Sport | 17:10 / 02.03.2020
19045
16 daqiqa o‘qiladi

Top-10: Messining eng yomon klasikosi va haftaning boshqa voqealari

Yevropa milliy chempionatlarining navbatdagi turlari ham qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Angliyada «Liverpul» ilk marta yutqazdi, Ispaniyada esa klasikoda bu safar «Real» ustun keldi.

Avvalgilariga o‘xshamagan klasiko

Foto: Getty Images

O‘yin oldidan «Barselona»ning imkoniyatlari yuqoriroq baholangani tabiiy. Birinchidan, «Real» so‘nggi haftani juda yomon o‘tkazdi – La Ligadagi yo‘qotishlar madridliklarni turnir jadvali peshqadamligidan tushirib yubordi, YeChLda ham vaziyat yomonlashdi. Ikkinchidan esa, «Bernabeu» so‘nggi yillarda «Barselona» uchun qulay stadion bo‘lib qolgandi. Agar faqat chempionat bahslarini olsak, so‘nggi o‘n yilda «Real» faqat ikki marta g‘alaba qozongan, ularning ham so‘nggisi 2014 yilning oxiriga to‘g‘ri keladi.

Lekin bu oqshom «Real»ga bag‘ishlandi. Ayniqsa, hisobni yosh braziliyalik hujumchi Vinisius ochgani ham qandaydir ramziy ma'no bordek – endi klasiko yangi bosqichga, yangi qahramonlar bilan qadam qo‘ymoqda. Vinisius o‘z golini aynan Krishtianu Ronaldu uslubida nishonlashi o‘yinni stadionda kuzatgan portugaliyalik yulduz tufayli bo‘ldi.

«Kamp Nou»dagi o‘yinda hisob ochilmagandi. Demak, «Real» ushbu mavsumda «Barselona»dan birorta gol o‘tkazib yubormadi. Bunaqasi so‘nggi marta 45 yil oldin sodir bo‘lgan.

«Real» bu g‘alabadan so‘ng turnir jadvalida yana peshqadam bo‘lib oldi. Endi navbat, Yevropa Chempionlar ligasida yo‘qotilganlarni qaytarib olishga...

«Arsenal»ga atalgan tur

Foto: Chempionat.com

Bu turdagi raqibi «Manchester Siti» Angliya Ligasi kubogi finalida o‘ynashi munosabati bilan «Arsenal» dam oldi. Ammo eng ko‘p xursandchilikni ham aynan «Arsenal» fanatlari nishonlashdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ancha sokin natijalar va xotirjamlik bilan o‘tgan shanbani «Uotford» portlatib yubordi. 44 o‘yinlik seriyadan so‘ng, «Liverpul» nihoyat yutqazdi. Bu bilan Klopp shogirdlari xuddi 2003/04 yilgi mavsumdagi «Arsenal» kabi bir mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlashni uddalay olishmadi. O‘sha «Arsenal» rekordiga yetib olish uchun yana 5 g‘alabali o‘yin kifoya qilardi, «To‘pchilar» o‘shanda qatorasiga 49 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilishmagandi. Lekin mersisaydliklarga bu nasib etmadi.

«Liverpul»ning qoqilishini «Arsenal» muxlislari bayram qilmoqda, Klopp shogirdlari agar YeChLda ham muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Angliya tarixida yagona trebl sohibi «MYu» muxlislari ham bayram qilishi mumkin. Ammo fakt shuki, liverpulliklar hamon katta farq bilan azaliy orzu – APL sari qadam tashlamoqda. Klopp jamoasi yana bir rekordni – turnirda eng ko‘p ochko bilan g‘olib chiqishni uddalashga juda yaqin turibdi. Shuningdek, «Liverpul» agar shu oydagi o‘yinlarini g‘alaba bilan yakunlasa, APLda eng erta chempion bo‘lgan jamoaga ham aylanadi.

«Uotford» esa, o‘z bilganicha, o‘z vazifalarini bajarish bilan ovora. Klub besh o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasini chiroyli shaklda yakunladi va turnir jadvalida xavfli zonani tark etdi.  

«VARchester Yunayted»mi?

De Xeaning qo‘pol xatosi bilan boshlangan o‘yin haqiqiy va keskin derbiga aylanib ketdi. Ta'kidlash kerakki, bu ispaniyalik darvozabonning mavsumdagi raqib goliga sabab bo‘lgan yettinchi xatosi. Bu borada De Xea peshqadam.

Mehmonlar hisobni tenglashtirib, birinchi bo‘limda ustunlik qilgan bo‘lishsa-da, ikkinchi bo‘lim to‘lig‘icha «Everton» nazoratida o‘tdi. Hatto eng oxirgi daqiqada mezbonlar g‘alaba golini urishgandi ham, lekin VAR ofsayd tufayli golni bekor qildi. Qizig‘i, bu so‘nggi uch o‘yinda «Manchester Yunayted» darvozasiga urilgan, lekin bekor qilingan to‘rtinchi goldir («Chelsi» bilan o‘yinda Zuma va Jiruning gollari hisoblanmagan bo‘lsa, «Uotford»ga qarshi o‘yinda Troy Dinining goli qoida buzilishi tufayli inobatga olinmagandi).

Umuman olganda ham, yaqinda, APLda VAR qo‘llanishidan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan jamoalar statistikasi e'lon qilinganida, «MYu» +3 natija bilan birinchi o‘rinda turgandi. Endi bu natijaga yana 4ta golni qo‘shib qo‘yish mumkin. Shuning uchun internetda «VARchester Yunayted» shaklida turli memlar ham ko‘payib ketdi.

Ammo shuni ta'kidlash kerakki, hisobga olinmagan gollar haqiqatan ham qoida buzilishi natijasida sodir bo‘lgandi. Shunchaki, bunday gollar aynan «MYu»ga qarshi ko‘p urilmoqda.

Sen qancha ursang, biz...

Har qanday ligada har qanday uslub bilan muvaffaqiyat qozonish mumkinligini «Atalanta» isbotlamoqda. Niderlandiya yoki Fransiya chempionatlarida emas, beshikdan himoyalanishni o‘rgatadigan Italiyada shunday ishlab sodir bo‘lmoqda.

«Atalanta» «Lechche»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limini 2:2 hisobi bilan yakunlaganda, hammayoq tinch edi, bergamoliklarning navbatdagi brazilcha o‘yini davom etayotgandek. Ammo ikkinchi bo‘limda Gasparini shogirdlari yana 5 gol urishga muvaffaq bo‘lishdi.

Qoyil qolish kerakki, «Atalanta» shu mavsumning o‘zida uch o‘yinda 7 gol urishning uddasidan chiqmoqda. Umuman olganda jamoa himoyachilari bilan mashg‘ur bo‘lgan A Seriyadagi 25 o‘yinda 70 gol urdi, bu chempionatda eng yaqin ko‘rsatkich, eng yaqin ta'qibchi «Latsio»dan 10taga, «Yuventus»dan esa 22taga ko‘p. «Milan» va «Napoli» tomonidan urilgan gollarni qo‘shib hisoblaganda ham, «Atalanta» 2 gol ko‘proq gol urgan bo‘lib chiqyapti. «Atalanta» barcha musobaqalarda jami 9 marta yirik hisobda g‘alaba qozondi va ulardan 5tasida kamida 5tadan gol urdi.

Xullas, ushbu g‘alabadan so‘ng, «top-4»ga kirib olgan «Atalanta» Yevropaning eng qiziqarli va hujumkor jamoasi bo‘lib qolmoqda. Faqat «Bavariya» va «PSJ» ko‘proq gol urgan, xolos.

«Ayaks»ga yangi raqobatchi

Erediviziyada ham markaziy o‘yin bo‘lib o‘tdi. «Ayaks» o‘z maydonida 2-o‘rinda borayotgan «AZ Alkmaar»ni qabul qildi va agar g‘alaba qozonganda, 6 ochkolik farq bilan yakka peshqadamlikni saqlab qolardi.

Lekin mehmonlar bu o‘yinda tartibliroq harakat qilishdi. O‘yinda to‘p nazorati to‘liq «Ayaks» tomonida bo‘lsa-da, vaziyatlar yaratish borasida «AZ» ham qolishmadi. Arne Slot shogirdlari peshqadam darvozasiga javobsiz 2 gol urishdi va agar yaqqol vaziyatlardan aniq foydalanilganda, hisob yanada yiriklashib ketishi mumkin edi. Birinchi davradagi o‘yinda ham «AZ»ning qo‘li baland kelgandi, umuman so‘nggi uch o‘yinda qatorasiga «Ayaks» bu jamoadan ochko olish tugul, darvozasiga yo‘l topa olmayapti. 

Endi Erediviziyada qo‘shpeshqadam paydo bo‘ldi, faqat to‘plar nisbati bo‘yichagina «Ayaks» 1-o‘rinni egallab turibdi. Mavsum oxiri yanada qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q.

«Lester»ga nima bo‘lyapti?

«Uotford» bu turda Angliyada sensatsiya ko‘targan yagona autsayder emas. Hammasi ertaroq, juma oqshomida boshlangandi. So‘nggi o‘rinda borayotgan «Norvich» o‘z maydonida «Lester»ni qabul qilib, 1:0 hisobida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqdi.

Bu natijaga «Norvich»ning qahramonligidan ko‘ra, «Lester»ning so‘nggi paytlarda sustlashib borayotgani ko‘proq sabab bo‘ldi, deyish mumkin. Brendan Rojyers shogirdlari yangi yilda juda muvaffaqiyatsiz to‘p surishmoqda va so‘nggi 7 o‘yindan atigi bittasida g‘alaba qozonishdi, xolos.

Ularning baxtiga, ta'qibchilar ham bu turda ochko yo‘qotishdi. «Chelsi» va «Yunayted» safarda mos ravishda «Bornmut» va «Everton» bilan durang o‘ynashgan bo‘lishsa, «Tottenhem» o‘z maydonida «Vulverhempton»ga yutqazib qo‘ydi. Hozircha «Lester» 8-10 ochkolik farq bilan yevrokuboklar zonasidan ilgarilab ketgan, ammo jamoa vaziyatni o‘nglay olmasa, qisqa vaqtda, bu ustunlik yo‘qqa chiqishi turgan gap.  

Bundesligada «kelishilgan o‘yin»

Germaniyada «Bavariya»ning yirik g‘alabasi va yaqqol peshqadamga aylanganidan ko‘ra, «Hoffenhaym»ga qarshi o‘yindagi boshqa voqea bosh mavzuga aylandi.

Gap shundaki, mehmon muxlislar, ya'ni «Bavariya» fanatlari «Hoffenhaym» rahbari Ditmar Hoppni haqoratlovchi banner ko‘tarib chiqishdi: «Ditmar Hopp – fohishaning o‘g‘li».

Ruminigge o‘sha yerdayoq yonida o‘tirgan Hoppdan uzr so‘radi, futbolchilar, hakamlar, murabbiylar borib, muxlislardan bannerni olib tashlashni iltimos qilishdi. Iltimos qondirildi ham, lekin biroz o‘tib, yana boshqa banner ko‘tarildi. Endi Ditmar Hoppning ismi yo‘q, ammo «Fohishaning o‘g‘li» deb yozilgan bannerda «D» va «H» xarflari alohida ajratib ko‘rsatilgandi.

Bu voqea Hoppga nisbatan ilk holat emas. Umuman, Germaniyada klublarning bir kishiga tegishli bo‘lishiga juda qarshi bo‘lishadi. Yangi qoidaga ko‘ra, «Hoffenhaym»ning 96 foiz aksiyasini sotib olgan Ditmar Hoppga nisbatan nafratning sababi shundan.

Oliver Kandan tortib, Hasan Salihamijichlargacha tribunaga borib, muxlislardan iltimos qilishdi. Foydasiz. Shunda, oxirgi 10 daqiqa uchun maydonga qaytgan futbolchilar boshqa yo‘l bilan noroziliklarini bayon qilishdi. Muxlislarga jahl tarzida, ikki jamoa a'zolari umuman futbol o‘ynashmadi. Faqat to‘pni bir-birlariga oshirib turishdi, xolos.

U paytga kelib, hisob 0:6 hisobida mehmonlar foydasiga edi, ya'ni hech qaysi jamoaga gol kerak emasdi.

«Meni istar kubokni ko‘nglim pisand etmas»

Xosep Gvardiola. Foto AFP

Gvardiola anchadan beri Angliyada musobaqalar ko‘pligi, ayniqsa, Liga kubogi umuman kerak emasligi haqida gapirib keladi. Lekin paradoksni qarangki, ushbu musobaqada so‘nggi uch yilda aynan Gvardiola jamoasi g‘olib chiqmoqda.

Manchester derbisidan «Siti» finalga chiqqach, finalning yaqqol favoriti ham aynan «shaharliklar» bo‘lishiga shubha yo‘q edi. Dastlabki daqiqalarda «Siti» ikki gol urib buni isbotladi ham. Lekin «Aston Villa» oxirigacha munosib kurashganini alohida e'tirof etish kerak. Stounzning xatosidan so‘ng, hisobni qisqartirgan birminhemliklar hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatlarga ham ega bo‘lishdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Bravoning mahorati va darvoza ustuni manchesterliklarni goldan qutqarib qolgandi.

Aka-uka Indzagilar Italiyani zabt etishdi

Olti yil oldin aka-uka Indzagilar La Gazzetta dello Sport nashriga birgalikda intervyu berishgan, o‘sha paytda Filippo «Milan»ni, Simone esa «Latsio»ning yoshlar jamoasini shug‘ullantirardi. Keyinchalik, har ikki murabbiy ham o‘sishda davom etishdi va hatto A Seriyada, Filippo «Bolonya»ni boshqarib yurgan paytda to‘qnash ham kelishdi. Ammo hozir, Pippo va Simonening chinakam davri keldi.

«Yuventus» – «Inter» o‘yini qoldirilishi oqibatida turnir jadvalida «Latsio» peshqadam bo‘lib oldi. Akaning jamoasi «Benevento» esa B Seriyada peshqadamlik qilmoqda. Shanba kuni har ikki Indzagining jamoasi bir paytda o‘ynab, g‘alaba qozondi – «Latsio» «Bolonya»ni 2:0 hisobida yenggan bo‘lsa, «Benevento» «Spetsiya»dan 3:1 hisobida ustun keldi.

«O‘yin oxirlaganda men zaxira o‘rindig‘iga qaytib, «Latsio» nima qilayotganini so‘radim. Simone uchun bu juda muhim o‘yin edi. Uning natijalari menikidan ancha katta, shuning uchun ham oilamiz bilan unga qoyil qolyapmiz. Hammasi shunday ketayotganidan xursandman», deya Filippo Indzagi ukasining muvaffaqiyatlaridan quvonchini yashirmayapti.

Eldor yana peshqadam

Foto: Football Club Rostov

Ikki yarim oylik tanaffusdan so‘ng, nihoyat, Rossiya chempionati ham qaytdi. Demak, muxlislar hamyurtimiz Eldor Shomurodovning o‘yinlaridan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Gollaridan ham.

Eldor «Axmat»ga qarshi o‘yinda gol urdi va Artem Dzyubaga yetib olib, yana to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda. Har ikki hujumchida ham 11tadan gol bor. Ammo «Zenit» hujumchisi gollaridan 3tasini penaltidan urgani, Shomurodov esa «Rostov»da penalti tepmaydi.

Afsuski, «Rostov» g‘alabani ushlab qola olmadi. Qimmatli ikki ochkodan mahrum bo‘lgan Karpin shogirdlari hamon 3-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, endi TsSKA va «Lokomotiv» kabi ta'qibchilarda ham 35tadan ochko bor.

Mavzuga oid