O‘zbekiston | 20:50 / 07.01.2020
8289
5 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov: Saylovchilar ongini ham o‘zgartirishimiz kerak

Saylovdagi mag‘lubiyat, kelgusi 5 yillik rejalari, O‘zLiDeP bilan parlament bloki tuzish imkoniyati va muxolifatda qolish masalasi. «Milliy tiklanish» partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlardan keyingi matbuot anjumanida shu va boshqa mavzularda so‘z bordi. 

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov partiyaning saylovlardagi mag‘lubiyatiga doir xulosalarini ma'lum qilar ekan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ayrim okruglarda g‘alaba qozonganiga doir keskin fikrlarini ham bildirdi. 

«Chunki, XDP barcha narsani bepul qilishga va'da berdi. Bu saylovchilarga yoqdi. Bizning milliy tiklanishimiz, o‘sishimiz haqidagi qayg‘urishimiz saylovchilarni qiziqtirmadi. Shu boisdan ham mag‘lub bo‘ldik. 

Men, birinchi turda qo‘pol xatolar bo‘lgani uchun mag‘lub bo‘ldim, deya olmayman. Men bir narsani to‘la mas'uliyat bilan bayonot bera olamanki, saylovchi o‘zgarmas ekan, siyosiy ong o‘zgarmas ekan, natijaga erishish qiyin. Ana o‘shanda, partiyalar o‘z qadriyatlarini, dasturlarini saylovchilarga yetkazib, ularning ovozini ola biladi», - dedi Qodirov.

U, shuningdek, partiya kelgusi parlament saylovlariga hozirdan tayyorgarlikni boshlashini bildirib, partiya ishlash tizimida o‘zgarish bo‘lishini ta'kidladi. 

«Biz kelgusi 5 yilda navbatdagi saylovlarga tayyorgarlikni boshlaymiz. Partiyani takomillashtirish ustida ishlaymiz. Xususan, partiyaning tuman kengashi rahbari Oliy Majlisdagi deputat yordamchisi bo‘ladi. Bu deputatning o‘z okrugi bilan doim bog‘lanib turishini ta'minlaydi», - dedi partiya yetakchisi.

«Milliy tiklanish» rahbari muxolifat borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, xorijdagi o‘zlarini muxolifatchi deb bilganlar xususidagi qarashlarini ham ma'lum qildi.  

«Muxolifat masalasida men prezident qarashini ma'qullayman. Ko‘pchilik, qayerga ham borasan, ma'qullamay, deyishi ham mumkin. Bu gapning haqiqatligi shundaki, siz kimgadir emas, balki shu yurtdagi xalqqa xizmat qilish uchun muxolifat bo‘lasiz. Ayrim fikrlarga e'tiroz bildirishingiz, uning muqobilini taklif qila olishingiz kerak.

Biz tanqidlarni ko‘p qildik, bundan ko‘zlangan maqsad, kimgadir chiroyli ko‘rinish emas, shu xalqqa foydali bo‘lsin degan maqsadda gapirdik. Kamchiliklarni baralla aytyapmiz va ularni tuzatish bo‘yicha takliflarimizni ilgari suryapmiz. Mana shu muxolifat aslida. Biz parlamentda 36 o‘ringa ega bo‘lgan partiya sifatida vazirlar tayinlanishida, bosh vazir nomzodi ko‘rsatilishida o‘z fikrimizni aytamiz. Biz bilgan muxolifat mana shu. 

Shaxsan men raqobatdan qo‘rqmayman, partiyamiz ham. Tashqaridan, imkoniyat berilganida buncha ovoz olardik, deydiganlarga aytar so‘zim shuki, marhamat kelsin, shu yerda faoliyat olib borishsin. Lekin, o‘zlarini muxolifat deb ataydiganlarning fikrlarida mantiq ko‘ra olmayapman. Faqat yomonlashdan yaxshilik kutish mumkinmi?», - deya qayd etdi Qodirov. 

Uning fikricha, parlament partiyalari biror masalada kelisha olishi ijobiy holatdir. 

«Parlamentdagi partiyalar biror masalada kelisha olsa, bu ijobiy xislat. Men hozir umid qilib turibman, blok tuzish jarayonida «Milliy tiklanish» partiyasi liberallarni ko‘ndirib, 4-5 masalada o‘z qarashlarini o‘tkaza oladi. Hukumat faoliyatini birgalikda nazorat qila olsak, bu parlamentda ishlar tez va samarali bo‘lishini ta'minlaydi. Buni amalga oshira olmasak, «Adolat» va XDP partiyalari bilan blok tuzish imkoniyati bo‘lmagach, muxolifatda qolamiz», - dedi partiya rahbari.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri Alisher Qodirovga savol bilan murojaat qilib, yaqin 25-30 yillik tarixga xolis baho berish masalasida partiya tashabbus ko‘rsata olish imkoniyatlari bo‘yicha qiziqdi.

«Biz nafaqat 25-30 yil, balki 200-300 yillik tariximizga baho bermaymiz. Baho bersak, kelajakda qilinadigan ishlarni bajara olmay qolamiz. Partiyaning bu boradagi qarashi shundayki, biz tarixga baho berish o‘rniga, undan tegishli xulosalarni qilib, kelajakka intilish kerak», - deya qayd etdi Alisher Qodirov.

Mavzuga oid