Jamiyat | 12:45 / 25.02.2024
15131
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ajrashishlar ko‘rsatkichi MDH bo‘yicha eng pastligi ma’lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 76-moddasiga ko‘ra, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.

O‘zbekistonda oilaviy ajrashuvlar ko‘rsatkichi MDH bo‘yicha eng past hisoblanadi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’sul xodimi X.Meliyev ma’lum qildi. 

O‘zbekistonda 9 milliondan ortiq oila bor. Yiliga o‘rtacha 250–300 ming yangi oila qurilmoqda. Ammo, shu bilan birga, har yili o‘rtacha 45–49 ming ajralishlar ham kuzatilmoqda.

Nikohdan ajrashayotganlarning 4–5 foizini bir yilgacha, 40 foizini esa besh yilgacha bir oila bo‘lib yashaganlar tashkil etmoqda.

Ajrimlar soni 2021 yilda 41 foizga, 2022 yilda 22 foizga ko‘paygan bo‘lsa, 2023 yilda o‘sish sur’ati keskin tushib, 2022 yilga nisbatan atigi 0,8 foizga ko‘paygan (o‘sish sur’ati 2022 yilga nisbatan 27 baravarga kamaygan).

Shu o‘rinda, MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston nikohlar soni bo‘yicha MDHda birinchi, ajralishlar bo‘yicha esa oxirgi o‘rinda turadi. 2022 yilda O‘zbekistonda har 1000 kishiga nikohlar soni 8,4 tani, ajralishlar soni 1,4 tani tashkil etgan.

2023 yil davomida adliya organlari tomonidan manzilli targ‘ibotlar orqali olib borilgan tushuntirish va profilaktik suhbatlar natijasida qonuniy nikohdan o‘tmasdan birga yashab kelayotgan 30 mingdan ortiq oilalarning nikohi qonuniy ravishda qayd etib berildi.

Natijada, 19 mingdan ortiq bolalarning tug‘ilishi yolg‘iz ona yoki otalikni belgilash tartibida qayd qilinishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olindi.

Tug‘ilishlarni yolg‘iz ona tartibida qayd qilinishi holatlari 2023 yilda 2022 yilga nisbatan 12 foizga kamayganining o‘zi ham amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid