O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida «O‘tkan kunlar» romanining inglizcha nashri taqdim qilindi
27 dekabrda O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida buyuk o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ingliz tilidagi “Bygone days” deb nomlangan nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mashhur asarni amerikalik olim, AQSh Harbiy-dengiz akademiyasi mintaqaviy tadqiqotlar markazining sobiq direktori Mark Riz tarjima qilgan. U Tinchlik korpusining O‘zbekistondagi birinchi ko‘ngillilaridan biri hisoblanadi.
Riz romanning tarjimasi ustida 15 yildan ko‘proq ish olib borgan. O‘zbekiston elchixonasi, AQShdagi o‘zbeklar hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar ko‘magida kitobning chop etilishi jarayoni ancha jadallashib, kitob sotuvga chiqarildi va “5 yulduzli” reytingga ega.
660 sahifadan iborat kitobda Abdulla Qodiriy tomonidan asarni yozishda qo‘llangan atamalarga va o‘zbek xalqi madaniyati, an'analari va urf-odatlarining o‘ziga xos jihatlarini tushuntiruvchi 400 dan ko‘proq izoh berilgan.
O‘zbekistonning AQShdali elchisi Javlon Vahobov taqdimotni ochish vaqtida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan buyuk ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish, O‘zbekistonda o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini keng nishonlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berib o‘tgan.
O‘z navbatida asar tarjimoni Mark Riz O‘zbekistonda o‘tkazgan yillari haqidagi iliq taassurotlari bilan bo‘lishgan va yig‘ilganlarni “O‘zbekistonga bir bor bo‘lsa ham safar uyushtirib, uning boy tarixiy merosi, betakror arxitekturasi va olijanob insonlariga guvoh bo‘lishga” chaqirgan.
O‘zbekiston elchixonasida ma'lum qilinishicha, kitobning inglizcha nashri nusxalari AQSh davlat xizmatchilari, diplomatik korpus vakillari, AQShning yetakchi oliy ta'lim muassasalari orasida tarqatilgan. Roman, shuningdek, AQShning eng katta kutubxonasi – Kongress kutubxonasida ro‘yxatga olingan.
Taqdimot natijalariga ko‘ra Mark Riz bilan 2020 yil bahorda O‘zbekistonda “Bygone days” kitobi taqdimotini o‘tkazish va adibning yana bir romani – “Mehrobdan chayon”ni tarjima qilish loyihasini muhokama qilishga kelishib olingan.
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
16:56 / 02.12.2024
Oxford lug‘ati 2024 yil so‘zini tanladi
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
12:07 / 23.10.2024