O‘zbekiston | 12:09 / 04.02.2020
42906
3 daqiqa o‘qiladi

TMMA Janubiy Koreyaga ishga ketishning 6 ta asosiy bosqichi haqida ma'lum qildi

Janubiy Koreyaga qanday qilib qonuniy asosda ishga ketish mumkin, uning bosqichlari nechta kabi savollar ko‘pchilikni qiynab keladi, biroq bu savolga qisqa va lo‘nda javob topish qiyin. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ayni shu masalaga oydinlik kiritdi.

Foto: KUN.UZ

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Janubiy Koreya Respublikasiga mehnat migratsiyasini amalga oshirish jarayonlari qayyo‘sinda amalga oshirilishiga oydinlik kiritdi va bu haqda Kun.uz’ga ma'lum qildi. Unda qayd etilishicha, J.Koreya hududida ishga joylashishning asosiy tartibi 6 bosqichdan iboratdir:

👉 1-bosqich. Bilimni baholash markazida koreys tilini bilish darajasi bo‘yicha testdan muvaffaqiyatli o‘tish talab etiladi.

👉 2-bosqich. Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD) tomonidan o‘tkaziladigan EPS-TOPIC test imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tish.

👉 3-bosqich. HRD vakillari tomonidan o‘tkaziladigan malaka testida (skill test) quyidagi mashqlar va suhbatdan o‘tish kerak bo‘ladi. Bular quyidagi sinovlardan iborat:

✅ – rang ajratishni sinash (daltonizm);

✅ – jismoniy mashq (qo‘l kuchini sinash, bo‘y va vazn o‘lchash, og‘irlik ko‘tarish mashqi);

✅ – malaka testi (rangli xalqachalarni ajratish va joy-joyiga qo‘yish, po‘lat simlarni belgilangan hajmda qirqish, probirkalarda belgilangan xajmni o‘lchash, temir xalqalarni joy-joyiga joylashtirish);

✅ – koreys tilida mutaxassis bilan suhbatlashish.

👉 4-bosqich. Malaka testidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar HRD tomonidan belgilangan muddatlarda Koreya ish beruvchilarining maxsus SPAS bazasiga kiritiladi.

👉 5-bosqich. Koreya tomonidan shartnoma loyihasi taqdim etilgan fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, o‘qish va adaptatsiya jarayonlaridan o‘tadi.

👉 6-bosqich. Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi konsullik xizmati tomonidan fuqarolarga viza rasmiylashtiriladi va 4 yil 10 oy muddatga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo‘nab ketadi.

❗️ Eslatma! O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘zbekistonliklarni Koreya Respublikasiga ishga jo‘natish (E-9 ishchi viza) huquqiga ega yagona tashkilot Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisoblanadi, xususiy bandlik agentliklariga bunday vakolat taqdim etilmagan.

Mavzuga oid