Xayrullo Bozorovning qarori bilan Farg‘ona shahri markazidagi 2 gektarlik ko‘l 24 kunlik firmaga berib yuborildi
Hokimlarning yer ajratishga oid vakolatlari tugatilganiga 2 yildan oshdi. Shunga qaramay viloyat hokimi prezident farmoniga qarshi borib, farg‘onaliklar ardoqlaydigan so‘lim maskanni ochilganiga 1 oy ham to‘lmagan “investor”ga in’om qilgan.
Farg‘ona shahri markazidagi sun’iy ko‘l o‘rni “dom”, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan qurilish firmasiga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Viloyat hokimi prezident qarorini noto‘g‘ri asos qilib ko‘rsatgan holda qaror chiqarib, go‘yoki “bino va inshootlarni” berganlik niqobi ostida yer ajratgan. Mazkur ko‘l 2020 yilda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga ta’mirlanib, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turining o‘quv bazasiga aylantirilgandi.
Bir yil oldingi “cho‘pchak”
Farg‘ona shahri markazidagi maydoni 2 gektardan ortiqroq bo‘lgan “Yoshlar ko‘li”ning “taqdiri” bir necha yildan beri noaniq bo‘lib kelayotgandi.
Farg‘ona shahrining “qaymoq” hududida joylashgan bu katta maydon ko‘plab quruvchilarning “ko‘z ostida” bo‘lgani bor gap. Ammo bu yerda bolalar uchun ko‘ngilochar maskan tashkil etilishi haqidagi xabarlar farg‘onaliklarning ko‘nglini xotirjam qilib kelayotgandi.
Jumladan, 2022 yilning dekabr oyida 12 nafar tadbirkor viloyat hokimiga turizm yo‘nalishida rejalashtirilayotgan loyihalarini taqdim etgan. Hokimlik matbuot xizmatining xabarida taqdimot davomida Farg‘ona shahridagi foydalanilmay yotgan Yoshlar ko‘li o‘rnida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida bolalar uchun ko‘ngilochar maskan tashkil etish loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq masala ham ijobiy yechim topgani aytilgandi.
2021 yilda viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 321 mln so‘m mablag‘ ajratilib, ko‘l atrofini temir panjara bilan o‘rash ishlari olib borilgan.
“Farg‘ona haqiqati” gazetasining 2022 yil 30 dekabr kunidagi sonida ham ko‘l bilan bog‘liq maqola e’lon qilingan. Unda ta’kidlanishicha, “Yoshlar ko‘li” o‘sha vaqtda viloyat suv sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qarashli bo‘lgan. 2020 yilda u yerda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan. Buning natijasida ko‘l suvga to‘ldirilgan va u baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turining o‘quv bazasiga aylantirilgan. Lekin boshlangan tashabbus nihoyalanmay, o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. Sababi, chuqurligi 10, eni 80, uzunligi 260 metr bo‘lgan ko‘lga suv to‘ldirish uchun nasoslar me’yoriy quvvatda ishlamagan. Ya’ni yer ostidan suv tortib olishga sarflanadigan elektr quvvati uchun xarajatlarga pul topilmagan.
Maqolada Farg‘ona shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Boburjon Ahmadjonovning hududni yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy markazga aylantirish, buning uchun 2023 yilning boshlaridan qurilish ishlari boshlanishi haqidagi fikrlari keltirilgan.
Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov esa “Yoshlar ko‘li”ga “Yoshlar shaharchasi” qiyofasi berilishi haqida gapirgan.
“Tan olish kerak, viloyatimiz turizm salohiyati bo‘yicha respublikada ilg‘orlar safida bo‘lsa-da, hanuz “Yoshlar shaharchasi” mavjud emas. Buning uchun juda tez fursatlarda “Yoshlar ko‘li”ga haqiqiy ma’noda “Yoshlar shaharchasi” qiyofasini berish ustida ish olib bormoqdamiz. Endilikda ko‘l sohillari tun-u kun farg‘onaliklarning qadami uzilmaydigan go‘shaga aylanadi. Hozircha bu xususida aniq bir narsa deyish qiyin. Chunki tadbirkor loyiha ustida o‘rganishlar olib bormoqda. Quvonarli tomoni shundaki, kelgusi yil davomida “Yoshlar ko‘li”da ulkan loyiha amalga oshirilishi natijasida bolalar uchun Disney Land, Yoshlar bog‘i kabi zamonaviy ko‘ngilochar majmualar qad rostlaydi, favvoralar quriladi”, degan u.
Ammo oradan bir yil o‘tib, bu va’dalarning bari cho‘pchak ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Yoshlardan tortib olinayotgan “Yoshlar ko‘li”
2024 yil fevral oyiga kelib, “Yoshlar ko‘li”ning o‘rnida viloyat hokimi o‘rinbosari aytgani kabi favvoralar otilib turgan, bog‘lari bo‘lgan ko‘ngilochar maskan emas, ko‘p qavatli uylar qurilishi ma’lum bo‘ldi: ko‘l o‘rni qurilish firmasiga berib yuborildi.
Farg‘ona viloyati hokimi 2024 yilning 29 yanvar kuni “Farg‘ona shahridagi bo‘sh turgan bino-inshootlardan samarali foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgan.
.
Hujjatda faqatgina bitta joy – shahar markazidagi “Yoshlar ko‘li” haqida gap boradi.
Qarorga ko‘ra, “Yoshlar ko‘li” bino-inshootlariga 6 mln AQSh dollari xorijiy hamda 90 mlrd so‘m ichki investitsiya kiritish, mehmonxona, restoran, savdo majmuasi loyihalarini amalga oshirish hamda 100 tadan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan Unays building MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida biriktirib berilgan.
Hokim qarorida Unays building MChJ hududda mehmonxona, restoran, savdo majmuasi bilan bir qatorda ko‘p qavatli turar joylar qurishi ham belgilab qo‘yilgan.
Yo‘q vakolatni bor qilish “san’ati”
Farg‘ona viloyati hokimining yuqoridagi qaroriga huquqiy asos sifatida prezidentning 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4231-sonli qarori keltirilgan.
Ammo prezidentning mazkur qarori talablari Xayrullo Bozorov qabul qilgan qaror bilan “kelishmaydi”.
Prezident qarorida viloyat hokimlariga shahar va tumanlar markazlarida foydalanilmasdan turgan binolarni tadbirkorlik sub’yektlariga ularda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish sharti asosida doimiy yoki uzoq muddatga foydalanish huquqi bilan berish vazifalari yuklatilgan. Ya’ni davlat rahbari qarorida foydalanilmay turgan binoni u yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorga berish nazarda tutilgan.
Farg‘ona viloyati hokimi esa o‘z qarori bilan “bino va inshootlar” “niqobi”ni kiydirgan holda “Yoshlar ko‘li”ning 2,2 gektarlik hududini qurilish firmasiga “dom” qurish uchun berib yubormoqda. Aslida, Xayrullo Bozorov bino emas, yerni ajratgan. Sababi, “Yoshlar ko‘li”ning mehmonxona, restoran, savdo majmuasi yoki ko‘p qavatli turar joyga aylantiriladigan binosi yo‘q. U o‘z nomi bilan sun’iy ko‘l, ya’ni yer maydoni hisoblanadi.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas
Prezidentning 2021 yil 8 iyundagi tegishli farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilingan.
Ammo, bitta qaror bilan minglab gektar yerlar taqdirini hal qilib kelgan hokimlar bu vakolatdan mosuvolikni xazm qilolmayotganliklarini ahyon-ahyonda fosh qilib qo‘ymoqdalar.
Xayrullo Bozorov ham Unays building MChJga to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratar ekan, bunga aslida vakolati bo‘lmaganini bilmay qolgan bo‘lishi mumkin emas.
Shubhali “saxiylik”
Farg‘ona viloyati hokimining qarori 2024 yil 29 yanvar kuni qabul qilingan. Mazkur qaror bilan “saxiylik” qilingan firma – Unays building MChJ esa qaror chiqishidan 25 kun oldin, 2024 yil 5 yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Ochiq ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, avvaliga MChJning ustav kapitali 7 mlrd so‘m hamda ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Rahimov Eldor Habibovich bo‘lgan.
Ammo ko‘p o‘tmay, Eldor Rahimov MChJ rahbariga aylangan, ta’sischilik esa 100 foizlik ulush bilan He Veilu ismli shaxsga o‘tgan. Shuningdek, MChJ ustav kapitali 1 mlrd so‘mga tushirilgan.
Viloyat hokimi tomonidan 24 kunlik firmaga Farg‘ona shahri markazidan katta hududning ajratib berilishi anchagina shubhali. Nega aynan 24 kunlik firma tanlandi, nega aynan Unays building MChJ, kelishuvga qaysi eshiklar ortida va qachon erishildi? Hokim bila turib nega vakolati doirasidan chetga chiqdi? Aldangan farg‘onaliklarga kimdir izoh beradimi?
Shu kabi savollar vakolatli organlar tomonidan sinchiklab o‘rganilishi lozim.
“Yoshlar ko‘li” Farg‘onada ko‘pchilik borib dam oladigan kam sonli go‘zal maskanlardan biri. Hokim qarori ko‘lning yana avvalgiday ko‘ngilochar joy sifatida qayta ish boshlashini kutib yurgan va shunga ishontirilgan farg‘onaliklarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
11:26
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
20:18 / 30.11.2024
Energetika sohasidagi sustkashlik uchun 14 nafar hokimga hayfsan berildi
11:06 / 03.11.2024