O‘zbekiston | 14:46 / 17.02.2020
49049
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayrim ichki ishlar xodimlarining sonini kamaytirish mo‘ljallangan

Kelgusida zamonaviy, raqamli texnikalardan foydalanish evaziga ayrim ichki ishlar xodimlarining soni kamayadi

Foto: KUN.UZ

Xalqaro press-klubning davlat dasturi loyihasining davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, sud-huquq sohasini isloh qilish, xavfsizlikni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda tashqi siyosat sohalaridagi dolzarb tadbirlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 

Unda Oliy Majlisning yuqori va quyi palata, Bosh prokuratura, IIV vakillari ishtirok etishmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, respublikada ayrim ichki ishlar xodimlarining soni kamayishi mumkin.

Aziz Ikromov
Foto: Xalqaro press-klub

“Respublika bo‘ylab 3 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisalarini nazorat qiluvchi xodimlar bor. Kelgusida zamonaviy, raqamli texnikalardan foydalanish evaziga ularning soni kamayadi”, - dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ham ishtirok etmoqda. U bugungi kunda sud amaliyotiga hech qanday aralashuv yo‘qligini bildirdi.

“Bugun sud amaliyotiga prokuratura, ichki ishlar va boshqa xavfsizlik xizmatlari tomonidan mutlaqo aralashuv yo‘q”, - dedi u. 

Shuningdek, Yodgorov O‘zbekistonda o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari ko‘payganini aytdi.

“Statistik ma'lumotlarga qaraganda keyingi vaqtda O‘zbekistonda o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari ko‘paygan. Hatto bu jinoyatlarni o‘ziga kasb qilib olgan shaxslar bor”, - dedi u.

Mavzuga oid