O‘zbekiston | 22:02 / 14.02.2020
32809
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Mustafoyev: «Svet» har o‘chganda bizni qanday eslashlarini juda yaxshi bilaman

Bugun, 14 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan «2019 yilda iste'molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga qaraganda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tarkibida 16ta elektr ta'minoti korxonasi, shundan 0,4-6-10-35-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya, shuningdek, mazkur obektlarning rivojlanishi doirasida yangi qurilish, rekonstruksiya, kapital va joriy ta'mirlash ishlarini amalga oshiruvchi 14ta hududiy elektr tarmoqlari korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

2019 yilda iste'molchilarga 52 095,9 mln kVt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. O‘rtacha bir kunlik ehtiyoj kuz-qish mavsumida 149,4 mln kVt soatni tashkil qilgan (shundan, 47,9 mln kVt s aholi uchun), yoz kunlari kunlik iste'mol 162,7 mln kVt soatga teng bo‘lgan (aholi uchun 29,2 kVt s).

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyev aholi orasida «svet» o‘chishi bilan bog‘liq e'tirozlar yuzasidan vaziyatni izohladi.

«Ko‘pchilik «nega saylov kunlari, bayram kunlari chiroq o‘chmaydi, keyin yana o‘chishni boshlaydi?» deb e'tiroz bildiradi, bunga xalqimiz haqli albatta. Men o‘zim ham qishloqda yashaganman, ahvoldan boxabarman, har «svet» o‘chishida bizni qanday eslashlarini juda yaxshi bilaman.

Aynan saylov va bayram kunlari bizda bir kilovatt elektr energiyasining tannarxi 9-10 sentga chiqib ketadi. Chunki o‘sha kunlari tig‘iz tartibda ishlaymiz va vaziyatdan chiqish uchun mazut yoqamiz. Ammo biz har doim ham mazut yoqa olmaymiz, ham tanqis mahsulot, ham juda qimmatga tushadi. O‘shanday kunlari, tannarx 9-10 sentga chiqqanda ham aholi uchun narx o‘zgarmaydi – 295 so‘m, bu 3 sent atrofida degani.

Agar biz yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun bahoni 5-6 sentga ko‘targanimizda edi, investorlar juda ko‘payar, ishlab chiqarish hajmi oshardi. Bu bosqichma-bosqich bajariladigan ish, aholining turmush darajasi, daromadlari oshishi bilan amalga oshiramiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

 

Mavzuga oid