O‘zbekiston | 17:14 / 24.02.2020
25798
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkino» Ikkinchi jahon urushida 5 o‘g‘lini yo‘qotgan o‘zbek ayoli haqida film suratga olmoqda

Foto: Minsk-Novosti

“O‘zbekkino” kinostudiyasi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab “Ilhaq” deb nomlangan film suratga olmoqda. Bu haqda “Minsk-Novosti” ma'lum qildi.

Film real voqealarga asoslangan bo‘lib, 12 fevralda suratga olish ishlarining O‘zbekistondagi qismi yakunlanib, hozirda suratga olish jarayoni Belarusda davom ettirilmoqda. Rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligidagi suratga olish jamoasi “Belarusfilm” kinostudiyasi ijodkorlari bilan birgalikda Minskdagi zavodlardan birida jang sahnalarini suratga olmoqda. Bu yerda 1943-yillar muhiti yaratilgan.

Foto: Minsk-Novosti

Filmga Toshkent viloyatining Xonobod qishlog‘ida yashagan Zulfiya aya Zokirova va uning kenja o‘g‘li Yusuf Xolmatovning taqdiri asos qilib olingan. 5 o‘g‘il va bir qiz farzandni bir o‘zi voyaga yetkazgan bu ayol Ikkinchi jahon urushi vaqtida barcha o‘g‘illari - Isoqjon, Ahmadjon, Muhammadjon, Vahobjon va Yusufjonni yo‘qotgan. Ularning barchasiga frontdan “qora xat” kelgan. Bunday mash'um xatlardan oxirgisi Zulfiya ayaga 1945 yil fevralida kelgan. Ona kelinlari bilan butun umri davomida farzandlari xotirasiga motam tutgan.

Ushbu film urush, ona mehri, vatan, muhabbat va jasorat haqidadir.

Film rejissyori Jahongir Ahmedovning ta'kidlashicha, dastlab filmni faqat O‘zbekistonda suratga olish rejalashtirilgan, biroq keyinroq ssenariy jang sahnalari bilan to‘ldirilgan va suratga olish jamoasi ularni tasvirga olish uchun ataylab Minskka kelgan.  

Film qahramonlaridan biri Yusuf Xolmatov o‘z yoriga urushdan albatta qaytishga va'da beradi, biroq u Leningrad uchun kechgan jangda 20 yoshida halok bo‘ladi. Ushbu rolni yosh iste'dodli aktyor, tomoshabinlarga “Sariq devni minib” filmidagi Hoshimjon roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan Bunyod Rahmatullayev ijro etgan. 

“Men o‘z personajim haqida gapirganimda ko‘zimga yosh keladi, chunki bu juda og‘irdir. Ota-onam uyda meni bu ahvolda ko‘rib ularning ko‘ziga ham yosh keldi. Bu haqiqiy urushdir, biz buni ko‘rib, yashab va yo‘qotish nimaligini angladik”, deb aytgan yosh aktyor.

“Bu yigitlarning barchasi turli joylarda qahramonlarcha jang qilib, halok bo‘lishgan: biri Leningrad ostonasida, boshqasi Ukrainada, uchinchisi Belarusda, to‘rtinchisi Varshava yaqinida. Biz barcha bu voqealarni Minskda, Kirov nomidagi zavod hududida birlashtirdik”, deb aytgan film sahnalashtiruvchi rassomi Natalya Navoyenko.

Foto: Minsk-Novosti

“Butun dunyo onalari o‘xshash. Ukraina bo‘ladimi, Belarus yoki Rossiya bo‘ladimi. Bunda millat umuman ahamiyatga ega emas. Hamma “mama” deydi. Bu film nafaqat Zulfiyaning, balki barcha onalarning jasorati haqidadir”, deb aytgan filmning ikkinchi rejissyori Zafar Asqarov. Rejissyorning ta'kidlashicha, Zulfiya aya bunday ko‘rgilikdan keyin o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan, hech narsadan nolimay, hayotni davom ettirishga o‘zida kuch topa olgan. Kelinlarida ham shaxsiy hayotlarini davom ettirish tanlovi bo‘lgan bo‘lsa-da, ular halok bo‘lgan erlariga sodiq qolganlar. 

Ta'kidlash joiz, filmni yaratish g‘oyasini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bergandi.

Film premerasi may oyiga belgilangan. Shuningdek, Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida urush vaqtidagi ayollarning jasorati va matonati ramzi sifatida film qahramoni Zulfiya Zokirovaga haykal o‘rnatilishi ham rejalashtirilgan.

Mavzuga oid