Jahon | 11:06 / 14.01.2020
45917
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp 7 oy avvaloq general Sulaymoniyni bir shart bilan yo‘q qilishga rozi bo‘lgan - NBC 

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp 2019 yil iyunidayoq “Al-Quds” qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotni o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Biroq u buni bajarish uchun bir shart qo‘ygan, deb xabar berdi Tramp atrofidagi sobiq va amaldagi mansabdor shaxslarga asoslanib NBC telekanali. 

Amaldorlarning ta'kidlashicha, Tramp tomonidan tasdiqlangan buyruqda Sulaymoniyni bir vaziyatdagina -  uning faoliyati AQShning hattoki birgina fuqarosining halok bo‘lishiga olib kelsa, o‘ldirishga ruxsat berilgan. Bu shart shia jangarilari 27 dekabrda Iroqdagi bazani o‘qqa tutganda bir amerikalik halok bo‘lganda bajarilgan. AQSh iroqlik shia jangarilari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinadi, deb hisoblaydi. 

NBC’ning ta'kidlashicha, ushbu holat Trampning Sulaymoniy AQShning turli davlatlardagi elchixonalariga hujum qilmoqchi bo‘lgani uchun o‘ldirilgani haqidagi versiyasini shubha ostiga qo‘yadi. 

Telekanal manbalarining ta'kidlashicha, Trampni generalni o‘ldirishga o‘tgan yil iyunda AQSh uchuvchisiz qurilmasi yo‘q qilingandan keyin milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton va davlat kotibi Mayk Pompeo ko‘ndirishga uringan. Aynan o‘shanda AQSh prezidenti buning uchun Eron avval “qizil chiziqdan o‘tishi” kerakligini aytgan.

Avvalroq The Washington Post nashri Pompeo bir necha oy davomida Trampni Sulaymoniyni yo‘q qilishga ko‘ndirishga urinib kelganini ma'lum qilgandi. Biroq nashrning ta'kidlashicha, Tramp dekabr oxirigacha eronlik general o‘ldirilishiga qarshi bo‘lgan, bunga AQSh fuqarosi o‘ldirilgach va AQShning Bag‘doddagi elchixonasi oldida norozilik namoyishlari boshlangachgina rozi bo‘lgan. 

Sulaymoniy 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dod aeroporti yaqinida o‘ldirilgandan keyin Pompeo unda Eron AQShga qarshi hujumlar tayyorlagani haqida aniq ma'lumotlar yo‘qligini tan olgan. Tramp esa Fox News telekanaliga 10 yanvarda bergan intervyusida Sulaymoniy AQShning 4 ta, jumladan Bag‘doddagi elchixonasiga hujum qilishga tayyorlanganiga ishonchi komilligini aytgan.

Mavzuga oid