Jamiyat | 16:56 / 28.02.2020
17623
5 daqiqa o‘qiladi

«Buyuk ko‘llar» - G‘uzordagi muammolarga «botgan» mahalla yangi nom oldi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani yo‘llaridagi mashaqqat bu hududda harakatlanuvchilarning hech biriga begona emas. Ammo tuman markazida joylashgan «Buyuk karvon» mahallasidagi yo‘l azobi chandon og‘irroq.

Bu — «Buyuk karvon» mahallasidagilarning e'tirofi. Ular mahalla nomini ham o‘zgartirib olishibdi — «Buyuk ko‘llar»!

Ochig‘ini aytish kerak, ichki yo‘llar bilan hali-beri maqtana olmaymiz. Ammo har qanday muammoning chegarasi, toqat qilib bo‘lmay qoladigan darajasini anglaymiz. Buyuk karvonliklar xususan, yo‘l masalasida toqat qilib bo‘lmas vaziyatga kelib qolishgan. Ular yo‘llar va ko‘chib kirilganiga endigina bir yil to‘lgan namunaviy uylar holatidan arz qilishmoqda.

«Bu uylar kam ta'minlanganlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘tgan yilning boshlarida ko‘chib kirdik. Hozir bu uylarda istiqomat qilayotganlarning aksariyati haqiqatan ham kam ta'minlanganlar: kimdir yolg‘iz ona, boshqasi qo‘l uchida kun ko‘radi, yana biri mavsumiy ishchi. Uyning umumiy narxi esa 352 million 960 ming 515 so‘mni tashkil etadi.

Oyiga bir-bir yarim million so‘m daromad bilan ishlayotganlar bor. Ularga yashash, uylarning kreditini to‘lash qanchalik og‘ir ekanini tasavvur qilish qiyin bo‘lmasa kerak. Demoqchimanki, shuncha mashaqqat bilan olgan uyimizda ham halovat ko‘rmayapmiz. Noqulayliklar yuzaga kelyapti, sifatsiz qurilgani uchun uy devorlari nurab boryapti», — deydi Mohichehra Nizomova.

Namunaviy uylarni isitishning imkoni yo‘q. Qozonxonalarni o‘tin yordamida isitishga urinib ko‘rganlarning allaqachon hafsalasi pir bo‘lgan. Ular butun qish davomida qo‘lbola pechlardan foydalanib, uy isitishgan. Qozonxonada o‘tin yoki ko‘mir yoqishsa, uyning ichi dudga to‘lib ketadi. Deyarli barcha xonadonlarda shu holat kuzatilgach, ular qozonxonadan omborxona sifatida foydalana boshlagan.

«Ikki yuz metrcha naridan tabiiy gaz o‘tgan. Oyog‘imiz tagidan oqib o‘tayotgan ne'mat bizga nasib qilmaydi. Bizning nima aybimiz bor?!», deya tabiiy gaz quvurlari o‘tgan tomonga ishora qildi Shokir ota Ergashev.

Namunaviy uylarda yashayotgan buyuk karvonliklar uyiga mehmon chaqirganda, mana shu yo‘llardan o‘tib borishlariga to‘g‘ri keladi.

Bu uy egalari ko‘chib o‘tganiga ellik yil bo‘lgani yo‘q, albatta. Ammo mana bu vanna «Titanik» kemasida ishlatilganmi, deb o‘ylab qolasiz.

«Poydevori noto‘g‘ri quyilgani sababli boshqalarnikiga qaraganda, bizning uyimiz 20 santimetr kichik bo‘lib qolgan. Natijada, uy jihozlarini joylashtirishning imkoni bo‘lmayapti. Kimga murojaat qilishni bilmayman», — deydi Habiba Ahmedova.

Qiziq, bu uylarni qurib, foydalanishga topshirgan mas'ullar «arzon uy-joylar» deganda nimani nazarda tutishdi ekan? «Arzon» deganda — qo‘l uchida ishni bitirish, kam mehnat sarflash, sifatsiz qurilish ko‘zda tutilganmidi? Vaholanki, umumiy narxi 352 million 960 ming 515 so‘m bo‘lgan, qozonxona talabga javob bermagani uchun elektr pechlarda uy isitib, oyiga 400-500 ming so‘m elektr energiyasi uchun to‘lov qilgan, bir tomchi suvni ham sotib olayotgan shu insonlarning uyi arzonmi? Bizningcha, bu yerda INSON QADRI ARZON!

Darvoqe, G‘uzor markazidagi dehqon bozor yo‘lidan o‘tar ekanmiz, taniqli bir san'atkorning iborasi yodga tushdi: «G‘uzorga borib, belimgacha pulga, tizzamgacha loyga botdim...»

Atigi bir oy oldin Shahrisabz tumanida ham shu kabi muammoni o‘rganib, aynan namunali uylarda qozonxona nomiga qo‘yilgani va ishlamasligiga guvoh bo‘lgandik. G‘uzorda ham shu holat ekani bizni sergak torttirdi. Tabiiy gaz bo‘lmagan joyda qanday qilib tabiiy gazga moslashgan qozonxona qurilgan? Agar u biror muqobil yoqilg‘ida ham ishlashi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, nega hozir ishlatib bo‘lmayapti? Shu kabi savollarga Qashqadaryo mas'ullari bu safar javob topishar, degan umiddamiz.

Isomiddin PO‘LATOV,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid