Kimyogarlar terini quyoshdan himoya qilishning yangi usulini topdi
Yangi usulda inson terisining yuqori qatlamida mavjud bo‘lgan moddadan foydalaniladi. Bu modda uzoq vaqt olimlar uchun jumboq bo‘lib kelgan.
Amsterdam va Uorik universitetlari tadqiqotchilari urokanik kislota hamda uning hosilalarini quyoshdan himoyalovchi filtrlarning yangi turkumi sifatida qo‘llashni taklif qildi. Bu tabiiy modda terida mavjud bo‘lib, ultrabinafsha nurlarni yutadi. Taklifni amalga oshirish muhim, chunki hozirda ishlatilayotgan sintetik mahsulotlar sog‘liq va tabiat uchun zararli, deb xabar berdi Phys.org.
Tabiiy himoyalovchi modda terining yuqori qatlamlarida joylashgan. U UVA va UVB nurlanishlarning har ikkalasini ham neytrallashtiradi. Biroq uning quyoshdan himoya qilish koeffitsienti (SPF) atigi 1,58 ni tashkil etadi — bu sintetik moddalarga nisbatan ancha past ko‘rsatkich. Bundan tashqari, ultrabinafsha nurlar ta’sirida urokanin kislota molekulasi immunitetiga zarar yetkazadigan fotokimyoviy o‘zgarishlarga uchraydi.
Ushbu komponentni kosmetikada ishlatib bo‘lmaydi, deb o‘ylash mumkin. Biroq olimlar unda katta potensial borligini ishonch bilan aytmoqda. Guruh urokanin kislotasining ham molekulalarda, ham eritmalarda yorug‘likni yutish, “quyoshni to‘sish” xususiyatlarini o‘rganib chiqdi. Avvaliga ular izolyatsiyalangan molekulalarning lazer spektroskopiyasini o‘tkazib, uni kvant-kimyoviy hisob-kitoblar bilan to‘ldirdi. Bu tahlil moddaning ultrabinafsha nur bilan qanday ta’sirlashishini va molekulani o‘zgartirish orqali buni qay tarzda optimallashtirishni tushunishga imkon berdi.
Moddalarning real sharoitga yaqin holatlardagi xatti-harakatlarini o‘rganish maqsadida, jamoa organik erituvchilar va suvli eritmalarda tadqiqot o‘tkazdi. Ular femtosekunddan soatlargacha vaqt oralig‘ida 18 ta jarayonni o‘z ichiga olgan yuqori aniqlikdagi spektroskopiya usulini qo‘lladi. Ma’lum bo‘lishicha, fotokimyoviy va fotofizik xususiyatlarni nafaqat molekulalarni o‘zgartirish orqali, balki qo‘llanadigan erituvchilar yordamida ham sozlash mumkin.
Bundan tashqari, olimlar “toza” urokanin kislotasining immunitetga salbiy ta’sirini kamaytiradigan barqaror hosilalarni ham aniqladi. Bu quyoshdan himoyalovchi vositalarning potensial tarkiblarini takomillashtirishga yo‘l ochadi. Olimlarning fikricha, ushbu modda sog‘liq va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sintetik filtrlar o‘rnini bosishi mumkin.
Mavzuga oid
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
10:50 / 04.12.2024
Olimlar spirtdan yonilg‘i oladigan mini-robotlarni ixtiro qildi
18:17 / 23.11.2024
Yaponiyada odamlarni yuvintiradigan kir mashinasi ixtiro qilindi
16:56 / 11.11.2024