Qirg‘iziston fuqarolarining AQShga kirishi cheklandi. Nega?
Endi qirg‘izistonliklar AQShda yashash va ishlash vizasi uchun ariza topshira olmaydi.
AQSh ma'muriyati fuqarolari qo‘shma shtatlarga kirishi cheklanadigan mamlakatlar ro‘yxatini e'lon qildi. Bu ro‘yxatga ilk marta sobiq sovet respublikasi ham kiritilgan: Nigeriya, Sudan, Tanzaniya, Eritreya va Myanma qatorida Qirg‘iziston ham bor.
Amerika matbuotiga ko‘ra, Vashingtonda Belarus fuqarolari uchun ham kirishni cheklash masalasi ko‘rib chiqilgan, biroq qarordan voz kechilgan.
Endi qirg‘izistonliklarga AQShda doimiy yashash vizasi berilmaydi
Amerika OAVlarining prognozlariga zid ravishda, ro‘yxat 6ta davlat fuqarolari uchun AQShga kirishni to‘liq cheklamaydi. U Qirg‘iziston, Myanma, Eritreya va Nigeriya fuqarolariga AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi immigratsion viza yuzasidan murojaat qilish huquqini bekor qiladi. Sudan va Tanzaniya fuqarolari esa grinkart lotereyasida ishtirok etishdan chetlatiladi.
Shu bilan birga, ushbu mamlakatlar aholisi bundan keyin ham turistik va kasb taqozosi bilan borish vizalarini olish uchun Amerika elchixonalari va konsulliklariga murojaat etishlari mumkin.
Qirg‘iziston tarafi nima demoqda?
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov bunga asosiy sabab – mamlakat fuqarolarida biometrik pasportlarning yo‘qligi deya hisoblaydi.
Qirg‘iziston TIV bunday qaror AQShning Qirg‘izistonga nisbatan siyosati bilan emas, Amerika ichki siyosiy kun tartibi bilan bog‘liqligiga ishonch bildirdi.
Ro‘yxatda bungacha 7ta mamlakat bor edi
AQShga 7ta musulmon mamlakatlari fuqarolarining kirishini cheklaydigan ilk rasmiy buyruq 2017 yilning 27 yanvar kuni Tramp tomonidan imzolangan edi. O‘shanda Eron, Iroq, Suriya, Sudan, Yaman, Liviya va Somali ro‘yxatga tushgan, keyinchalik Venesuela va Shimoliy Koreya ham qo‘shilgan edi.
Vashingtondagilar o‘sha vaqtda aynan shu davlatlar fuqarolari AQShning milliy xavfsizligi uchun o‘ziga xos tahdidga egaligi va ularning mamlakatga kirishini to‘liq ma'n etish kerakligini bildirgandi.
OAVda «musulmonlarga taqiq» («Muslim ban») deb ataladigan holat turli shtatlarda federal sudyalar tomonidan uch marta bloklangan, biroq oxir-oqibat Oliy sud prezidentni qo‘llab-quvvatlagan. Ro‘yxatdan Iroq va Sudan chiqarilgan, rasmiy buyruq matnida ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlarga nisbatan Vashingtonning talablarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilgan.
Tramp immigratsion siyosatda sobitqadam
O‘zining so‘nggi chiqishlarida Donald Tramp immigratsion siyosatdagi qattiqqo‘llik va fuqarolarining AQShga kirishi cheklanadigan mamlakatlar ro‘yxati doimiy ravishda kengayib borishi – prezident ma'muriyati siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini bir necha bor aytib o‘tgan.
Joriy yil yanvar oyida ham Davosga tashrifi davomida jurnalistlar oldida chiqishi qilgan Donald Tramp immigratsiyani cheklash bo‘yicha o‘zining saylovoldi va'dalaridan voz kechish niyatida emasligini aytdi.
«Bir necha davlatlarni [ro‘yxatga] kirityapmiz, – dedi Tramp. – Biz xavfsizlikda bo‘lishimiz kerak. Mamlakatimiz xavfsizlikda bo‘lishi kerak. Siz dunyoda nima yuz berayotganini ko‘ryapsiz. Mamlakatimiz xavfsiz bo‘lishi kerak».
AQSh Ichki xavfsizlik vazirining tushuntirishi
31 yanvar kuni ma'muriyatning yangi tashabbusi haqida ma'lum qilgan AQSh ichki xavfsizlik vaziri vazifasini bajaruvchi Chad Vulf yangi ro‘yxat deyarli bir yil davom etgan «tizimli hisobot»ning natijasi bo‘lganini aytdi.
2018 yilning mart oyida AQSh ma'muriyati terrorizm, razvedka va o‘z fuqarolariga berilgan pasportlar to‘g‘risida o‘zaro ma'lumot almashish borasidagi hamkorlik to‘g‘risida 200ta davlat hukumatlariga qator savollarni yuborgandi. Shundan so‘ng AQSh ichki xavfsizlik vazirligi, Pentagon, Davlat departamenti va Milliy razvedka xizmati direktorining ofisi vakillaridan iborat idoralararo guruh ushbu jami davlatlarni baholash ishlarini o‘tkazdi.
«Natijada aynan shu oltita davlat eng yomon bahoni oldi», – deya tushuntirdi Vulf Vashingtonda jurnalistlarning savollariga javob berarkan. – [Dastlabki ro‘yxatga kiritilgan] 7ta mamlakat kabi ular ham umumiy ro‘yxatda so‘nggi o‘rinlarni egalladi».
U mazkur mamlakatlarning «katta qismi» AQSh bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish va terroristik xavflarni baholashda ko‘maklashish niyatida ekanini ham qo‘shimcha qildi.
«Turli sabablarga ko‘ra ular biz aytgan minimal talablarni bajara olmadi», – deb ma'lum qildi Vulf. – Shuning uchun tashriflar uchun cheklovlarni kiritish ehtimoldagi xatarlarni kamaytirishning yagona usuliga aylandi».
Vazir bu kabi hisobotlarni har olti oyda tayyorlash rejalashtirilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatga tushgan davlatlar o‘z xavfsizligini mustahkamlash choralarini ko‘rib, AQSh bilan hamkorlikni kengaytirishga intilsa, ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
Mavzuga oid
22:49 / 27.12.2024
AQSh «Gurjiston orzusi» yetakchisi Bidzina Ivanishviliga qarshi sanksiyalar joriy etdi
21:44 / 27.12.2024
Tramp ilgari surayotgan ommaviy deportatsiya 86 mlrd dollarga baholanmoqda
10:43 / 27.12.2024
Qirg‘iziston ayrim Ko‘rfaz davlatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi
10:06 / 27.12.2024