O‘zbekiston | 09:15 / 28.01.2020
8206
2 daqiqa o‘qiladi

Tolimarjon IESni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi

Abu-Dabidagi Mubadala investitsiya kompaniyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ bilan Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha bitim imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kelishuv Tolimarjon energetika kompleksini xususiylashtirish, rivojlantirish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishning mexanizmlari va shartlarini belgilaydi.

Amirlik tomonidan obektning aksiyalarini sotib olish va xususiylashtirish jarayoni 2020 yilning uchinchi choragida reja qilingan. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri buni tarixiy hamkorlik deb atadi.

Ma'lumot uchun, Mubadala Birlashgan Arab Amirliklarining davlat investitsiya kompaniyasidir. Kompaniyaning investitsiya portfeli 200 milliard dollarga teng bo‘lib, uning tarkibi yoqilg‘i-energetika tarmog‘i, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, metallurgiya, aerokosmik sektorlari, tog‘-kon sanoati hamda sog‘liqni saqlash sohalaridagi aktivlardan iborat.

Masdar — Mubadala investitsiya xoldingining sho‘'ba kompaniyasi bo‘lib, dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri.

Mavzuga oid