O‘zbekiston | 23:09 / 17.01.2020
7121
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatini ko‘rsatishdagi eng ko‘p qonunbuzarlik arxitektura-qurilish sohasida

2019 yil davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eng ko‘p qonunbuzilish hollari arxitektura-qurilish sohasida kuzatilgan.

Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi boshqarma boshlig‘i Ilhomjon Abdusattorovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«DXA davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yagona davlat siyosatini amalga oshirish bilan birga, boshqa organlarning bu boradagi faoliyati ustidan nazorat ham olib boradi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi noqonuniy harakatlar eng ko‘p arxitektura-qurilish sohasida, shuningdek, kadastr, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmat tizimlarida qayd etilgan», – dedi Abdusattorov 17 yanvar kuni matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yil davomida yo‘l qo‘yilgan 170 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlarining 150 mingtasi – arizalarni vaqtida ko‘rib chiqmaslik, mingga yaqini keraksiz hujjatlarni talab qilish, qolganlari DXM orqali ko‘rsatilishi belgilangan xizmatlarni ham fuqarolarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatish bilan bog‘liq.

«Ayrim davlat idoralari o‘z ma'lumotlar bazasini haligacha elektron ko‘rinishga o‘tkazmagan. Bu esa davlat xizmatining tezkor va shaffof tarzda amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Inson omili mavjud ekan, kerakli sifatga erishish qiyin», − deya qo‘shimcha qildi DXA Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Abdusattorov.

Mavzuga oid