O‘zbekiston | 00:16 / 19.01.2020
21835
5 daqiqa o‘qiladi

«Nuroniy» jamg‘armasi raisi oilaviy ajrimlar sababi va uning yechimlari haqida gapirdi 

18 yanvar kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining majlisi o‘tkazildi. 

Unda hozirgi siyosatning bir qancha taniqli vakillari, shuningdek, partiya tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan kishilar ham ishtirok etdi.

Sodiqjon Turdiyev 2013 yil dekabrida O‘zLiDeP yetakchiligiga saylangan, 2015 yilda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari bo‘lgandi. 

Ikki kun avval, 17 yanvar kuni Sodiqjon Turdiyev yangi vazifa, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi.

Kun.uz muxbiri tadbirda ishtirok etgan Sodiqjon Turdiyev bilan yangi faoliyati va jamiyat hayotida keskinligi tobora ortib borayotgan oilaviy ajrimlar masalasi, jamg‘armaning va bu boradagi o‘rni masalasida kichik intervyu tashkil qildi.

Sodiqjon Turdiyev

«Bizning vazifamiz nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligini ta'minlash»

Sobiq siyosiy rahbar qanday maqsad va rejalar bilan jamg‘arma rahbarligiga tayinlandi? Oldinda qanday rejalar belgilangan? Sodiqjon Turdiyev savolga quyidagicha javob berdi:

– Avvalo, menga shunday mas'uliyatli lavozimni ishonib topshirgani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytaman.

 «Nuroniy» jamg‘armasi bundan keyin ham yangi siyosatning xalq ichidagi targ‘ibotchisi bo‘lishda davom etadi.

Jamg‘arma shuningdek, nuroniylarning jamiyat hayotidagi nufuzini ko‘tarishga ham harakat qiladi.

«Qachonki yoshlar ish bilan band bo‘lar ekan, oilada totuvlik, baraka bo‘ladi»

Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham oilaviy ajrimlar masalasi keskin tus olib bormoqda. 

Globallashuv davri, axborot, internet, ijtimoiy tarmoqlar rivoji va ommaviy madaniyatning shafqatsiz xuruji natijasi sifatida ko‘rilayotgan bu holatga qarshi samarali kurash yo‘llari nimalardan iborat? Jamg‘armaning bugungi kundagi nufuzi bu muammoga qarshi kurashishga yetadimi?  

Sodiqjon Turdiyev sayt muxbirining shu mazmundagi savollariga javob berdi.

– Haqiqatan, yoshlar o‘rtasidagi oilaviy ajrimlar jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalaridan biri. Albatta, biz o‘z oldimizga ajrim xavfi bor oilalarga kirib borishga intiladi. Lekin ajrim bir kunda bo‘ladigan holat emas. Unga sabab bir necha yillar, oylar davomida yetiladi. Bunga oilalardagi kelishmovchilik, turli nomutanosibliklar sabab bo‘ladi.

Maqsadimiz har bir nuroniy mana shu xavf bilan yashayotgan oilaga kirsin, ajrimlarning oldini olishga shu jamiyatning, mahallaning nuroniysi sifatida hissasini qo‘shsin.

Oldimizdagi rejalar qatorida joylarda oilaga tayyorlash maktablari tashkil qilish vazifasi turibdi. Bu maktablar orqali oila yoshidagi qizlarga ozgina bo‘lsa-da tajriba berish, oila haqida tushuncha berish. Bu maktablarda kerak bo‘lsa, qaynonalar ham o‘qisin. Chunki oilaviy ajrimlar aksariyat holatda qaynona-kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklardan kelib chiqayotgani ham rost gap.

Bundan tashqari, jamiyatning nuroniysi fidoyi, jonkuyar bo‘lishi kerak.

Shuningdek, jamiyatda yoshlarni ishsiz qo‘ymaslik kerak. Qachonki yoshlar ish bilan band bo‘lar ekan, oilada totuvlik, baraka bo‘ladi. Ish bilan band kishida ziyonli ishlarga vaqt bo‘lmaydi.

«Taklif qilardimki, joylarda nikoh o‘qiydigan imomlar faqat ilmli, ruxsat etilgan imomlar bo‘lsin»

Oilaviy ajrimlarga joylardagi ayrim imomlar tomonidan o‘qilayotgan takroriy nikohlar ham sabab bo‘lmoqda. Bu sababga jamg‘arma raisi quyidagi izoh berdi:

– Ba'zi joylardagi oilaviy ajrimlarga takroriy nikohlar ham sabab bo‘lmoqda. Men avvalo imom domlalarimizdan uzr so‘rayman, ular hammasini yaxshi tushunishadi. Lekin joylarda shunday imomlar ham borki, o‘zining bilimi chala bo‘la turib, ikkinchi nikohni so‘rab-so‘ramay o‘qib qo‘yishadi. Bu holatdan qancha yosh farzandlar aziyat chekyapti. Kuyovto‘ra esa, boshqasi bilan yashab ketyapti.

Taklif qilardimki, joylarda nikoh o‘qiydigan imomlar faqat ilmli, ruxsat etilgan imomlar bo‘lsin.

Mavzuga oid