Jamiyat | 19:45 / 02.03.2020
44651
16 daqiqa o‘qiladi

Bir tumanni 12 yil boshqargan Manzura Egamova – hokimlik tashvishlari, mustaqillikning ilk yillari va «razborshchiklar» haqida

O‘zbekistonliklar hokim deganda albatta erkak kishini ko‘z oldiga keltirishadi. Bir ayolning o‘n yildan ortiqroq hokim bo‘lib ishlashini ayniqsa yangi avlod vakillari tasavvur qila olmaydi... Bugungi suhbatdoshimiz Manzuraxon Egamova – Andijon viloyatining Jalaquduq tumanini 12 yil boshqargan.

Foto : KUN.UZ

Mustaqillikning ilk yillarida Shakarjon Xo‘janiyozova – Xorazm viloyati Bog‘ot tumani, Rahimaxon Hakimova – Samarqand viloyati Samarqand tumani, Tohiraxon Marizayeva – Namangan viloyati Kosonsoy tumanida hokimi sifatida ish olib borgan.

Prezident akademiyasi tinglovchilari, 1996 yil. O‘rtadagi ikki ayol – Manzuraxon Egamova (o‘ngda) Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimi; Shakarjon Xo‘janiyozova (chapda) – Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hokimi bo‘lgan.
Foto: Manzuraxon Egamova arxivi / Kun.uz
Tohiraxon Marizayeva (o‘ngda) Kosonsoy tumani hokimi bo‘lgan.
Foto: Manzuraxon Egamova arxivi / Kun.uz

Shundan so‘ng ko‘p vaqt davomida tumanlarning birinchi rahbari sifatida ayollar ish olib bormadi.

Shu yilning fevral oyiga kelib, ayollar hokimlik lavozimiga qayta boshlashdi. Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida Dilfuza Uralova, Buxoro viloyati Olot tumanida Nargiza Ne'matova tuman hokimi sifatida ish boshladi.

Nozik hilqat vakilalari uchun mas'uliyatli vazifada ishlashning o‘ziga xos jihatlari haqida suhbatlashish uchun Jalaquduq tumaniga borib, Manzuraxon aya bilan suhbatlashdik.

Ma'lumot uchun, Manzuraxon Egamova tuman hokimi bo‘lguniga qadar 1971 yildan turli sohalarda – paxtachilik brigadasi boshlig‘i, kolxoz kasaba qo‘mitasi raisi, kolxoz agronomi, Bo‘z tumani ijroiya qo‘mitasi raisi, Jalaquduq tuman ideologiya bo‘limi kotibi, Jalaquduq tumani ijroiya qo‘mitasi raisi, Jalaquduq tumani hokimining 1-o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritgan.

1993 yil 17 yanvardan to 2005 yil 19 maygacha Jalaquduq tumani hokimi bo‘lib ishlagan.

2005 yil 19 maydan 2008 yilgacha Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

69 yoshli Manzuraxon aya Egamova suhbat davomida kasbiy faoliyati, mustaqillikning ilk yillaridagi qiyinchiliklar, ayol kishi uchun rahbarlik va oilani teng olib borishda yaqinlarning o‘rni haqida gapirdi.

«Brigada boshlig‘i bo‘lganimda Sharof Rashidov dalamga kelgan»

– Avvalo, yoshligimdan menda rahbarlikka intilish bor edi. Yoshlik paytimizda andijonlik Tursunoy Karimova SSSR Oliy Soveti deputati edi. O‘sha kishiga havas qilganman.

Maktabni bitirib, oliygohga sirtdan o‘qishga kirdim, turmush qurdim. Kolxozimizda O‘g‘ilxon opa Teshayeva degan rais bo‘lgan. 1971 yil opa meni chaqirib, «komsomol yoshlar brigadasining rahbari bo‘lasan», deganida juda quvonib ketganman. 160 gektar maydonga brigada boshlig‘i bo‘ldim.

1972 yili oktabr oyida qo‘qqis qor yog‘ib, paxtani qor bosib qoldi. Shunda tabiiy ofat tufayli Andijonga Sharof Rashidov tashrif buyurib, bizning tumanga va aynan bizni brigadamizga kelgan.

O‘sha paytda «Toshkent» navlarining g‘o‘zasi baland bo‘lib, qor bosib qolgan nihollarning uchi ozgina ko‘rinib turar, qolgan qismini qor bosib qolgan edi. Rahmatli Sharof Rashidov: «Qizim, nima bo‘ldi?», – deb so‘radi. Men esa «Paxtalarimning hosili yaxshi bo‘lgandi, 40 sentnerni ko‘zlagandik. Lekin, afsus qor bosib qoldi», deb yig‘lab yuborganman. Shunda u kishi, «Qizim, yig‘lama, hali bu qorlar uch kunda eriydi. O‘sha, 40 sentner hosilni hali olasan» degan edilar.

Sharof Rashidov bilan uchrashgandan keyin, menda rahbar bo‘lish hissiyoti yanada oshgan. 1986 yili Oliy partiya maktabiga o‘qishga kerdim. 4 farzand bilan o‘qiganman.

Bir yil o‘tib, meni Bo‘z tumaniga ijroqo‘m raisligiga chaqirib olishdi.   So‘ng Jalaquduqda ideologiya sekretari, rayon ijroqo‘mi raisi, kengash tuzilganda esa rais bo‘ldim. So‘ng hokimning birinchi o‘rinbosari etib tayinlashdi. 1992 yil 17 yanvardan 2005 yil 19 maygacha hokim bo‘lib ishladim».

«Odamlarimiz mustaqillikning ilk yillarida juda qiynalgan»

– Mustaqillikning ilk yillarida katta doshqozondan cho‘michimizni quruq olib, yangi hayot boshlash oson bo‘lmagan. Bu yillarda 2ta katta masala oldimizda turardi. Birinchisi – tinchlikni saqlash. Ikkinchisi – xalqni og‘ir bo‘lgan holat – oziq-ovqat tanqisligidan olib chiqish.

Islom aka Karimov doim bizga shu ikki jihatni ta'kidlar edilar. 1993 yil shunday kunlarni ko‘rganmizki... Bir kuni Oyim qishlog‘idan xabar keldi. Odamlar kombaynni yurgizmayapti ekan. Borsam, ishonasizmi, 40 gektarli maydonda kombayn yuribdi. Bunker tepasida 4-5 bola g‘allani o‘g‘irlayapti. Oldida 200 nafarga yaqin ayol bug‘doyni o‘rib ketyapti.

Qarasam, eplab bo‘lmaydi. Bunkerdan bug‘doyni odamlar uchun o‘sha yerga to‘ktirdim. «Polya»ni shu holicha odamlarga tashlab, kombaynni boshqa «polya»ga olib o‘tib ketganmiz.

Odamlarimizda o‘sha paytlarda un taqchilligi bor edi. O‘sha 1993 yillardan, o‘ylashimcha, odamlarning o‘zlari juda och bo‘lmasa-da, ko‘zi och edi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Chunki, fuqarolar kunligini kunda yeyishar edi. Ko‘zi och edi. Shunaqa og‘ir davrlarni ko‘rganmiz. Lekin xalqimizning dunyoqarashi, mustaqillikka bo‘lgan ishonchi bu vaziyatdan olib chiqib ketgan.

«Razborshchik»lar bilan tortishuv

– Endi, ayol sifatida hokim bo‘lishlik bu ancha murakkab narsa. Men o‘zim ham juda qiynalganman. Birinchidan, yurtdoshlarim tan oladimi men ayol hokimni, degan savol qiynagan. Ikkinchidan, men ayol boshim bilan shunday yuksak ishonchni oqlay olamanmi yo yo‘qmi, degan ichimdagi bir tuyg‘u meni juda qiynar edi.

3 yilgacha 2 soatdan oshiq uxlamaganman. Chunki uyimga kelib, uxlashni boshlab-boshlamay qaysidir tashvish bilan yana chiqib ketar edim. Dalama-dala yurardim.

Tumanda o‘sha davrda 4ta guruh bor edi. U mahalda «razborshchiklar» deyilgan. Bir kuni xonamda o‘tiribman. O‘sha yillar kuchaygan «Muxtor saqa» degan «razborshchik» bo‘lardi. Birinchi kirish eshigi taraqa-taraq ochilib, ikkinchi eshikni tepgan edi, oshiq-moshig‘idan chiqib, qulab tushdi. Xonamga 6 barzangi kirib keldi.

Endi choy damlab kirib, ichayotgan edim. «Kelinglar», demasam ham, yon tomondagi stulga o‘tirishdi. Keyin, har xil zug‘um o‘tkazadigan gaplarni boshlashdi. Indamay, choyni ichib o‘tiraverdim. Shunda o‘zimga «Manzura, bugun mana shulardan qanday xalos bo‘lishing, ularga g‘oyaviy hujum qilib yengishing, qanday ishontirishing seni Jalaquduqni haqiqiy hokimi ekanligingni bildiradi», dedim. Shu bilan ichimda kuch topdim.

Oxiri ularning gapi tugab to‘xtashdi. Men «Bo‘ldimi?» dedim. «Bo‘ldi», dedi. Ularning hamma gapiga javob berdim. Mustaqillik nimaga bo‘lganini, bu kelajakda nima bo‘lishini, prezidentimiz nima qilayotganini aytdim. Bu yurtda qonun ustuvor bo‘lishini tushuntirib, «Senlar nima qilyapsan?» deb ilhomim kelib, rosa gapira ketdim. So‘z boyligim bor, qisqasi «yopishtirdim». Jim bo‘lib qolishdi. «Qani endi, «shagom marsh!» – dedim. O‘tirishaverdi. Oldimdagi choynakni ular o‘tirgan stoliga otdim. «Tur o‘rningdan» dedim. Hammasi tirqirab o‘rnidan turdi. Eshikka shunday teng yugurishdi.

Haligi Muxtor deganini yoqasidan ushladim. «Eshikni to‘g‘rila», dedim. «To‘g‘rilab, keyin chiqib ketasan, bo‘lmasam, seni prokurorga beraman», deganimdan keyin eshikni to‘g‘rilab, chiqib ketdi.

Shundan keyin meni kuchim, o‘zimga ishonchim mustahkam bo‘ldi. Demak, har qanday kuchni qaytarish mumkin ekan. Chekinmaslik kerak ekan.

Bu ayol 6 oyga bormaydi deganlar bo‘lgan. Lekin men shuncha yil ishladim. Nimaga? Buni tagida faqat mehnat yotadi. Agar o‘zingiz uchun harakat qilib, xalqni o‘ylamayotgan bo‘lsangiz, xalq sizga ishonmaydi.

Amal va oila

– Aholi, qo‘l ostimdagilar oldida yig‘lamaganman. Chunki, men yig‘lasam, xalqning ruhi tushib ketar edi.

Uyda esa, eshikni berkitib olib, qiyqirib yig‘lab olgan kunlarim bo‘lgan.

1970 yil oila qurdim. Sakkiz qiz va bir o‘g‘il joyga tushdim. Men tushganda to‘rtta qaynisinglim hali oila qurmagan edi. Rahmatli qaynotam Turg‘unboy tog‘a temirchi edi. Qaynonam Jo‘raxon ona – uy bekasi edi. Meni ko‘zining qorachig‘iday saqlagan o‘g‘liga kelin qilib olishdi. Shu kundan boshlab, brigadir bo‘lasiz deyishganda ham, qaynotamga aytsam, bo‘pti bolam degan.

Ayol kishiga oilasidagilar sharoit yaratib, yaqinlari unga ishonishi kerak.

Xo‘jayinim savdo sohasida ishlagan. Bir kuni kech qoldim. Xo‘jayin bilan kelishib olganmiz. Bo‘pti ishlaysan, degan. Lekin amaling ostonani u yog‘ida qoladi degan. Bir kuni diqqat bo‘lib kelibman. Qo‘limdan ushlab tashqariga olib chiqib qo‘ygan. Amalingni tashlab kel degan. Qaynotam rahmatli chiqib, xo‘jayinimni so‘kib, meni uyga olib kirgan. Ayol kishi uchun er doim er bo‘lib qoladi.

8 yil davomida respublikadagi yagona ayol hokim

– Biz birinchi hokim bo‘lgan paytimizda to‘rt ayol edik. Namanganning Kosonsoyidan Tohiraxon, Samarqanddan Rahimaxon, Xorazmdan Shakarjon.

Taqdirni qarangki, to‘rtalamiz ham Oliy partiya maktabida ikkita gruppada ikkitadan bo‘lib, ikkitamiz partiya qurilishida, ikkitamiz sovet qurilishida o‘qigandik.

Falakning gardishi bilan to‘rtalamiz ham hokim bo‘lib qoldik. Ular 4 yil, 5 yildan ishladi. Shakarjon 7 yil ishlab, keyin Xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lib ketdi. Ular esa vazifadan ketdi. Keyingi 8 yil ichida respublika bo‘yicha bitta men o‘zim qoldim.

«Hozir hokim hamma sohani bilishi kerak»

Bugungi jamiyat men ishlagan davrdagidek emas. Ancha ilgarilab ketdi. Odamlarning dunyoqarashida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yoshlarimiz orasida o‘qimishlilari ko‘payib ketdi. Hozirgi hokim hamma sohani bilishi kerak.

Men bitta narsadan nihoyatda afsuslanaman. 20 yil keyin tug‘ilmaymanmi? Mana shu davrda ishlamaymanmi? Prezidentimiz jamiyatga ajoyib bir kuchni, g‘oyani olib keldiki, sekin yurgan odam ulgurmaydi. Yugurgan odam ulguradi.

Ayol hokimning yelkasida ikkita mas'uliyat bor. Birinchisi – hokimlik vazifasi bo‘lsa, ikkinchisi – ayollik vazifasi. Chunki erkaklar ko‘pchilik bo‘lgani uchun xato qilsa, ishni yaxshi olib bormasa, bilinmasligi mumkin. Masalan, 15-20tani ichida bitta bo‘lsa, u bilinib qoladi-ku? Shuning uchun, erkaklarga nisbatan ham ayol bilimli bo‘lishi kerak.

«Hozir juda ko‘p holatlarda oqibat bilan shug‘ullanyapmiz»

– Men uchun bugun hokim bo‘lish osonroq bo‘lar edi. Chunki mustaqillikning dastlabki yillaridagi fikrlar qarama-qarshiligi, qarashlar xilma-xilligi, Namangan, O‘sh va Farg‘ona voqealari bizni chiniqtirgan.

90-yillar. O‘ngdan chapga: Shaxrixon tumani hokimi Muhammadjon Razzaqov, Baliqchi tumani hokimi Abdusattor G‘aniyev, Jalaquduq tumani hokimi Manzuraxon Egamova, Marhamat tumani hokimi Abdumannop Rasulov, Bo‘z tumani hokimi Adahamjon O‘rinboyev.

Hozir juda ko‘p holatlarda oqibat bilan shug‘ullanyapmiz. Men doim aytaman: oqibat bilan shug‘ullanganda, hech qaysi muammoni bartaraf qila olmaymiz. Biz sabab bilan shug‘ullanishimiz kerak.

Mana, kimdir o‘z joniga qasd qilsa, yugurib borib uni ko‘mib kelib, «razbor» qilyapmiz. Hodisa bo‘lib bo‘ldi-ku? Shug‘ullanib nima qilamiz? Sababi bilan shug‘ullanishimiz kerak. O‘zini osguncha yolg‘iz bo‘lgisi kelgan, diqqat bo‘lib yurgan, mahallaga qo‘shilmagan. Maktab o‘quvchisi bo‘lsa, o‘rtoqlariga qo‘shilmagan. Ota-onaning oilada sharoiti yaxshi bo‘lmagan... Buni bilish kerak edi. Bu oila bilan shug‘ullanish kerak edi. U qilganini qilib bo‘ldi. Oqibat bilan shug‘ullanishimizning foydasi yo‘q. Sabab bilan shug‘ullanish kerak.

«Shaxsiyatga tegish mutlaqo mumkin emas»

– Birinchidan, hokimning so‘z boyligi yetarli bo‘lishi kerak. Misol uchun, biror raisga «ho‘kizsan» deb, shu usulda topshiriq bersangiz, u yarmini qabul qilmaydi. Masalan, «Yusufjon aka, esingiz bormi sizni? Men sizga ishondimmi? Siz shunaqa qilasizmi?» desangiz, hokimning bu gapi uning yurak-yuragidan o‘tib ketadi. Chunki sizning bu gapingizda unga nisbatan ishonch bor. Uni qo‘llab-quvvatlash bor. U sizga ishonadi. Ketishingiz bilan gapingizni ikki barobar qilib bajaradi.

Lekin, so‘kish ham ehtimol qayerdadir kerakdir. Men ham qayerdadir baqirgandirman. Biroq shaxsiyatiga tegish mutlaqo mumkin emas. Hamma ham inson.

O‘zbekistonning qaysi bosh rahbarlari bilan muloqotda bo‘lgansiz?

– Sharof aka Rashidov, Usmonxo‘jayev bilan, bir necha marotaba Islom Abdug‘aniyevich bilan ko‘rishdim. Sessiyada, huzurida va viloyatga kelganida ko‘p marotaba fikr bildirish, u bilan so‘zlashish imkoniga ega bo‘ldik.

Shavkat Miromonovich bilan bir vaqtda hokim bo‘ldik. Undan keyin bir vaqtda deputat bo‘ldik. Bosh vazir bo‘lganda birga ishladik. Bu kishi bilan ko‘p marotaba uchrashdik.

Bugun men jamiyatdagi keksa bir kuzatuvchi sifatida shuni aytmoqchimanki, bugun ayollardan tayyor kadrlar yo‘q. Nafaqat ayollar, balki erkaklardan ham yo‘q. Shuning uchun kadrlarni pog‘onama-pog‘ona tarbiyalab olib borish kerak.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzuga oid