O‘zbekiston | 23:15 / 24.02.2020
5585
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Jizzaxda quyosh elektr stansiyalari qurish bo‘yicha investorlar o‘rtasida tanlov e'lon qilindi 

Tanlov tashkilotchilari Energetika vazirligi tizimidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisoblanadi.

Foto : KUN.UZ /arxiv

“Mazkur foto elektr stansiyalar (FES) bo‘yicha alohida ishlarni bajarish, moliyalashtirish, qurilish va ishga tushirish hamda egalik qilish (PV) borasida bitta yoki ikkita yoxud xususiy sektordan iborat mustaqil elektr energiya ishlab chiqaruvchilar (IPP) konsorsium tanlab olinishi rejalashtirilgan. Har bir FESning quvvati qariyb 200 MVt bo‘lishi taxmin qilinmoqda”, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi (DXSh) qonuniga binoan tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Hozirda unda ishtirok etishni istagan potensial investorlar loyihaga qiziqish bildirishlari va dastlabki malakaviy tanlovdan o‘tish uchun ariza berishlari mumkin.

Malakaviy tanlovdan o‘tgan potensial talabgorlar ikkinchi bosqichda loyihani baholash, loyiha hujjatlariga sharh berish va keyin texnik hamda moliyaviy takliflarni taqdim etishga taklif etiladilar.

"Loyihaga qiziqish bildirish" bo‘yicha rasmiylashtirish tafsilotlari bilan Energetika vazirligining veb-saytida tanishish mumkin. Uni 2020 yil 21 martgacha bo‘lgan muddatda taqdim etish kerak.

Qayd etilishicha, Jizzax va Samarqand viloyatlarida FES qurilishi O‘zbekiston hukumatining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaqin 10 yil ichida 5 GVt ga yetkazish strategiyasi doirasida amalga oshiriladi.

Ushbu maqsadda Xalqaro moliya korporatsiyasi (Jahon banki guruhi) quvvati 900 MVtgacha bo‘lgan quyosh energiyasi loyihalari bo‘yicha tenderlarni tashkil etish va o‘tkazishda ko‘maklashish uchun yetakchi maslahatchi sifatida jalb etilgan.

Mavzuga oid