Kimyogar Ulug‘bek Karimov – yoshlarning nega ijtimoiy fanlarga ko‘proq qiziqishi, olim qarshisidagi to‘siqlar va yoshlar salohiyati haqida
Ulug‘bek Karimov – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo-biologiya bo‘limi rahbari o‘rinbosari. U bir vaqtning o‘zida O‘simlik moddalari kimyosi institutining alkoloidlar kimyosi laboratoriyasida katta ilmiy xodim sifatida ham faoliyat yuritadi.
Kun.uz muxbiri ilm-fan suhbatlari rukni doirasida Ulug‘bek Karimov bilan suhbatda bo‘lib, O‘zbekiston ilm-fanining buguniga oid qator savollarga javob oldi.
«Dastlab, maktab davrida botanika faniga qiziqqan bo‘lsam, keyinchalik ijtimoiy fanlarga ham ko‘proq e'tibor qaratganman, biroq baribir oxirida tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta'lim diplomiga ega bo‘ldim.
Magistraturaga esa imtiyozli ravishda qabul qilinganman. Keyinchalik Xitoy Fanlar akademiyasi universitetida doktoranturani tamomladim. Shu tariqa hayotim ilm bilan bevosita bog‘langan», – deydi olim.
«Boshqaruvdagi faoliyatimdan maqsad – hujjat ishlarini kamaytirish»
– 2014 yil Xitoyda ta'limni tugatib qaytganimdan so‘ng diplomni nostrifikatsiya qilish muammosiga duch keldim. Bu men uchun katta muammo bo‘ldi. Sababi – shuncha payt o‘qib-o‘rganib kelib, hujjatimni tasdiqlatishga qiynalganman.
O‘sha paytda tashkiliy bo‘g‘inda qilinishi kerak bo‘lgan qancha ishlar borligini his qilganman. Shuning uchun ayni shu bo‘g‘inda hujjatlar bilan bog‘liq ishlarni ozgina bo‘lsa-da, kamaytirish uchun harakat qilishni maqsad qilganman.
Aslini olganda, ilmiy-tadqiqot muassasalarimizda fan doktori, professor unvoniga munosib juda ko‘p olimlarimiz bor. Faqat ular hujjat bilan bog‘liq ishlarni bajarishga qiynalishadi.
Lekin, aksincha, olimga imkon qadar erkinlik berilishi kerak. Shunday qilinsa, uning qo‘yilgan maqsadga erishishi osonlashadi.
«Bilim darajasi uchun yoshlarni ayblamaslik kerak»
– Bugun ko‘pchilik endi fanga kirib kelayotgan yoshlar salohiyatidan noliydi. Vaholanki, ta'lim ma'lum muddat o‘z holiga tashlab qo‘yilgan: talabaning reyting daftarchasiga «3» yoki «4» qo‘yilgan va uning ilmiy salohiyati haqida unchalik o‘ylanmagan.
Biroq hozir ta'limga ham e'tibor yaxshilanib boryapti. Fan uchun kerak bo‘lgan va vaqt taqozosi bilan vujudga kelgan yangi fanlar O‘zbekistonga ham kirib kelyapti. Bular o‘z natijasini beradi, deb umid qilamiz.
Sharoit bo‘lmagan va amaliyotda ishlab ko‘rmagan yoshlar fan haqida, jarayon haqida mavhum tarzda bo‘lsa ham biladi. Biroq amaliyotda qo‘llashga kelganda dovdirab qolishi mumkin. Va oxirida esa o‘ntadan bittasigina eplab keta oladi.
Ana shu holatda olimlar «Yoshlarimizning saviyasi past», deb xavotirlana boshlashadi. Saviyasi past emas, talab qilinayotgan narsalarni o‘rganishga ularda yetarlicha sharoit bo‘lmagan. Yoshlarni ayblash kerak emas.
Olimni nimalar cheklaydi?
– Moddiyat, ma'naviyat bilan bog‘liq cheklovlar va hisobotlar, nazarimda.
Fikrimni misollar bilan tahlil qiladigan bo‘lsam, qaysidir fanlarda tadqiqot olib borish uchun qog‘oz, qalam va internet tarmog‘iga ulanish yetarli bo‘lishi mumkin. Biroq kimyo fani tadqiqotlari sarf-xarajat talab qiladi. Bu fan doirasidagi tadqiqotlar uchun turli moddalar, uskunalar kerak bo‘ladi.
Tajribada ishlatiladigan bitta moddani sotib olish uchun 80 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha talab qilinishi mumkin. Biroq uni sotib olishning ham tartibi bor. Moliya vazirligi qo‘ygan talabga ko‘ra, bu kabi kerakli narsalar onlayn platforma orqali sotib olinadi.
Biroq bizga kerakli mahsulot kerakli paytda elektron birjada bo‘lmasligi mumkin. Lekin u boshqa biror joyda savdoda bo‘ladi. Bizda esa faqat onlayn platforma orqali sotib olish mumkin. Shunaqa hollarda ayrim olimlar o‘z cho‘ntagidan sarflab, tajribasiga kerakli moddani sotib olishadi. Vaholanki, ayrim olimlarda bunga imkoniyat yetmasligi mumkin.
Bu talab tufayli ishlarimiz ma'lum muddat to‘xtab qoladi. Yoki ayrim vaqt kutib turmaydigan tajribalarni butunlay boshdan boshlashga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, yetakchi olimlarimizning hisobotlar bilan band bo‘lib qolishi ham fandagi chegaralardan biri.
Choraklik, yarim yillik hisobotlar bekor qilinib, olimga bir yillik talab qo‘yilishi va o‘sha talab bajarilishi yoki bajarilmasligiga qarab, chora ko‘rilishi tarafdoriman.
Chunki olimga erkinlik berilsa, u ko‘zlangan maqsadga erishishi osonroq bo‘ladi.
To‘siqning ma'naviy tarafiga kelsak, bu o‘zimiz qo‘ygan to‘siqlar. «Kel, shu odamni ranjitmay», deb o‘ylash yoki qaysidir vazirlik xodimi bo‘lsa, ertaga ishim tushadi, deb o‘ylab jim turish ham ishimizga to‘siq bo‘ladi. Mana shu ma'naviy to‘siq hal bo‘lishi uchun kamida uch avlod almashishi kerak.
«3 ming xodim ishlaydigan akademiyaga yuz nafargina yosh amaliyotchi qabul qilindi»
– Yoshlar o‘tgan yilidan boshlab bir yillik stajyorlik dasturi asosida jalb etila boshlandi. Belgilangan bu bir yil muddatda magistraturani tugatib kelgan yosh kadr hujjatlar bilan ishlashni, ilmiy maqolalar yozishni va boshqa tartib-qoidalarni o‘rganadi.
O‘tgan yilgi stajyorlik dasturi qabulida 3 ming xodim ishlaydigan, 30ta institutni birlashtirgan Akademiyaga 100 nafargina amaliyotchi yosh qabul qilindi. Ishonchim komil, belgilangan muddat tugagach, keyingi bosqichga – doktoranturaga ularning atigi 70 foizi o‘ta oladi xolos.
Nega stajyor 100 nafargina? Kechirasiz-u, 30ta institutda 5tadan laboratoriya bo‘lsa, bu kamida 150ta laboratoriya degani. Ayrim institutlarimizda 10-12talab laboratoriyasi bor.
Bir tomondan harakat qilamiz deymiz-u, moliyaviy va boshqa jihatlar bilan chegaralanib qolganmiz, ikkinchi tomondan esa o‘zimizda bor imkoniyatdan to‘liq foydalana olmaymiz.
Ayni shu o‘rinda – kadr yetishtirish yo‘nalishida Fanlar akademiyasiga raqobatchi kerak.
Hozir universitetni tugatgandan so‘ng yo yoshlarning o‘zi akademiyaga keladi, yoki biz ularni taklif qilamiz. Biroq ko‘p hollarda fan ichida yurgan olimlarimiz yoshlarning saviyasidan nolishadi.
Agar biz o‘zimizga o‘zimiz kadr yetishtirsak, bu muammo ham yechilishi mumkin bo‘lardi. Va mana shu o‘rinda akademiya oliy ta'lim bilan raqobatchi bo‘ladi. Bu, o‘ylaymanki, yaxshi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Olim qanday sharoitda ishlashi kerak
– Olim ta'sirchanroq bo‘ladi. Uning ishi ijodiy erkinlikdan iborat. Gohida uzoq muddatdan beri qila olmayotgan biror ishni juda tez muddatda tugatish ham mumkin, gohida esa buning teskarisi.
Shuning uchun olim erkinlikda ishlashi kerak, deb o‘ylayman.
[Olimning moddiy sharoiti juda yaxshi bo‘lishi kerak]. Uyidan chiqqanida eshigining tagida limuzin turishi kerak (kuladi).
O‘zFAda senzura yo‘qligi va O‘zbekistondagi kashfiyot uchun chet elda Nobel mukofoti olishgani haqida
– Fanlar akademiyasida ijod erkinligidan so‘z erkinligigacha senzura yo‘q. Faqat qaysidir jihatdan: keraksiz narsani gapirib qo‘ymaslik uchun ma'lum talab – senzura qo‘yilishi mumkin.
Aytaylik, qaysidir masala hal qilinayotgan yoki ustida bosh qotirilayotgan paytda u haqida gapirib o‘tirish kerak bo‘lmasligi mumkin.
Faqat ilmiy senzura mavjud bo‘lib, ilmiy ishni ochiq chop etish mumkin yoki yo‘qligini baholab beruvchi ekspert xulosasi olinishi talab etiladi.
Bu narsani qo‘llab-quvvatlayman: ilmiy ish salohiyatini baholashda ekspert xulosasi juda yaxshi yordam beradi.
Chunki bizda ilmiy ishlanmaning ahamiyatini yetarlicha baholay olmaslik tufayli muvaffaqiyatdan bebahra qolgan ishlar ham bo‘lgan.
Bizda ham yaxshi ishlanmalar va yutuqlar bor. Lekin uning ahamiyatini baholashga kelganda qiynalamiz.
Javobim oxirida aytishim mumkinki, bizda senzura emas, «o‘zbekchilik» bor, xolos.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuridddin Nursaidov.
Mavzuga oid
09:18 / 27.11.2024
Kimyogarlar terini quyoshdan himoya qilishning yangi usulini topdi
16:56 / 11.11.2024
Toshkentlik o‘qituvchi olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashgan o‘quvchilari uchun 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
12:04 / 05.08.2024
“Kimyo hayotimizdagi jarayonlarni chuqurroq o‘rgatadi” – Xalqaro Olimpiada sovrindorlari bilan suhbat
15:47 / 06.10.2021