Zo‘ravonlikka uchragan ayollarga himoya orderi qay tartibda berilishi ma'lum qilindi
Bugun, 29 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda IIV boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori Nilufar G‘iyosova himoya orderi olish jarayonini tushuntirib berdi.
«Himoya orderi haqida Qonunning 23-moddasida aniq ma'lumot berilgan. U 24 soat ichida zo‘ravonlikka uchragan fuqaroga beriladi. Oilasi va atrofdagilar tomonidan tazyiqqa uchragan xotin-qizlarga order qay tartibda beriladi? Jabr ko‘rgan ayol yoki bu haqida xabardor bo‘lgan uchinchi shaxs (qo‘shni, qarindosh va boshqalar) yashash hududidagi huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qiladi.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektorlari jabrdiydaning yashash sharoitini o‘rganib chiqadi. Mahalla faollari, hududdagi xotin-qizlar qo‘mitasi mas'ul vakillari ishtirokida vaziyat o‘rganib chiqiladi, qo‘shnilarning fikri ham olinadi. Har bir instansiyaning xulosasi jamlanib, 24 soat muddatda order berish masalasi hal qilinadi. 30 kunlik muddat uchun beriladigan hujjat 3 nusxada bo‘ladi, ya'ni arizachi, zo‘ravonlik sodir qilgan shaxs va profilaktika inspektorida saqlanadi.
Hujjat yuridik kuchga ega hisoblanadi. 30 kun muddatda jabr ko‘rgan ayolga zo‘ravonlik sodir qilgan shaxs tomonidan yana tan jarohati yetkazsa, fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Xavf-xatar hali bartaraf qilinmagani aniqlansa, himoya orderi muddati uzaytirilishi mumkin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Zulayho Mahkamova zo‘ravonlikka uchragan ayollar soni haqida axborot berdi.
«Qo‘mita qoshida 197ta «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Markazlari» ishlamoqda. Markazlarga o‘tgan yili 22 ming 383 nafar xotin-qizlar murojaat qilgan. 7 ming 423 nafariga psixologik yodamlar ko‘rsatildi.
2019 yilda huquqiy masalalar yuzasidan 3 ming 311ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 800 nafardan ortig‘i zo‘ravonlik va tazyiqqa uchraganini ma'lum qilgan. 1146 «Ishonch telefoni»ga qilingan 815ta murojaatdan 50dan ziyodi shu masala bo‘yicha hisoblanadi. Demak, umumiy hisobda 2019 yilda 1000ga yaqin ayollar maishiy zo‘ravonlikdan aziyat chekishgan. Bu raqam, afsuski, reallikda bundan-da yuqori, chunki hamma ham tazyiqqa uchrayotganini ochiq-oydin aytolmaydi», deydi u.
Mahkamovaning qo‘shimcha qilishicha, qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlarning katta qismi uy-joy, bandlik, moddiy yordam, oilaviy va ish joyidagi zo‘ravonlik bo‘yicha bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
14:30
Zo‘ravonlik qurboni bo‘lganlar uchun xavfsiz boshpanalar tashkil etilishi mumkin
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024