Sport | 19:21 / 26.02.2020
15616
6 daqiqa o‘qiladi

Kanchelskisda yaxshi imkoniyat: «Navbahor» sovrindor bo‘lishga loyiq tarkib yig‘di

Yangi mavsum oldidan klublardan reportajlar taqdim etib kelayotgan Kun.uz va Tribuna.uz obektivida bugun – Namanganning «Navbahor» klubi.

Namanganlik muxlislar futbol bahslarini sog‘inganini «Navbahor» klubi tomonidan o‘tkazilgan yangi futbolchilarni tanishtirish marosimida sezdik. Jamoa rahbariyati taqdimotni stadionda o‘tkazib qo‘ysa ham bo‘laverar ekan. Sababi, marosimga ko‘p sonli muxlislar keldi.

O‘zbek futboliga ko‘plab iqtidorlarni yetkazib bergan «Navbahor»ning sadoqatli muxlislari juda ko‘p. «Lochinlar»ning o‘z stadionidagi o‘yinlari doim muxlislar bilan to‘la holda o‘tsa, ishqibozlar mehmondagi o‘yinlarda ham klubni yolg‘izlatib qo‘ymaydi.

Bizni hayron qoldirgan jihat – muxlislar jamoa mashg‘ulotlariga ham kelib, futbolchilarga dalda bo‘lib turishar ekan.   

Mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan maydonda bosh murabbiy Andrey Kanchelskisdan klubdagi mavsum oldi tayyorgarlik haqida so‘radik.

«Superliga o‘yinlariga reja asosida tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Turkiyada 20 kunlik o‘quv-mashg‘ulotlari yig‘ini o‘tkazdik. «Paxtakor» bilan bo‘ladigan ilk o‘yin bizni chempionatga qay darajada shay ekanligimizni ko‘rsatib beradi.

To‘g‘risi, men uchun birinchi o‘yinni Toshkentda o‘tgan yilgi chempionga, ayni paytda OChLda to‘p surayotgan jamoaga qarshi o‘tkazish yoqimli holat. O‘zimizga ishonyapmiz, ishonch yaxshi tuyg‘u. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Bu yil jamoaga yangi kelgan legionerlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, Ruslan Bolovdan ko‘p gollar urishini kutyapmiz. O‘tgan yili Aleksandr Kasyan mavsum avvalida gollari bilan jamoani o‘ziga ishonchini oshirgan edi. Bolovdan ham xuddi shunday natijalarni kutyapmiz.

«Navbahor»ning qiziqqon va sodiq muxlislari bor. Futbolchilarimiz ularning hurmati uchun har bir o‘yinda bor kuchini berib o‘ynashga harakat qiladi. Ishqibozlar ham futbolchilarimizning ularni xursand qilish uchun maydonga tushayotganimizni his qilib turishadi. Bizni muntazam quvvatlab kelayotgan ishqibozlarga alohida tashakkurlarimni aytib o‘taman. Yangi mavsumning har bir o‘yinida ularni quvontirish uchun g‘alabali onlarni hadya qilish uchun maydonga tushamiz.

Ayni paytda vaqtdan o‘zib, «Navbahor» mavsum oxirida yuqori o‘rinlarni egallaydi, deya olmayman. Shuni aytishim mumkinki, biz har bir o‘yinda maydonga jangovar ruhda, g‘alaba qozonish uchun tushamiz», –deydi klub bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis.

Yarimhimoyachi Azimjon Ahmedov «Navbahor» hech qaysi jamoadan qo‘rqmasligini ta'kidladi.

«Bugungi «Navbahor»ning tarkibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, jamoaga ancha tajribali futbolchilar yig‘ilgan. Mavsum oldidan barcha o‘yinchilar ham yig‘ilib, mavsum davomida muxlislarni xursand qilishga, maydonda bor kuchimizni berib o‘ynashga kelishib oldik.

Takror aytaman, bu yilgi tarkibimiz kuchli. Ishqibozlar shuncha yil sabr qilishdi. Mana shu jamoa bilan ularning ishonchini oqlab, OChL musobaqalarida qatnashish uchun harakat qilamiz. Muxlislarga aytar so‘zim – biz hech qaysi jamoadan cho‘chimaymiz, chunki bizni doim qo‘llab turadigan zo‘r ishqibozlarimiz bor. Biz «Navbahor» klubi muxlislarini birinchi o‘yinda «Paxtakor» stadionida kutib qolamiz», – dedi Ahmedov.

Jamoaga Javlon Ibrohimov, Zabixillo O‘rinboyev, Ruslan Bolov, Islom Rashidxonov, Xurshid Muxtorov, Islom Isoqjonov, Tohir Shamsiddinov, Sardor Telyakov, Anvar Hojimirzayev kabi o‘yinchilar jalb qilindi.

O‘tgan mavsumda Namanganda to‘p surgan O‘tkir Yusupov, Azimjon Ahmedov, Ivan Solovyov, G‘iyosjon Komilov, Obid Jo‘raboyev, Mirzohid G‘ofurov, Igor Golban, Abbos G‘ulomov, Abdujamol Isroilov, Azizbek Turg‘unboyev, Amirbek Jo‘raboyev, Abdulhay Ismoilov, Komil Tojiddinov singari futbolchilar bilan tuzilgan shartnoma muddatlari uzaytirildi.

Yoshlar jamoasida o‘zlarini ko‘rsatgan Islom Abdullaxonov, Shahzodbek Hamidov va Husayn Ergashboyevlar ham asosiy tarkibga kiritildi.

Xurshid Muxtorov (himoyachi):

– Mavsum oldi tayyorgarliklar juda yaxshi o‘tdi. Mashg‘ulotlarni Toshkentda boshlagan bo‘lsak, keyin yig‘in Antaliyada davom etdi. Hamma sharoitlar yetarli bo‘ldi. Yaxshi jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdik. Xudo xohlasa, «Navbahor» bu yilgi chempionatga tayyor, deb o‘ylayman.

Baxtiyor Nurmatov, «Navbahor» futbol klubi direktori:

– Yangi mavsumga tayyorgarlik, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida moliyaviy va boshqa hech qanday qiyinchiliklarga duch kelganimiz yo‘q. Viloyat va shahar hokimlari, barcha homiylar qo‘llab-quvvatlab turishibdi. O‘ylaymizki, mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlaymiz, yuqori saviyada o‘ynab, chempionlik uchun kurash olib boramiz.

Ko‘rib turganingizdek, «Navbahor» klubining asosiy maydoni shay holatda. Mashg‘ulot maydonlari ham yuz foiz tayyor.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzuga oid