Freedom House hisoboti: O‘zbekiston erkinlik darajasi eng quyi davlatlar qatorida qolmoqda
Freedom House tashkiloti jahon mamlakatlaridagi erkinlik darajasiga oid an'anaviy yillik hisobotini e'lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hamon erkinlik darajasi eng quyi davlatlar toifasida qolmoqda.
2019 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 100 ballik shkalada 10 ball to‘plagan. Bunda respublikaga siyosiy huquqlar bo‘yicha 40 balldan 2, inson erkinliklari bo‘yicha 60 balldan 8 ball berilgan.
Yangi hisobotda O‘zbekiston va Belarusdagi parlament saylovlari muxolif partiyalarsiz o‘tgani aytilgan.
«Natijada qonun chiqaruvchi hokimiyat to‘laligicha hukumatga yon bosuvchi guruhlar qo‘lida qolmoqda», – deyiladi Freedom House sharhida.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 22 dekabr va 2020 yil 5 yanvar kunlari O‘zbekistonda parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Jarayonni YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari Byurosining to‘liq miqyosdagi missiyasi kuzatib bordi. Missiya rahbari Tana de Zuluyeta saylovdan keyingi matbuot anjumanida yutuqlarni sanab, ko‘zga tashlangan kamchiliklarni ham aytib o‘tgandi.
«Xulosalarga ko‘ra, hisoblash jarayonlari oxirigacha silliq o‘tmagan. Qonunda belgilangan protseduralarga to‘liq amal qilinmagani, natijalar o‘zgargani ko‘rindi. Ba'zi joylarda raqamlar kamroq edi. Ishlatilmay qolgan byulletenlarni hech kim hisoblab chiqqani yo‘q. Hisoblar oxirigacha olib borilmagan hollarni ham ko‘rdik. Ko‘rsatkichlarning aniqligiga ishonch hosil qilish uchun biror kishi, xolis odam qayta sanab chiqmadi. Xavfsizlik ta'minlanmagan kanallar orqali ma'lumotlar almashinuvi amalga oshirilgan hollar ham kuzatilgan» - degandi missiya rahbari.
YeXHTning Parlament assambleyasi missiyasi rahbari Kari Xenriksen ham saylov jarayonlari kamchiliklardan xoli bo‘lmaganini aytgan. «Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar bo‘lib o‘tgani, ular kerakli yo‘nalishda olib borilayotgani qayd etilganiga qaramay, siyosiy variantlar diapazoni juda cheklanganligicha qolmoqda», – degandi u.
«Demokratiya va plyuralizmga hujum»
Freedom House'ning an'anaviy tadqiqoti 195ta mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, ulardan 83tasida (kartada yashil) erkinlik, 63tasida (sariq) qisman erkinlik bor. Erkinlik bo‘lmagan mamlakatlar esa 49ta (binafsharang).
Tadqiqotchilarga ko‘ra, global erkinlik darajasi qatorasiga 14 yildan buyon pasayyapti.
Bir yil oldingi reyting bilan taqqoslaganda, 64ta mamlakatda siyosiy huquqlar va inson erkinliklari darajasi pasaygani kuzatilgan. Bu borada o‘sishga erishgan davlatlar soni esa 37ta.
Bu yilgi hisobotga «Demokratiya uchun liderlarsiz kurash» deya nom berilgan. Kirish qismi esa quyidagi jumla bilan boshlanadi: «Demokratiya va plyuralizm zo‘ravonlik ostida».
Tadqiqotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab nafaqat diktatorlar o‘z ta'sir doiralarini kengaytirishga urinmoqda, balki halol yo‘l bilan saylangan liderlar ham «milliy manfaat» tushunchasini tobora torroq konseptda tushuna boshlashyapti.
«Fakt shuki, bu kabi liderlar – shu jumladan jahondagi eng katta ikki demokratiya bo‘lmish AQSh va Hindistondagi ijro hokimiyatlari yetakchilari ham – o‘z populistik maqsadlari yo‘lida institutsional kafolatlarni kamaytirishga urinmoqda, tanqidchilar va milliy ozchilik vakillarining huquqlarini pisand etmayapti», – deya xavotir bildirgan Freedom House.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
22:17 / 16.12.2024
Koreya va Fransiyadagi mojarolar: Demokratiyalardagi inqirozlar demokratiyani sozlaydi
08:15 / 14.12.2024