Jamiyat | 16:33 / 29.01.2020
4480
3 daqiqa o‘qiladi

OAVni qo‘llab-quvvatlovchi yangi jamoat fondi qoshida Jamoatchilik kengashi shakllantirilmoqda

OAV va blogerlarni qo‘llab-quvvatlovchi yangi jamoat fondi qoshida Jamoatchilik kengashi tuzilishi rejalashtirilmoqda.

«Jurnalistika va blogerlik faoliyatini rivojlantirish, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etildi.

Jamoat fondini ta'sis etish bo‘yicha bir guruh jurnalist va blogerlar, mass-media sohasi vakillari tashabbuskor guruh sifatida ariza berishdi, jumladan ular orasida Muhrim A'zamxo‘jayev, Qobil Xidirov, Laziz Hamidov, Xushnud Xudoyberdiyev, Bobur Abidov, Madina Nurmanova, Abror Ismoilovni ko‘rsatish mumkin. 

Shuningdek, Jamoat fondi qoshida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlardan tarkib topgan Jamoatchilik kengashi tuzilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, media sohasining quyidagi vakillari Jamoatchilik kengashi a'zoligiga taklif etilmoqda: 

1)  Azamat Atajanov (GazetaUz)
2)  Umid Shermuhammedov (KunUz)
3)  Muhrim A'zamxo‘jayev (DaryoUz)
4)  Xurshid Daliyev (HumanUz)
5)  Qamariddin Shayxov (QalampirUz)
6)  Abdug‘ani Abdurahmonov (XabarUz)
7)  Navbahor Imamova (AmerikaOvozi)
8)  Qobil Xidirov (bloger)
9)  Nozim Safarov (bloger)
10) Ali Qahhorov (bloger)
11) Laziz Hamidov (vloger)

(ro‘yxatni shakllantirish davom etmoqda)

Kengash tarkibi tasdiqlangandan so‘ng, ular tomonidan mass-media sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi, jurnalist va blogerlarning erkin axborot olish va tarqatishga oid faoliyati davomida duch kelgan muammolarini doimiy ravishda muhokama qilib boradi va ularning yechimini topish, axborot makonida nodavlat sektorning rolini kuchaytirishga ko‘maklashish, yuzaga kelgan ziddiyatli masalalarni hal qilishda mediatsiya institutini qo‘llash choralarini ko‘radi.

Mass-media sohasiga xorijiy va mahalliy grantlar va mablag‘lar jalb qilinadi. 

Jamoat fondi jurnalist va blogerlar, shuningdek matbuot kotiblarining malakasini oshirib borish maqsadida doimiy ravishda o‘quv seminarlari tashkil etib boradi. So‘z erkinligi va axborot makoniga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha faol jamoatchilik pozitsiyasi yuzasidan muntazam takliflar ishlab chiqadi, deyiladi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi xabarida.

Mavzuga oid