Jahon | 12:40 / 29.01.2020
84680
5 daqiqa o‘qiladi

Banan, jo‘natmalar va alkogol. Koronavirus haqida eng mashhur mish-mishlar

2019-nCoV koronavirus shtammi butun Xitoy bo‘ylab tez tarqalmoqda, ammo mish-mishlar va «alternativ nazariyalar» esa dunyo bo‘ylab yanada tezroq yoyilmoqda. Ularda kasallikni alkogol bilan davolash mumkinligi, virusning o‘zi esa bananlar va AliExpress'dan jo‘natmalar orqali tarqalayotgani haqida gap boradi. 

GETTY IMAGES

Biz koronavirus borasida Xitoy va uning tashqarisida mashhur bo‘lgan mish-mishlarni bir yerga jamladik. 

1. «Koronavirus banan bilan birga kirib kelmoqda»
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar koronavirusni banan yoki boshqa mevalar orqali yuqtirib olish mumkinligi haqidagi vahimali xabarlarga to‘lib ketdi. Ulardan ba'zilarini aslicha quyida keltiramiz: 

Matnlarning ba'zi talqinlarida ma'lumot «Sinxua kasalxonasining Chunmin bo‘limidan kelgani» aytiladi. Bunday shifoxona haqiqatan ham mavjud va Uxanda joylashgan. 

Biroq, Xitoyda yoki undan tashqarida biror mutaxassis, rasmiy yoki siyosatchi virusni mevaga bog‘lagani yo‘q. Bundan tashqari, mish-mishlarda virusning shtammi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 2019-nCoV shtammli virus havo-tomchi yo‘li va ko‘z orqali yuqishi mumkinligi isbotlandi. Virus inson yoki hayvonlar organizmidan tashqarida, masalan mevada, hech bo‘lmaganda hozirgi holatdagi kabi, yashay olmaydi. 

2. AliExpress jo‘natmalari

Xuddi yuqoridagi kabi mish-mish: virus Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi quloqchin yoki robot changyutgichi bilan kelishi mumkin emish.

Uxanda virus tarqalishining dastlabki kunlarida AliExpress o‘zining barcha jo‘natmalari sanitariya nuqtayi nazaridan toza deb da'vo qilishga majbur bo‘ldi. 

Bir necha kun o‘tgach, Rossiyadagi nashrlar ruslar AliExpress'dan narsa sotib olishdan bosh tortishayotgani haqida xabar berishdi. Kompaniya buni tasdiqlamadi. 

AliExpress va koronavirus o‘rtasidagi bog‘liqlik memlar va hazillar uchun mashhur mavzuga aylandi. 

Ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Rossiya va Ukrainada ekspertlar va sog‘liqni saqlash mutasaddilari jo‘natmalardan infeksiyani yuqtirish deyarli mumkin emasligini ta'kidlamoqda. Shifokorlar virus butun tranzit davrida jo‘natma yuzasida yoki ichida yashashi mumkinligini tasavvur qilish ham qiyinligi haqida gapirishgan. 

AliExpress'ning Rossiya bo‘limi vakillari ta'kidlashicha, hozirgi kunga qadar jo‘natma orqali biror infeksiya aniqlanmagan. 

Ukrainada, bir muncha vaqt oldin, pochta xizmati Xitoydan posilkalarni qabul qilishni to‘xtatishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ular ham soxta bo‘lib chiqdi. 

3. Spirtli ichimliklar

«Otam Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlaydi. Bugun ular shoshilinch yig‘ilishni chaqirishdi. U qaytib keldi va onamga yashirincha, Xitoydagi koronavirusga qarshi hukumatning maxsus buyrug‘i bilan, ayollar va bolalardan farqli o‘laroq, yuqumli kasallikka moyil bo‘lgan barcha erkaklar har kecha kamida 250 gramm aroq, viski yoki konyak ichishlari kerakligini aytdi».

Bu hozirda rus internet foydalanuvchilari orasida tarqalgan eng kulgili matn bo‘lib turibdi, ammo Uxanda ko‘p odamlar haqiqatan ham spirtli ichimliklar yordamida koronavirusdan qutulish mumkin degan fikrda. 

Uxan aholisining Bi-bi-si rus xizmati muxbiri Natalya Zotovaga aytgan so‘zlariga ko‘ra, ba'zi uxanliklar, asosan katta yoshli kishilar, alkogol bilan tuzalishga qattiq harakat qilmoqda.

«Keksa avlod alkogol virusni o‘ldiradi, deb hisoblaydi: qo‘shnilarimiz mast, ular bu tirik qolish uchun kerak, deb aytishdi», — deydi shaharda yashovchi Antonina Starseva.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, spirtli ichimliklar, aksincha, immunitetni susaytiradi va tanani zaiflashtiradi, bu virus bilan kurashish jarayonini og‘irlashtirishi kundek ayon. Alkogoldan yaxshisi mahsulotlar yoki qo‘llarni dezinfeksiyalash uchun foydalangan ma'qul.

Bugungi kunda infeksiyalanish xavfini kamaytirishga yordam beradigan yagona vosita gigiyena qoidalariga rioya qilishdir.

Virusdan qanday himoyalanish mumkin?

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga chalinmaslik uchun nimalar qilish kerakligi borasida quyidagi tavsiyalarni bergan:

  • qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;
  • yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;
  • shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;
  • tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;
  • taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring. 

Qarshiyeva Nazokat tayyorladi 

Mavzuga oid