O‘zbekiston | 15:54 / 06.01.2020
29875
10 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 2 yilda dunyo olimlari O‘zbekiston haqida yozgan 10ta kitob (2-qism)

Bir necha kun oldin dunyo olimlari tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekiston haqida yozilgan beshta kitob haqida ma'lumot berib o‘tgan edik. Bugun o‘ntalik ro‘yxatning ikkinchi qismiga kiritilgan ilmiy asarlar bilan tanishtiramiz.

6. Xitoy Xalq Respublikasining Markaziy Osiyo mintaqasiga alohida e'tibori hech kimga sir emas. Ayni shu masalani Veiking Song «Xitoyning Markaziy Osiyoga yondashuvi: Shanxay Hamkorlik Tashkiloti» kitobida yoritishga harakat qilgan.

"China's approach to Central Asia. The Shanghai Cooperation Organisation" by Weiqing Song
Routledge, 2018.

Kitobda Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston va Markaziy Osiyoning to‘rt davlatidan iborat mintaqaviy tashkilot – ShHT batafsil ko‘rib chiqilgan. Muallif 1996 yilda Shanxay beshligi tashkil etilishidan boshlab, 2001 yilda tashkilotga aylanishi va hozirgi kunga qadar rivojlanishini ko‘rsatib beradi.

Muallif Xitoy va boshqa a'zo davlatlarning tashqi siyosatini tahlil qilib, a'zo davlatlarning manfaati va kuchi tashkilotning institutlarini, funksional rivojlanishi va a'zo bo‘lmaganlar bilan munosabatlarini qanday belgilashini ochib beradi. Professor Song, shuningdek, ShHT doirasidagi siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniyat va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni o‘rganib, tashkilotning kelgusida qanday rivojlanishiga oid fikrlarini keltirib o‘tgan.

Kitob ShHTni Xitoyning Markaziy Osiyoga nisbatan umumiy strategiyasi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqqan. Ushbu asar, shubhasiz, Xitoyning Markaziy Osiyo bilan aloqasi va «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusiga qiziquvchilar uchun foydali monografiyadir.

Muallif haqida: Veiking Song – Xitoyning Makao universiteti siyosiy fanlar kafedrasi professori.

7. Kitoblar orasida tahliliy maqolalar jamlanmalari ham bor. Shulardan biri – amerikalik tadqiqotchilar Deniyel Burgart va Tereza Sabonis-helf tahriri ostida chop etilgan «Mustaqillik davridagi Markaziy Osiyo: Buyuk Temurning qaytishimi?» kitobidir.

"Central Asia in the Era of Sovereignty. The Return of Tamerlane?" edited by Daniel L. Burghart and Theresa Sabonis-helf
Lexington Books, 2018.

Kitobning birinchi qismi mintaqadagi ijtimoiy masalalarga bag‘ishlangan. Mavzular orasida OIV/OITS tarqalishi, ijtimoiy tarmoqlar, Islomning qayta keng yoyilishi, migratsiya va muammoli chegaralar kabilarni uchratish mumkin. Ikkinchi qism iqtisodiyot va xavfsizlikka bag‘ishlangan bo‘lib, Xitoy bilan aloqalar, yangi infratuzilma, norasmiy iqtisodiyot (bozorlardan tortib jinoiy tarmoqlargacha), energetika, Farg‘ona vodiysidagi anklavlarning roli va davlatlarning kuchishlatar tuzilmalari tahlilini o‘z ichiga oladi.

Beshta keys tahliliga bag‘ishlangan yakuniy qism o‘quvchini Markaziy Osiyoning har bir davlati rivojida muhim ahamiyatga ega omilga «chuqurroq sho‘ng‘ishni» taklif qiladi. Mualliflar Qozog‘istonning Yevrosiyo va Markaziy Osiyoga integratsiyasi masalasi, Qirg‘izistondagi demokratik eksperimentlar, Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishiga intilishi, Turkmaniston neft-gaz sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va O‘zbekistondagi kundalik boshqaruv tizimini tahlil qilishga urinishgan.

Mualliflar haqida: Deniyel L.Burgart – AQSh Milliy razvedka universitetining milliy xavfsizlik va Yevrosiyo tadqiqotlari bo‘yicha professori. Tereza Sabonis-helf esa Amerika Milliy harbiy kollejining milliy xavfsizlik strategiyasi bo‘yicha professori.

8. Navbatdagi kitob ham o‘zbekistonlik muallif tomonidan yozilgan. Liverpul universiteti katta ma'ruzachisi Mavluda Sattorovaning monografiyasi «Investitsion shartnomalar huquqining mezbon davlatlarga ta'siri: bu haqiqatan ham yaxshi boshqaruvga eltadimi?» deb nomlangan.

"The impact of investment treaty law on host states. Enabling Good Governance?" by Mavluda Sattorova
Bloomsbury, 2018.

Xalqaro investitsiya huquqi deganda odatda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaxshi boshqaruvni ta'minlashga qaratilgan normalar to‘plami tushuniladi. Biroq yangi qarashlarga ko‘ra, investitsiya shartnomalari va investor-davlatlar o‘rtasidagi xalqaro arbitrajlar (nizolashuvlar) nafaqat chet el investorlari, balki mezbon davlatlardagi mahalliy tadbirkorlar uchun ham samarali boshqaruvni yuzaga keltirishi mumkin. Ya'ni, investitsiyalar to‘g‘risidagi shartnomalar chet el investorlari bilan muomalada shaffoflik, barqarorlik, oldindan ko‘ra olish va izchillikni ta'minlamaganligi uchun mezbon hukumatlarni javobgarlikka tortish orqali aynan o‘sha davlatlarda oqilona boshqaruvni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

So‘nggi paytlarda investitsiya shartnomalari amaliyotida, hakamlik sudlarida va akademik adabiyotlarda bu hol tez-tez tilga olinmoqda, bu esa masalaning yuridik, konseptual va empirik asoslariga doir savollarni keltirib chiqaryapti. Xalqaro investitsiya huquqi haqiqatan ham mahalliy darajadagi boshqaruvda ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘la oladimi? Qabul qiluvchi davlatlar investitsiya bitimlariga qanday munosabatda? Ushbu monografiyaning asosiy vazifasi – xalqaro investitsiya huquqining investitsiyalar qabul qiluvchi davlatlarga ta'siri haqidagi mavjud taxminlarni aniqlashdir.

Muallif xorijiy investitsiyalarning oqimi tufayli uni qabul qilayotgan davlatlardagi boshqaruv va investorga nisbatan huquqiy yondashuvning ijobiy tomonga o‘zgarayotgani haqidagi akademik adabiyotlardagi hukmron bo‘lib turgan fikrni tanqidiy o‘rganib chiqadi va ushbu qarashning yetarlicha asosga ega emasligini o‘zining Markaziy Osiyo davlatlarida olib borgan amaliy ishlari va intervyulari asosida ochib beradi. Tadqiqotda xorijiy investorlarni ko‘proq jalb etishga zo‘r berayotgan O‘zbekiston byurokratiyasi uchun muhim tavsiyalar ham keltirib o‘tilgan.

Muallif haqida: doktor Mavluda Sattorova – Buyuk Britaniyaning Liverpul universiteti Huquq va ijtimoiy adolat fakulteti katta o‘qituvchisi. U halqaro investitsiya huquqi sohasida taniqli yosh olimalardan sanaladi.

9. Hatto san'at va siyosatning aloqasi kabi mavzular ham tadqiqotchilar nazaridan chetda qolmayapti. Etno-musiqashunos Kerstin Klenke tomonidan qalamga olingan «O‘zbekiston musiqiy hayoti: Karimov davridagi musiqa va siyosat» kitobi aynan shu masalaga bag‘ishlangan.

"The sound state of Uzbekistan: Popular music and politics in the Karimov Era" by Kerstin Klenke.
Routledge, 2019.

Kitob – Islom Karimov davridagi musiqa va davlat siyosati o‘rtasidagi chorrahani kashf etishga bag‘ishlangan ilk asardir. Muallif 20 oy davomida O‘zbekistonda bo‘lib, hududlarda o‘rganishlar olib borgan, arxiv ma'lumotlarini ko‘rib chiqqan. Natijada O‘zbekiston siyosatidagi o‘ziga xos davr (2001-2016 yillar), ya'ni hukumat davlat ovozi bo‘lish uchun biroz kutilmagan nomzodni tanlagan, degan xulosaga keladi. Bunda u estrada, ommabop musiqa va sotsializmning musiqiy yodgorligini nazarda tutgan.

Shu bilan birga, muallifning kuzatishicha, estradaga siyosiy ahamiyat qaratilgani barobarida, uning ustidan davlat nazoratini amalga oshirish uchun byurokratik apparat ham ishlab chiqilgan.

Kitobda musiqa, san'atkorlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda sovet davri merosining ta'siri saqlanib qolayotgani haqida ham so‘z boradi. Shuningdek, tadqiqotchi estradaning noodatiy kuchga egaligini ham ochib berishga uringan.

Muallif haqida: Kerstin Klenke – Avstriya Fanlar akademiyasining fonogrammalar arxivi rahbari, etno-musiqashunos.

10. Ro‘yxatimizdagi so‘nggi kitob – Markaziy Osiyo iqtisodi bo‘yicha dunyoda ko‘zga ko‘ringan professor Richard Pomfretning «XXI asrdagi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti: yangi Ipak Yo‘lini qurish» asaridir.

"The Central Asian economies in the 21st century. Paving a new Silk Road" by Richard Pomfret
Princeton University Press, 2019.

Kitobda beshta respublika iqtisodiyoti 2000 yillarning boshidagi xomashyo narxining oshishidan to 2014 yilgacha pastlashiga qadar tahlil qilinadi. Richard Pomfret mamlakatlarning tashqi kuchlar bilan munosabatlarini hamda Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi temir yo‘llarni rivojlantirish imkoniyatlari kabi rivojlanishga doir infratuzilma loyihalarini ham o‘rganib chiqadi.

Ushbu davlatlarning markaziy rejalashtirilgan tizimdan bozorga asoslangan iqtisodiy tizimlarga o‘tishi 2000 yillarning boshlarida, asosan mintaqada energiya va mineral xomashyo eksportining jahon narxlari keskin o‘sishi bilan to‘xtab qoldi. Xomashyo narxlarining o‘sishi neft va gaz eksport qiluvchilar – Qozog‘iston va Turkmaniston hamda eng ko‘p aholiga ega O‘zbekistonning daromadlarini oshirdi, Qirg‘iziston va Tojikistonni esa neftga boy Rossiya va Qozog‘istondagi mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalariga qaram holatga olib keldi.

Muallif Markaziy Osiyoning global iqtisodiyotdagi kengaygan roli va ularning Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va AQSh bilan turlicha aloqalarini ham tahlil qilgan; mintaqadagi so‘nggi o‘zgarishlar, jumladan 2016 yili O‘zbekistondagi boshqaruvning o‘zgarganiga baho bergan.

Muallif haqida: professor Richard Pomfret – Avstraliyaning Adelaida universitetida iqtisodiyot fanidan dars beradi. Shuningdek, Jon Hopkins universitetining Bolonyadagi fakultetida ham halqaro iqtisodiyotdan saboq berib kelmoqda. Bunga qadar ham Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti haqidagi bir nechta kitoblari nashrdan chiqqan.

Alisher Umirdinov,
Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti
Biznes huquqi fakulteti professori.

Mavzuga oid