan olib borilayotgan harakatlardir. Memorandum asosida sud zaliga kirishimizga ruxsat berishadi, o‘z navbatida, kafolat masalalari ham ko‘riladi.

Mana, bugun sud zalida 19 nafar ayol ozodlikka chiqarildi. Bundan oldin mahkumalar ishlari ko‘rib chiqildi, ular bilan suhbat olib borildi.

Shuningdek, oilaviy sharoiti, sog‘ligi, jazoni ijro etish muassasasidagi xulqi hisobga olindi. Ozod qilingan ayollar endilikda qo‘mitaning doimiy nazoratida bo‘ladi. Ularning bandligi ta'minlanadi, lozim bo‘lsa kasb-hunarga o‘rgatiladi.

Bugun odam savdosi bilan ozodlikdan mahrum qilingan  2 nafar ayol ozod etildi. Ular bilan shu illatga qarshi kurashishda birgalikda ishlaymiz, chunki odam savdosi qanchalik mudhish jinoyat ekanligini boshidan o‘tkazganlar chuqurroq tushunishadi», – deydi Elmira Bositxonova.

19 nafar mahkuma ayol Jinoyat kodeksining 57-moddasiga muvofiq, sud zalidan ozod etildi.

Mavzuga oid