Sport | 23:36 / 09.03.2020
16387
7 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi APL atmosferasi, viloyat hokimlarining muxlisligi, eng chiroyli gol. Superliga 2-tur sarhisobi

Yakunlangan haftaning so‘nggi uch kuni davomida Superliga 2-tur bahslari o‘tkazildi. Mamlakatimizning yettita stadionida kechgan uchrashuvlar yakunida Tribuna.uz sayti tur sarhisobini taqdim etadi.

Tur o‘yini: «Navbahor» - «Lokomotiv»

1-turda «Paxtakor»ga qarshi o‘yindagi tortishuvli vaziyatlardan keyin 2-turdagi «Navbahor» - «Lokomotiv» bahsi tur uchrashuviga aylanishi aniq edi. Namangandagi ochilish marosimiga ulangan to‘qnashuv kutilgan shiddat va ayniqsa ajoyib futbol atmosferasini taqdim etdi. Muxlislar bilan to‘lib-toshgan arenadagi o‘yinda mezbonlar 2:0 hisobida zafar quchib, Namangan ahliga alamli mag‘lubiyatdan keyin quvonch hadya etishdi.

Tur qahramoni: Dragan Cheran

O‘tgan mavsum Superligada eng yaxshi bo‘lgan «Paxtakor» goleadori Dragan Cheran to‘purarlik sari yurishni ikkinchi o‘yindan boshladi. Serbiyalik 32 yoshli hujumchi «Buxoro»ga qarshi oson kechmagan bahsda amaldagi chempion jamoa joniga oro bo‘ldi. 65 daqiqa davomida buxoroliklar darvozasini ishg‘ol eta olmagan Cheran, keyingi 20 daqiqa (65, 81, 85) davomida het-trik qayd etdi. Bu esa uning tur qahramoni sifatida e'tirof etilishiga zamin hozirladi.

Tur muxlislari: Namanganda yana mavsum rekordimi?

Superliga-2019da muxlislar tashrifi borasida rekord qayd etilgan bahs Namanganda o‘tib, «Navbahor» - «So‘g‘diyona» uchrashuvida 25 727 tomoshabin tashrif buyurgandi. Bu safar ham mavsum rekordini Namangan o‘zida saqlab qolsa ajabmas. Zero, bu yilgi ochilish marosimida ham «Navbahor» - «Lokomotiv» (2:0) o‘yinida 25 328 tomoshabin tashrif buyurdi.

«Markaziy» stadiondagi anshlagda namanganlik muxlislar jamoa bilan birga o‘yindan keyin “islandcha qarsak”ni islandiyalik ishqibozlar ham havas qiladigan darajada ko‘rsata olishdi. Butun o‘yingohning bunday qo‘llab-quvvatlashi ijtimoiy tarmoqlar, OAVda ham faqat qarsaklarga sabab bo‘ldi. Shunchaki “super”.

Tur fakti: 5 kun ichida ikki klubga rahbar bo‘lgan Hasan Ro‘ziyev

Superliga 1-turi doirasida 1 mart kuni o‘tkazilgan «Surxon» - «Bunyodkor» (1:3) uchrashuvida Termiz klubi direktori sifatida qaydnomadan o‘rin olgan sobiq hakam Hasan Ro‘ziyev, 5 mart kuni Navoiyning «Qizilqum» klubi prezidenti lavozimida ish boshladi. Qizig‘i, 7 mart kuni «Qizilqum» - «Surxon» o‘yinida yangi klubini sobiq jamoasiga qarshi ruhlantirgan Ro‘ziyevning rahbar sifatidagi ikkinchi debyuti ham omadli chiqmadi.

Tur voqeasi: Viloyat hokimlari stadionda

Futbolga “siyosat darajasidagi” e'tiborni viloyat hokimlarining stadiondagi tashriflarida ko‘rish mumkin. Xususan, «Navbahor» - «Lokomotiv» (2:0) bahsi ochilish marosimida O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Qayd etish joiz, Namangan klubining ashaddiy muxlislaridan biri sanalmish ushbu viloyat hokimining klub rivojiga qo‘shayotgan hissasi ulkan. Aynan Xayrullo Hayitboyevichning sa'y-harakati evaziga Namangan futboli yana bugungi darajasiga ko‘tarildi.

Qarshida o‘tgan «Nasaf» - «Andijon» (2:1) o‘yinida ham viloyat hokimi ochilish marosimida ishtirok etdi. E'tiborlisi, Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘yin davomida vohalik muxlislar bilan birga tribunadan turib jamoani qo‘llab-quvvatlab turdi. Irodali g‘alaba bilan yakunlangan o‘yin yakunida esa gol urgan futbolchilar Bobur Abduxoliqov va Sharof Muhitdinovning onalariga 8 mart bayrami munosabati bilan kir yuvish mashinalarini sovg‘a qildi.

Tur xatosi: «Paxtakor»ning 1-goli

«Buxoro» Toshkentda «Paxtakor» jamoasiga qarshi bir soatdan ortiq vaqt davomida munosib qarshilik ko‘rsata oldi. Ammo 65-daqaqada Dostonbek Hamdamov tomonidan uzatilgan to‘pni Dragan Cheran buxorolik himoyachiga nisbatan o‘yin qoidasini buzgan holda hisobni ochdi. Cheranning qo‘polligini esa bosh hakam Firdavs Norsafarov e'tiborsiz qoldirdi. Oxir-oqibat buxoroliklar yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdi.

Tur e'tirofi: OKMK futbolchilari

Jizzaxdagi ochilish marosimi «So‘g‘diyona» - OKMK (1:1) o‘yiniga to‘g‘ri keldi. O‘yin oldi 5 daqiqalik rasmiy tadbirlar vaqtida noqulay ob-havoga qaramay, futbolchilar bilan birga chiqqan yosh bolalar shamollab qolmasliklari uchun OKMKning uch futbolchisi - Igor Zonich, Sardor Rahmonov va Arslonmirat Amanovlar egnidagi qalinroq liboslarini yosh bolalarga kiydirishdi. E'tiborga arzimas holatdir, ammo bu izzat-ikrom e'tirofga arziydi.

Tur iqtibosi: «Namangan stadionidagi atmosfera menga APLdagi faoliyatimni eslatdi»

«Navbahor» bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisga ko‘ra, Namangandagi anshlag, futbol atmosferasi unga APLni eslatgan. Ma'lumot uchun, u o‘z vaqtida Angliya Premer-ligasida «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilgan.

Turning eng chiroyli goli: Jasur Jaloliddinovdan ajoyib zarba

«Bunyodkor» - «Mash'al» (1:0) o‘yinida “qaldirg‘ochlar”ning 17 yoshli yarimhimoyachisi Jasur Jaloliddinov 2-turning eng chiroyli goli muallifiga aylandi. U jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan «Mash'al» posbonini ojiz qoldirdi va jamoasiga muhim g‘alabani keltirdi.

Tur ramziy jamoasi

Superliga 2-turi yakunlariga ko‘ra, quyidagi futbolchilar Tribuna.uz talqiniga binoan tur ramziy jamoasidan o‘rin olishdi.

Darvozabon: O‘tkir Yusupov («Navbahor»)

Himoyachilar: Igor Golban («Navbahor»), Igor Zonich (OKMK), Elyor Oripov («So‘g‘diyona»), Stanislav Andreyev («Metallurg»)

Yarimhimoyachilar: Azim Ahmedov («Navbahor»), Jasur Jaloliddinov («Bunyodkor»), Sherzod Karimov («Surxon»), Sharof Muhitdinov («Nasaf»)

Hujumchilar: Dragan Cheran («Paxtakor»), Aleksandr Kasyan («Surxon»)

Superliga 2-turidan keyin turnir jadvali:

Usmon Ibodov tayyorladi.

Mavzuga oid