O‘zbekiston | 22:31 / 01.02.2020
17964
3 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 2 yilda 56 ming gektar yer hokimliklar tomonidan noqonuniy ajratilgan – Bosh prokuratura

1 fevral kuni Bosh prokuraturada Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, yig‘ilishda egalik qilish, doimiy va vaqtinchalik foydalanish uchun yer ajratish va ijaraga berishda jiddiy qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganiga oid raqam va misollar keltirilgan.

«Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma'ruzasida, so‘nggi ikki yilda 56 ming gektar yer maydoni hokimliklar tomonidan noqonuniy ajratilganligini ko‘rsatib, mutasaddi rahbarlardan qonun talablariga qat'iy rioya etish talabini qo‘ydi», – deyiladi rasmiy press-relizda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilda respublika bo‘yicha 83 ta holatda 112 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer sifatida ajratib yuborilgan.

Misol uchun, Jarqo‘rg‘on tumanida 1,5 gektar sug‘oriladigan ekin maydoni g‘isht sexi qurish, Toshkent tumanida 20 sotix maydon savdo majmuasi qurish uchun shunday yo‘l bilan qonunga zid ajratib berilgan.

So‘nggi 2 yilda yer sotish, talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 473 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu jinoyatlarning 71 tasini poraxo‘rlik, 354 tasini firibgarlik, 37 tasini soxtakorlik kabi qilmishlar tashkil etadi. 

O‘tgan ikki yilda hokimliklarning 23 nafar, arxitektura va qurilish idoralarining 14 nafar xodimlari yer bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Misol uchun, Arnasoy tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkorga parrandachilik kompleksi uchun yer ajratish evaziga 13 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 3 ming AQSh dollarini olganda qo‘lga olingan.

Yer ajratish evaziga Urganch tumani hokimi o‘rinbosari 5 mln. so‘m, Xiva shahri hokimi o‘rinbosari 2 ming AQSh dollari, Chust tumani hokimi o‘rinbosari 2.000, Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari 6.000, Navbahor tumani hokimining o‘rinbosari 11 ming AQSh dollari pora olganligi uchun javobgar bo‘lgan.

Mavzuga oid