Jahon | 15:30 / 05.01.2020
30562
2 daqiqa o‘qiladi

Qosim Sulaymoniyning tobuti Eronga olib kelindi

Foto © Twitter/Fatimakarimid

3 yanvar kuni Bag‘dodda AQSh harbiylari tomonidan o‘ldirilgan eronlik general Qosim Sulaymoniyning tanasi solingan tobut 5 yanvar kuni vataniga olib kelindi. Bu haqda ISNA agentligi xabar tarqatgan.

«Jafokash general Qosim Sulaymoniyning jasadi Eronga yetkazildi», — deya qayd etilgan agentlik xabarida.

Tobut Iroqdan Eron janubi-g‘arbidagi Ahvaz shahriga olib kelingan. Bu shaharda minglab kishilar generalni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ko‘chalarga chiqishgan. Shahardagi barcha maktablar va universitetlar, ma'muriy muassasalar binolari yopilgan.

Marhum bilan vidolashish marosimlari Ahvazdan tashqari Mashhadda va Tehronda o‘tkaziladi. Seshanba kuni uni ona shahri Kirmonda dafn etishadi.

Eronning tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. 

Bu hujum AQSh prezidenti Donald Trampning farmoyishiga binoan amalga oshirildi. Prezident Sulaymoniy dunyoning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va millionlab kishilarning o‘limi uchun javobgarligini aytib o‘tdi. U Sulaymoniyning o‘ldirilishi urushning boshlanishi emas, urushning yakunlanishi bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

Eron tomoni generalning o‘limi uchun «qo‘rqinchli qasos» olinishini ma'lum qilgan.

4 yanvar kuni amerikaliklarning Iroq poytaxtidagi harbiy bazasi hamda AQSh elchixonasi joylashgan «yashil hudud»ga raketa zarbalari yo‘llandi.

Mavzuga oid