O‘zbekiston | 09:26 / 15.03.2020
20362
15 daqiqa o‘qiladi

Biologik dehqonchilik va uning O‘zbekistondagi istiqboli qanday - mutaxassis fikri

Foto: KUN.UZ

O‘zFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi, mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda biologik dehqonchilik ahamiyati haqida gapirib, bu borada o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. Olimning qarashlariga ko‘ra, biologik dehqonchilikka o‘tish uchun qator sabablar bor va bugungi kunda dolzarb bo‘lib turibdi.

«Qishloq xo‘jalik ekinlarini zararli mikroorganizmlardan himoya qilishning kimyoviy yechimi yo‘q»

Biologik dehqonchilik nima?

Biologik dehqonchilik noan'anaviy dehqonchilik hisoblanib, unda ayrim organizmlar, jumladan, mikroorganizmlarning biologik xususiyatlari va ular hosil qiladigan tabiiy birikmalarni dehqonchilikda qo‘llash tushuniladi.

Mikroorganizmlar juda ko‘plab xususiyatlarga ega. Jumladan, o‘simliklarni eng muhim hisoblangan azot yoki fosfor bilan ta'minlash qobiliyati mavjud. O‘simlik ildizlarida havodagi molekulyar azotni biologik azot (bioazot)ga aylantirib bera oladigan juda ko‘plab bakteriyalar yashaydi. Ular umumiy nom bilan azot o‘zlashtiruvchi bakteriyalar deb nomlanadi. Tuproqda bu bakteriyalar qanchalik ko‘p bo‘lsa tuproq shunchalik unumdor, hosildorlik shunchalik yuqori bo‘ladi.

Xorijda bu bakteriyalar asosida tayyorlangan ko‘plab bioo‘g‘itlar keng qo‘llaniladi. Masalan, Hindiston, Pokiston, Xitoy, AQSh yoki Yevropa davlatlarida azot o‘zlashtiruvchi bakteriyalar asosidagi bioo‘g‘itlar uzoq yillardan beri ishlatiladi. Birgina Xitoy tajribasini olaylik. Xitoyning ayrim hududlarida paxtadan gektariga o‘rtacha 70-80 sentner hosil olinadi. Sabablariga to‘xtalsak, birinchidan, zich ekiladi, ikkinchidan, mineral o‘g‘itlar bilan bir qatorda bioo‘g‘itlar ko‘p qo‘llaniladi.

Paxta yetishtiradigan AQSh, Misr yoki Avstraliyada ham bioo‘g‘itlar mineral o‘g‘itlar bilan birgalikda qo‘llaniladi. Bangladesh, Hindiston yoki Vetnamda fermerlar faqat bioo‘g‘itlar yordamida hosil olishlari ma'lum.

Biologik o‘g‘itlarning afzal tomoni – ularning o‘ta arzonligi, ekologik muqobilligi va tez ta'sir etishidir. Bundan tashqari, bioo‘g‘itlar mineral o‘g‘itlarning o‘simlikka tez singishi yoki o‘zlashishiga katta yordam beradi. Tajribadan ma'lum, NPKning 10-15 foiz me'yori va bioo‘g‘it suspenziyasi yordamida bug‘doy yoki paxtadan an'anaviy usulga qaraganda ikki marta ko‘p hosil olish mumkin.

Bioo‘g‘itlarning yana bir afzal tomoni – ular tuproqlarning biologik potensiali va holatini tiklaydi. Buning sababi oddiy: asosan, tuproq tarkibidagi foydali mikroorganizmlardan tayyorlanadi. Xuddi o‘sha mikroorganizmning bir hujayrasi milliard martagacha ko‘paytirilib, tuproqning o‘ziga qaytariladi. Tushunish uchun birgina misol keltirish mumkin. Aytaylik, tuproqda azot o‘zlashtiruvchi bitta hujayra bor. O‘sha hujayra bir molekula azotni olib o‘simlikka beradi. Biz esa xuddi o‘sha hujayrani milliard marta ko‘paytirib tuproqqa qaytaramiz. Demak, havodan milliard molekula azot o‘zlashib biologik azotga aylanadi va o‘simlikka yetkaziladi.

«Qishloq xo‘jaligimizda haligacha mikroorganizmlar samarasi anglab yetilgani yo‘q»

Qishloq xo‘jaligimiz haligacha o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishida mikroorganizmlarning o‘rnini to‘liq anglab yetgani yo‘q. Biz faqat o‘simlik-tuproq tizimini ko‘ramiz. Xorij qishloq xo‘jaligi esa o‘simlik-mikroorganizm-tuproq tizimini yo‘lga qo‘yishni birinchi masala deb biladi.

Sababi aksariyat ozuqa moddalar va tabiiy birikmalar tuproqdan o‘simlikka aynan mikroorganizmlar orqali yoki ularning hayot faoliyati tufayli o‘simlikka yetkaziladi. Mikroorganizm va o‘simlik bir butunlikda ishlaydi, yashaydi. Tuproq mikroorganizmlari o‘simlik ildizlarida yashaydi. Bir so‘z bilan aytilsa, o‘simlik mikroorganizmga makon, vatan hisoblanadi.

Mikrobiologiyada bir jarayon bor – xemotaksis. Bu degani, mikroorganizmlar organik birikmalar tomon harakatlanadi. O‘simlik ildizlari bunday birikmalarga boy. Tabiiyki, tuproq mikroorganizmlari ildiz tomon harakatlanadi va ildizda yashay boshlaydi. Ular o‘simlikning uzoq vaqt yashashidan manfaatdor hisoblanadi. Shu bois, o‘simlik uchun kerakli barcha birikmalarni yetkazib beradi.

Bu o‘ziga xos mo‘jizali jarayon. O‘simlikka azot yetishmasa o‘ziga xos usulda signal uzatadi va azot o‘zlashtiruvchi bakteriyalar ishga tushadi. Birorta zamburug‘ o‘simlikka tushib kasallantirsa, yana belgi beradi, yana foydali mikroorganizmlar ishga tushib, o‘sha zamburug‘ga qarshi antibiotik yoki antifungal birikmalar hosil qilib, o‘simlikni davolaydi. Fosfor yetishmasa ham shu jarayon... Qo‘yingki, o‘simlik ko‘p muammolarini aynan mikroorganizmlar, xususan, foydali bakteriyalar yordamida hal qiladi. Bioo‘g‘itlarning mohiyati va ishlash usuli ham aynan shu jarayonlarning inson qo‘li bilan yaratilgan variantidir.

Foydali bakteriyalarning shu xususiyatlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan quyidagi turdagi bioo‘g‘itlarni ko‘rsatishimiz mumkin.

Bioazot

O‘simlikning o‘sishi va rivojlanishida eng muhim kimyoviy omil - bu azot. Qishloq xo‘jaligida azot turli shakllarda qo‘llaniladi: ham kimyoviy, ham biologik. Xorij tajribasida mineral azot o‘rnini bosadigan, biologik azot hosil qiluvchi bakteriyalar va ularning noyob birikmalaridan keng foydalaniladi. Bunday bakteriyalar sirasiga Azotobacter, Azospirillum, Rhizobium, Nostoc, Anabaena turkumiga kiruvchi turlarni kiritish mumkin. Bu bakteriyalarning barchasi qishloq xo‘jaligida keng qo‘llaniladi va ular asosida turli bioo‘g‘itlar tayyorlangan.

Ushbu bakteriyalarning afzal tomoni shundaki, mineral azotning o‘rnini to‘la bosadi, tuproq unumdorligini oshiradi va o‘simlikning rivojlanishini 7-14 kunga tezlashtiradi. Aslida, ular qancha ko‘p bo‘lsa tuproqning ball boniteti shunchalik yuqori bo‘ladi. O‘zbekiston sharoitida Azotobacter chroococcum bakteriya turini tadqiq etib, uning asosida qator bioo‘g‘itlar yaratganmiz.

Biofosfor

Bakteriyalarning yana o‘ziga xos xususiyatlaridan biri tuproqlarda erimay (o‘simliklarga o‘zlashmay) qolgan fosforli o‘g‘itlarni “eritib”, o‘simliklar oson o‘zlashtiradigan shakllarga aylantiradi. Natijada, o‘simlikning fosforga bo‘lgan talabi biologik yo‘l bilan qondiriladi. Nima uchun erimaydigan fosfor? Sababi, qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan fosforli o‘g‘itlar yaxshi erimaydi, demak, o‘g‘itlar tarkibidagi fosfor o‘simlikka o‘zlashmaydi.

Fosfor o‘simlik rivojlanishidagi ikkinchi muhim kimyoviy omil hisoblanadi. Azot bo‘lsa-yu fosfor yetishmasa ham ko‘zlangan hosil bo‘lmasligi ilmiy tasdiqlangan haqiqat. Tuproqlarda erimaydigan fosforli o‘g‘itlarni oson o‘zlashuvchan shakllarga o‘tkaza oladigan bakteriya turlaridan foydalanish tuproq unumdorligi va hosildorlikni bir necha baravar oshirishi mumkin.

Biofungitsid

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida eng og‘riqli masala ekinlarda turli kasalliklarning keskin avj olib ketgani hisoblanadi. Qaysi ekin turini olmang, unda, albatta, virusli yoki zamburug‘li kasallik bor. Ko‘p ekiladigan g‘o‘za yoki bug‘doyning o‘zida qancha kasallik! Masalan, g‘o‘zaning Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum, Verticillium dahliae va Fusarium solani kabi patogen zamburug‘lar bilan kasallanishi natijasida chigit qadalib chin barg hosil qilguniga qadar qurib qolyapti.

Mana shu uch turdagi kasallik sabab katta maydonlarda chigit qaytadan ekilmoqda. Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum bargda, Verticillium dahliae poya to‘qimalarida, Fusarium solani ildiz bo‘g‘zida rivojlanib, g‘o‘zani ikki barg chiqarishiga ulgurmay nobud qilmoqda. Afsuski, biz bu zamburug‘larning qaysi turga mansubligi, fiziologiyasi va boshqa tabiiy xususiyatlarini o‘rganmay agroximikatlarni qo‘llaymiz. O‘sha agroximikat to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, farqiga bormaymiz. Bu kasallik, ayniqsa, Buxoro viloyatining qator tumanlari, jumladan, Olot, Jondor, Romitan kabi tumanlarida juda avj olib ketgan.

Yana bir paradoks. Bu zamburug‘larga qarshi turli fungitsidlarni qo‘llayapmiz. Lekin hozir bu zamburug‘larning, ayniqsa, Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum’ning shunaqa populyatsiyalari (avlodlari) hosil bo‘lganki, ular fungitsidlar tarkibidagi ta'sir etuvchi moddani parchalay olish xususiyatiga ega.

Oldingi chiqishlarimda ham aytganman. Ilmiy-tadqiqot ishlarimizda ham kuzatganmiz, mikroorganizmlar pestitsidlarni parchalay olishi isbotlangan. Biz qanchalik fungitsidni ko‘p ishlataversak, bu zamburug‘larning moslashuvchanligi va agressivligi (o‘simlikka nisbatan tajovuzkorligi) shunchalik ortib boraveradi.

Ikkinchi muhim jihat. Kasallik keltirib chiqaruvchi patogen zamburug‘larning aksariyati (bug‘doy zangidan boshqa) tuproqlarda spora holatida saqlanadi. Biz tuproqni zamburug‘lardan tozalash o‘rniga, o‘simlikka “ilashib” chiqqan qismiga qarshi kurashamiz. Bu o‘ta noto‘g‘ri strategiya. Qandaydir chora-tadbirlar ko‘rib hosilning qanchadir qismini saqlab qolarmiz, lekin potensial xavf tuproqda qolaveradi. Xavfning o‘zini yo‘qotmas ekanmiz, keyingi mavsumlarning hosilini yo‘qotaveramiz.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Nega qishloq xo‘jaligida patogen mikroorganizmlar – kasalliklar ko‘payib ketdi? Biz qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlarni haddan tashqari ko‘p ishlatishimiz natijasida, aynan foydali bakteriyalar uchun tuproqlarda sun'iy stress holatini yaratdik. Nega aynan bakteriyalar uchun? Nega zamburug‘lar uchun emas? Buni bakteriyalar va zamburug‘larning hujayra tuzilishi asosida tushuntirish mumkin.

Bakteriyalar prokariotlar hisoblanadi, ya'ni ularning hujayrasi sodda tuzilgan, hujayra devori unchalik mustahkam emas. Zamburug‘lar esa, prokariotlar, bakteriyalarga qaraganda ancha murakkab tuzilishga, demak, himoya tizimiga ega. Mineral o‘g‘itlar, aslida, sho‘rlangan tuproqlardagi sho‘rga o‘xshab, tuz! Ular ham suvda eriganda sho‘r stressini hosil qilishi mumkin.

Aynan mana shu holat natijasida tuproqlarda bakteriyalar kamayib, zamburug‘lar ko‘payib ketgan, deyish mumkin. Bakteriyalarning tabiatdagi yana bir vazifasi – biologik nazorat edi. Ular patogen zamburug‘larning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymasdi. Almashlab ekishni eslang. Nega shu usul qo‘llanardi? Birinchidan, azot o‘zlashtiruvchi bakteriyalarni ko‘paytirish orqali tuproq unumdorligini oshirish, so‘ng ko‘paygan bakteriyalar yordamida kasalliklarni kamaytirish. Mana shu omillar hisobiga, qishloq xo‘jaligida zamburug‘ tabiatli kasalliklar juda ko‘payib ketdi. Virusli kasalliklar haqida ham shunday fikr bildirish mumkin.

Fitopatogen mikroorganizmlarga qarshi kurashning biologik yechimi bor. O‘sha zamburug‘lar, aytaylik, Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum, Verticillium dahliae yoki Fusarium solani’ning tabiiy kushandalari – antagonistlari bo‘lgan bakteriyalar mavjud. Masalan, Bacillus subtilis turiga mansub bakteriyani olaylik. Bu bakteriya aksariyat zamburug‘larning tabiiy kushandasi hisoblanadi va shu bakteriya shtammlari asosida ko‘plab biopreparatlar taklif etilgan.

Bunday biopreparatlarning qo‘llanishi qishloq xo‘jaligida fungitsidlar sarfini keskin kamaytiradi, rentabellikni oshiradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, qishloq xo‘jaligida rentabellikni keskin oshirishda biologik dehqonchilik katta yordam berishi isbotlangan.

Qishloq xo‘jalik ekinlarini zararli mikroorganizmlardan himoya qilishning kimyoviy yechimi yo‘q! Yana eng yomoni – bu zamburug‘lar yerdagi o‘simliklardan daraxtlarga ko‘cha boshladi. Birinchi qavatdan ikkinchi qavatga migratsiya boshlandi. Natijada, ko‘p bog‘lar qurib, buzib tashlandi. Bunday sharoitda agressiv mikroorganizmlarga ularning tabiiy kushandalari bilan qarshi kurash yordamida muammoni yechish mumkin. Achinarlisi shundaki, qishloq xo‘jalik xodimlarining aksariyati kimyoviy usulni yoqlaydi va qo‘llanayotgan agroximikatlarning miqdorini yildan yilga oshirishni taklif etadi.

Bioinsektitsid — qishloq xo‘jaligida kimyoviy vositalar o‘rnida qo‘llash mumkin

Turli hasharotlar bilan qishloq xo‘jalik ekinlari va hosilning nobud bo‘lishi dolzarb muammolardan hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, hasharotlarga qarshi kurash uchun turli-tuman agroximikatlar qo‘llaniladi. Lekin hasharotlarning ham tabiiy kushandasi bor – Bacillus thuriengensis bakteriyasi. Bu bakteriya turi hasharotlarning tabiiy qalqoni – xitinni teshish yoki ularga zararli ta'sir etuvchi moddalar – toksinlar hosil qilish xususiyatiga ega. Bacillus thuriengensis bakteriyasi asosida biopreparatlar taklif etilgan. Ulardan qishloq xo‘jaligida kimyoviy vositalar o‘rnida qo‘llash mumkin.

Qishloq xo‘jaligida biologik dehqonchilik ishlarini qo‘llash, birinchidan, daromadning oshishiga katta yordam beradi. Chunki qimmat mineral o‘g‘itlar, stimulyatorlar o‘rniga arzon biologik o‘g‘itlar yoki biostimulyatorlardan foydalanish mumkin. Ikkinchidan, ekologik toza. Qishloq xo‘jaligida qo‘llanayotgan mineral o‘g‘itlar va agroximikatlar ro‘yxatiga bir qarasak, tasavvurimiz yana kengayadi.

Biologik dehqonchilikka hozir hukumat darajasida e'tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ilmiy ishlanmalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ana shunday ishlanmalarimizdan biri “Bioazot” bioo‘g‘itini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3855-sonli Qaroriga muvofiq ishlab chiqarish boshlandi.

Kelajakda bizda ham biologik dehqonchilikka o‘tilishiga shubham yo‘q. Sababi, iqtisodiy va ekologik sharoitlar bizni shunga majbur qilmoqda.

Mavzuga oid