Jahon | 07:57 / 28.02.2020
23740
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya kuchlarining aviazarbalari oqibatida 33 turk harbiysi halok bo‘ldi

Suriya hukumat kuchlarining Idlibga berilgan aviazarbalari 33 turk harbiysining halok bo‘lishiga olib keldi. Bundan tashqari, 30 dan ko‘proq turk harbiysi jarohatlangan.

Foto: Aref Tammawi/AFP via Getty Images

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an armiyaning yo‘qotishlari haqidagi xabarlar ortida xavfsizlik masalalari bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazgan. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Anqara Idlib bo‘yicha yon bosishlarga bormaydi va ushbu hududda harbiy ishtirokini oshirishni davom ettiradi.

“Bashar Asad tarafdorlari Sochidagi kelishuvlarga bilan belgilangan tutashish chizig‘i ortiga chekinishi kerak. Asadga berilgan muhlat tugamoqda. Turkiya orqaga birorta qadam tashlamaydi va tuzum qo‘shinlarini deeskalatsiya hududi ortiga siqib chiqaradi”, deb aytgan Erdo‘g‘an. 

O‘z navbatida turk harbiylari 28 fevralga o‘tar kechasi Suriya qo‘shinlarining Idlibdagi pozitsiyalariga javob zarbalari bera boshlagan. Bu haqda Turkiya prezidenti ma'muriyatining aloqalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Fahriddin Oltun ma'lum qildi.   

Foto:The Guardian

Uning aytishicha, zarbalar ham havodan, ham yerdan berilmoqda. 

Turkiya jahon hamjamiyati va Ostona muzokaralari ishtirokchilarini “Suriya tuzumi tomonidan insoniyatga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni” to‘xtatish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga chaqirdi. 

Shuningdek, Turkiya 28 fevralda Idlibdagi voqea yuzasidan NATO bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Bu haqda Turkiyaning yetakchi Adolat va taraqqiyot partiyasi matbuot kotibi Umar Chelik ma'lum qildi va Suriya aviazarbalarini NATOga hujum deb atadi.   

“Biz buni bitta Turkiyaga emas, balki jahon hamjamiyatga hujum deb baholaymiz. Biz total munosabatni kutib qolamiz”, deb aytgan Chelik.

Mavzuga oid