Jamiyat | 20:01 / 10.02.2020
5536
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoat fondi saytni Davlat test markazidan himoya qilmoqda

2019 yilning dekabrida Davlat test markazi sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish hamda 200 mln so‘m miqdorida ma'naviy zarar undirish maqsadida «Gazeta.uz» va uning muallifi Komil Jalilovni sudga bergandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida Davlat test markazining «Gazeta.uz» sayti va uning muxbiri K.Jalilovga maqola yuzasidan raddiya e'lon qilish va rasmiy ravishda uzr so‘rash majburiyatni yuklash, shuningdek solidar tartibda 200 million so‘m miqdorida ma'naviy zararni undirish haqidagi talablari yuzasidan fuqarolik ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Sud jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan Kun.uz vakilining xabar berishicha, yaqindagina tashkil etilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi «Gazeta.uz» internet nashrining manfaatlarini ko‘zlab sudda ishtirok etishga kirishgan.

Sud jarayonlarida jamoat fondi nomidan uning direktori, huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev qatnashmoqda. 

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan ustaviga muvofiq Jamoat fondi ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga huquqiy yordam ko‘rsatish huquqlariga ega. 

Navbatdagi sud majlisi joriy yilning 26 fevraliga qoldirilgan.

Mavzuga oid