O‘zbekiston | 18:53 / 08.02.2020
18989
5 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari yangi stipendiya tizimida ham korrupsiya saqlanib qolishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi

Talabalarga to‘lanadigan yangi stipendiya tizimi orqali oliy ta'limdagi korrupsiyani tugatish reja qilingan, - deya ma'lum qildi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov.

7 fevral kuni Toshkent shahridagi «Talabalar media ijtimoiy va madaniyat maskani» binosida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida stipendiya to‘lashning yangi tartibi muhokama qilindi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan stipendiya to‘lashning yangi tartibi bo‘yicha 30 foiz fanlardan 3 baho olgan talaba semestr davomida stipendiya olmasligi, bu holatda 3 baho olmaslik uchun ham ayrim talabalar tomonidan baribir korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi mumkinligi borasida savol berildi.

Savolga dastlab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov javob berdi.

Uning aytishicha, universitetda oxirgi semestrda sinovdan o‘tkazilgan tizim bo‘yicha yakuniy imtihonlarda o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi bog‘liqlik uziladi va qisman korrupsiyaning oldi olinadi.

«Iqtisodiyot universitetida bir tizimni yo‘lga qo‘ydik. Bunda imtihonlarda tushadigan barcha test savollari talabalarga oldindan yetkazildi. Yana bir o‘zgarish: talabalar yakuniy imtihonlarni onlayn tarzda test markazlarida topshirdi.

Bu jarayonda o‘qituvchilar qatnashmaydi. Test jarayonini nazorat qiluvchi nazoratchilar esa universitetning o‘zidan bo‘lmaydi. Talabalarda test jarayoniga nisbatan e'tirozlar bo‘lsa, test jarayoni yakunida qayta imtihon qildik.

Bu jarayonda talaba va professor, o‘qituvchi aloqasi bo‘lmaydi. Bu jarayon yakuniy imtihonlarda korrupsiya holatlarining oldini olish imkoniyatini beradi», — dedi u.

Savol yuzasidan, shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov ham o‘z fikrlarini bildirdi.

Sarvar Buzrukxonov

«Bu yangi tizimni joriy qilish uchun ko‘pchilik mehnat qildi. Ko‘p tahlillar qilindi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, stipendiya to‘lash tartibi hozirda faqat MDH davlatlaridagina saqlanib qolgan.

Ta'lim sifati bizga yaqinroq bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istondagi tizimni olib ko‘raylik. Bu davlatlarda ham talabalarga stipendiya to‘lanadi ammo 3 bahoga o‘qiydiganlarga emas. Ular budjetdan stipendiya olmaydi», dedi Buzrukxonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda jami 88 ming talaba davlat granti, 278 ming talaba esa kontrakt asosida o‘qiydi. Shuncha talaba orasida davlat granti bilan o‘qiyotgan talabalar esa albatta qolganlardan o‘qishi bilan farq qilishi kerak.

Hukumat esa adolat va ijtimoiy himoya prinsiplaridan kelib chiqqan holda budjetdagi talabalar uchun 3 baho olmaslik shartini 30 foizgacha qoldirgan.

«Keling, holatga Milliy universitetidagi matematika yo‘nalishi talabasi misolida qaraymiz. U matematik, u iqtidorli bola, lekin mutaxassisligi bo‘lmagan jismoniy madaniyat fanidan past baho olishi mumkin. Shuning uchun, 30 foizlik chegara qoldirildi. Lekin 3 bahosi 30 foizdan oshib ketgan talabaga biz stipendiya berolmaymiz.

Korrupsiya bo‘lmaydimi, deyapsiz. Prezident oliy ta'lim sohasini korrupsiyadan holi soha, deb e'lon qilgan.

Biz tizimda korrupsiyani yo‘qotish bo‘yicha barcha choralarimizni qo‘llayapmiz. Bizga talabalarni o‘zi ham yordam berishi kerak.

Bu yildan boshlab biz barcha oliy ta'lim muassasalarida talabalar kengashlarini tuzyapmiz. Stipendiya belgilashning yangi tizimi bo‘yicha mana shu kengashning o‘rni oshiriladi. Bu kengash Yoshlar ittifoqidan alohida organ hisoblanadi.

Talabalarni rag‘batlantirish va qo‘shimcha stipendiya belgilashdagi asosiy vakolatlar ham mana shu kengash qarori bilan bo‘ladi.

Avvallari 5 va 3 bahoga yopgan talabalar stipendiyasi deyarli 2 barobar farq bo‘lardi va shu sababli, talabalar 5 bahoga yopish uchun ham pul ko‘tarib yurishardi.

Hozir 195 ming 884 nafar talaba stipendiyasiz shaklda to‘layapti. Ular endi pul ko‘tarib yurmaydi. Mana shu tizimga o‘tganimizning o‘zi ham korrupsiyani katta foizlarga yo‘qotmoqda», deya Sarvar Buzrukxonov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid