O‘zbekiston | 22:42 / 25.02.2020
36194
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi moliya vaziri va uning birinchi o‘rinbosari tayinlandi

Timur Aminjanovich Ishmetov 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Foto: Xalqaro press-klub

25 fevral kuni e'lon qilingan prezident farmoniga asosan, Ishmetov Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga o‘tkazilgan Jamshid Qo‘chqorovning o‘rnini egalladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan Kun.uz`ga ma'lum qilishlaricha, Timur Ishmetov nomzodini vazir sifatida tasdiqlash masalasi palataning 24 fevraldagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan va taklif ma'qullangan.

Timur Aminjanovich 2019 yil mayidan buyon Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi. Bunga qadar esa 2 yil davomida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Timur Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutining «Moliya va kredit» fakulteti, 2005 yilda Birmingem universitetining International Money and Banking yo‘nalishida magistratura bosqichini, 2007 yilda -Toshkent yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlagan. 2017 yil apreligacha turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Jumladan, turli vaqtlarda MBning Monetar operatsiyalar departamenti, Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti, Ichki valuta bozoridagi operatsiyalar va Valuta boshqaruvi va nazorati departamentiga rahbarlik qilgan, 2017-2019 yillarda Markaziy bank raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Ishmetovning o‘rniga, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib Omonullo Zabixullayevich Nasriddinxo‘jayev tayinlandi.

Foto: Omonulla Nasritdinxo‘jayev / Facebook

Nasriddinxo‘jayev shu vaqtgacha prezidentining iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsiyalar va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

U 1971 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan,  millati o‘zbek, ma'lumoti oliy. 1994 yilda Toshkent Davlat universitetini, 2002 yilda Italiyadagi «SDA Bocconi» menejment maktabini tamomlagan, shuningdek, 2016 yilda Harvard Biznes maktabi ilg‘or menejment dasturini tamomlagan. U turli yillarda Alisher Usmonov boshqaruvidagi USM Holdings tarkibidagi kompaniyalarda faoliyat ko‘rsatgan. 

Ma'lumot o‘rnida, moliya tizimida vazirning 7ta o‘rinbosari lavozimi bor. Ularda Ahadbek Haydarov, Yorqin Tursunov, Shoxruh Shorahmedov, Dilshod Sultonov, Odilbek Isoqov, Abdimuxtor Ergashev, G‘olib Xoljigitov faoliyat yuritib kelmoqda.

Mavzuga oid