O‘zbekiston | 18:10 / 04.03.2020
33950
2 daqiqa o‘qiladi

To‘raqo‘rg‘on tumaniga ham ayol hokim tayinlandi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Zulayho Mahkamova Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumaniga hokim bo‘ldi.

Bugun, 4 mart kuni xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumanida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov va O‘zbekiston Respublikasi prezidentning  kadrlar bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev ishtirok etgan yig‘ilishda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘ulomjon Sobitxo‘jayevich Murodxo‘jayev o‘z lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilindi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, endilikda Zulayho Bahriddinovna Mahkamova To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangan.

Zulayho Mahkamova 1968 yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1989 yili Namangan davlat pedagogika instituti va keyinchalik Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi o‘qituvchi-pedagog.

U turli yillarda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari - tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Fermer va dehqon xo‘jaliklari uyushmasi Yangiqo‘rg‘on tumani vakilligi, Fermerlar uyushmasi Yangiqo‘rg‘on tumani fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish markazi direktori, Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari - viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

Zulayho Mahkamova 2018 yilning aprel oyidan ayni vaqtda tugatilgan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ma'lumot uchun, Zulayho Mahkamova endilikda O‘zbekistondagi beshinchi ayol hokim bo‘ldi. Bungacha Sirdaryo viloyati Boyovut tumaniga Dilfuza Uralova, Buxoro viloyati Olot tumaniga Nargiza Ne'matova, Andijon viloyati Bo‘ston tumaniga Sadbarxon Mamitova, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumaniga Maqsuda Mustafoyeva hokim etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid