Jahon | 20:24 / 13.01.2020
10676
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyalik «o‘rgimchak-odam» pensiya islohotiga norozilik sifatida 187 metrlik binoga ko‘tarildi

Foto: AFP

Fransiyalik taniqli ekstremal Alen Rober Total kompaniyasining 187 metrlik osmono‘par binosi devori bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildi. La Voix du Nord nashrining xabar berishicha, Rober Fransiyada pensiya tizimi islohotiga qarshi o‘tkazilayotgan umummilliy ish tashlash ishtirokchilarini shu tariqa qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan.

“Odamlar shundoq ham hayotining 40 yilini ko‘pincha ularga yoqimsiz bo‘lgan ish ortida o‘tkazishadi. Biz munosib yashashni istaymiz”, deb aytgan ekstremal binoga ko‘tarilishi oldidan. U bino yuqorisiga 52 daqiqada ko‘tarilgan.

“57 yoshimda men texnik jihatdan pensiyadan uncha yiroqmasman. Mening yagona daromad manbaim – bu alpinizm. Men 64 yoshimda ham bu ish bilan shug‘ullanishim kerakmi? Yoki 67 yoshda? Odamlarni kamroq olish uchun ko‘proq ishlashga majburlashni bas qilish lozim. Islohot esa aynan shunga qaratilgan. Ba'zi kasblar boshqalariga nisbatan murakkabroqdir va shuni hisobga olish lozim”, deb qo‘shimcha qilgan Rober.  

“O‘rgimchak-odam” laqabi bilan ma'lum bo‘lgan fransuz ushbu binoni 8 marta zabt etmoqda. Birinchi marta u binoga 1999 yilda ko‘tarilgan. “Juda sovuq bo‘ldi, men ko‘tarilishimning so‘ngida barmoqlarimni his qilmadim. Men 20 yil avvalgidek baquvvat emasman”, deb aytgan jurnalistlarga Rober politsiya tomonidan ushlangandan so‘ng.  

Rober osmono‘par binolarga ko‘tarilish bilan 1994 yildan beri shug‘ullanadi. U bu vaqt ichida turli obektlarga 130 martadan ko‘proq ko‘tarilishlarni amalga oshirgan. Bu obektlar ichida eng balandi Dubaydagi 828 metrlik “Burj-Halifa” hisoblanadi. 

Fransiyada pensiya islohoti doirasida pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bu esa aholi tomonidan noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Hukumat ushbu bandning islohotdan vaqtinchalik istisno qilishga tayyorligini bildirgan, biroq namoyishchilar jiddiy yon bosishlarni talab qilishmoqda. 

Mavzuga oid