Jahon | 23:07 / 04.03.2020
29319
2 daqiqa o‘qiladi

BMW ko‘p yillik logotipini o‘zgartirdi

Germaniyaning BMW kompaniyasi uzoq yillar ichida birinchi marta o‘z logotipini o‘zgartirdi. 

Foto: BMW

Kompaniyaning hozirgi logotipi 1997 yildan beri qo‘llab kelingan. BMW’da ta'kidlanishicha, u allaqachon eskirib qolgan. Yangi emblema “raqamli asr”da yashayotgan yangi avlodning markaga e'tiborini tortishi kerak. Logotipni ishlab chiqqanlarning fikricha, u mijozlarni boy tarix va keng modellar qatoriga ega brendni o‘zi uchun qaytadan ochishga undaydi.

Yangi logotipda uning asosiy qismi – o‘rtadagi ko‘k va oq rangdagi sektorlar saqlanib qolgan. Aylanuvchi parraklarni bildiruvchi bu elementlar BMW’ning bir vaqtlar aviasozlik kompaniyasi bo‘lganiga ishora hisoblanadi.

“Ikki o‘lchovli” logotipning yangi elementi retro-stildagi shrift hisoblanadi. Bundan tashqari, logotipning qora tashqi aylanasi shaffofga aylangan. Shu tariqa yangi logotipda tashqi aylana avtomobil rangida bo‘ladi.

BMW’ning yangi logotipi birinchi bo‘lib i4 modelida qo‘llanadi. Ushbu mashinaning seriyali ishlab chiqariluvchi versiyasi 2021 yilda paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid